O‘z-o‘zini yakkalash rejimida bir oila a’zolari uchun COVID-19’ni yuqtirib olish xavfi ular jamoat transportidan foydalanadigan holatdan ko‘ra ancha yuqori. Bu haqda xitoylik olimlar tadqiqotida aytiladi, deb yozadi “RBK”.
Olimlar Xitoyning Xunan provinsiyasidagi 1178 nafar bemor haqidagi ma’lumotlarni tahlil qilib chiqdi. U 2019-yil oxirida koronavirus tarqalish o‘chog‘iga aylangan Uxan shahri ma’muriy markazi bo‘lgan Xubey provinsiyasi bilan chegaradoshdir.
Kasallikni yuqtirish xavfi eng past bo‘lgan joy himoya choralari qo‘llaniluvchi tibbiy muassasalar bo‘lib chiqdi. Kontaktlarning qanchalik yaqinligiga qarab xavf darajasi o‘sib boradi. Xavf jamoat transportida, umumiy ovqatlanish muassasalarida va ko‘ngilochar joylarda pastroq bo‘lgan bo‘lsa, qarindoshlarning keng doirasi bilan muloqotda yuqoriroq bo‘lib chiqdi.
Koronavirusni yuqtirib olish xavfi bitta joyda yashaydigan oilada eng yuqoriligi ma’lum bo‘ldi. Bunga, ehtimol, o‘z-o‘zini yakkalash chog‘ida ular bir-biri bilan ko‘proq muloqot qilishi sabab bo‘lgan, degan fikrda olimlar.
A’zolaridan biri COVID-19’ga chalingan oila qancha uzoq vaqt bir joyda bo‘lsa, yuqtirib olish xavfi shunchalik yuqori bo‘ladi. Kasallangan odam bilan bir uyda o‘tkazilgan har bir kun virusni yuqtirish ehtimolini 10 foizga oshiradi, deyiladi tadqiqotda.
Izoh (0)