“Yuventus” Chempionlar Ligasi 4-turida “Ferensvarosh” bilan bahs yuritdi. Turinda bo‘lib o‘tgan o‘yin 2:1 hisobida mezbonlarning g‘alabasi bilan tugadi.
“Yuventus”ning asosiy tarkibidan birorta ham italiyalik himoyachi yoki darvozabon o‘rin olmadi. Bunaqasi klubning 123 yillik tarixida ilk bor kuzatildi, deya xabar qilmoqda Football Italia. Shu bilan birga butun o‘yin davomida bu chiziqlarda italiyalik o‘yinchi harakat qilmadi.
Bunga qadar “Yuventus” 4371 ta o‘yin o‘tkazgan va ularning barchasida hech bo‘lmaganda bir nafar italiyalik himoyachi yoki darvozabon asosiy tarkibda maydonga tushgan.
Bunday holat himoyachilar Leonardo Bonuchchi va Jorjio Kyellinining jarohati sabab yuzaga keldi. Bundan tashqari, turinliklar ustozi Andrea Pirlo asosiy tarkibda Janluiji Buffonga emas polshalik darvozabon Voytseh Shensniga ishonch bildirdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)