Buyuk Britaniya shimoli-g‘arbida joylashgan Cheshir grafligi politsiyasi Lyusi Letbi ismli hamshirani sakkiz nafar chaqaloqni o‘ldirish va 10 nafar yangi tug‘ilgan chaqaloq hayotiga suiqasd uyushtirish ayblovi bilan qo‘lga oldi. Bu haqda idora bayonotiga tayanib, “RBK” xabar berdi.
Huquq-tartibot organlarining ma’lumotlariga ko‘ra, 30 yoshli Letbi Countess of Chester Hospital kasalxonasining neonatal bo‘linmasida ishlagan. Tergov versiyasiga ko‘ra, ayblanuvchi 2015-yilning iyunidan 2016-yil iyuniga qadar amalga oshirilgan qotilliklarga aloqador bo‘lishi mumkin. Politsiya ayolni hibsga olgan.
Ayblanuvchi 12-noyabr kuni sudda javob beradi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Lyusi Letbi 2018-yilning 3-iyulida kasalxonaning neonatal bo‘linmasidagi 17 nafar bolaning o‘limi doirasida o‘tkazilgan tergovlar sabab qo‘lga olingan. Unga ayblov e’lon qilingan va garov evaziga qo‘yib yuborilgan. Ma’lum qilinishicha, hamshira tergov bilan hamkorlik qilgan. Keyinroq Cheshir grafligi politsiyasi hamshiraga yana uch nafar bolaning o‘limi yuzasidan ayblov e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yili Italiyada hamshira 39 nafar bemorni o‘ldirishda gumon qilinib, qo‘lga olingandi. Ta’kidlanishicha, hamshira o‘zining g‘ashini keltirgan qariyalarni o‘ldirgan.
Izoh (0)