1880-yil 11-noyabrda tarixdagi birinchi boykot e’lon qilindi. Bugun har qanday masala va jabhada “boykot” so‘zining qo‘llanilayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Parlament fraksiyalari ovoz berishni boykot qilmoqda, antiglobalistlar McDonald’sni boykot qilishga chaqirmoqda, ba’zida turli jamoalar ichida boykot e’lon qilishyapti. Boykot “dunyoga kelgan” kun munosabati bilan “Daryo” atama tarixi haqida hikoya qiladi.
Boykotning “tug‘ilishi”
Bugun deyarli barchamiz boykot so‘zidan foydalanamiz. Uning ma’nosi ham bizga yaxshi tanish. Atama qanday kelib chiqqani haqida ma’lumotga egamizmi? Boykot XIX asrda yashagan ingliz mulkdorlaridan birining ismidan boshqa narsa emas.Nafaqaga chiqqanidan so‘ng ingliz armiyasi kapitani Charlz Kanningem Boykot o‘zining Irlandiyadagi mulkini boshqarishga kirishdi. 1880-yilda hosilning yaxshi bo‘lmagani va buning ortidan sobiq kapitanning yerida ishlovchilarning ahvoli og‘irlashib qolganiga qaramay, u ijarachilardan o‘ziga tegishli bo‘lgan pulni darhol to‘lashni talab qildi, aks holda barcha mol-mulklarni dehqonlardan tortib olish bilan ularni qo‘rqitdi.
O‘sha yili hosil kam bo‘lgani sababli, yer egasi Lord Erna o‘z ijarachilariga ijara haqlarini 10 foizga kamaytirishni taklif qildi. Bunga norozilik bildirgan ijarachilar 25 foizlik chegirmani talab qildi, Lord esa buni rad etdi. Natijada Boykot o‘n bitta ijarachini yerdan haydab chiqarishga urindi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay hech qanday murosaga kelinmagach, ijarachilar o‘z uchastkalaridan haydab chiqarildi. Bunga javoban ular havas qilsa arzigulik birdamlik ko‘rsatdi.
11-noyabrda haydab chiqarilgan dehqonlar bir ovozdan norozilik aksiyasini boshlaydi, uning mohiyatini va shartlarini norozilik harakati ishtirokchilaridan biri Charlz Parnel shunday tavsiflaydi: “Kimda kim dehqonlar chiqarib yuborilgan hududlarni ijaraga olsa, u bilan bir joyda – katta yo‘lda, shahar ko‘chalarida, do‘konda, yarmarkada, bozorda va hatto ibodatxonada ham – uchrashib qolishdan qochishga harakat qiling. Bir paytlar moxovlar bilan bo‘lganidek, uni qattiq yolg‘izlikka mahkum etish orqali siz unga qilgan jinoyati sizni qanday g‘azablantirayotgani va undan jirkanishga undayotganini ko‘rsatishingiz kerak. Butun Irlandiya bo‘ylab oddiy aholi ushbu tizimga amal qilsa, siz o‘z yashash hududingizda jamoatchilik fikriga zid keladigan va sizning axloq kodeksingizni buzadigan qarorlar qabul qiladigan, o‘z manfaatlari bilan mast bo‘lgan odamlarning yo‘qligini ta’minlaysiz!”
Ushbu kampaniyaning birinchi qurboni Charlz Boykot edi. Qilgan ishi ortidan uning oilasi qo‘shnilaridan butunlay ajralib, o‘zi esa ayanchli qashshoqlikka tushib qoldi. Ko‘rib turganingizdek, ushbu muvaffaqiyatsiz kapitanning familiyasi mashhur atamaga aylandi, “boykot” so‘zi esa dunyoning ko‘pgina tillariga, shu jumladan, o‘zbek tiliga ham kirib keldi.
Charlz Boykot kim edi?
Kapitan Charlz Kanningem Boykot (1832-yil 12-mart – 1897-yil 19-iyun) Norfolkda tug‘ilgan edi. Irlandiyada Charlz Boykot Meyo okrugidagi katta yer egasi lord Erna qo‘lida boshqaruvchi bo‘lib ishladi. Dehqonlarga nisbatan qilgan nohaq harakatlari uning o‘z nomi bilan yuritiluvchi harakatning vujudga kelishiga sabab bo‘ldi. Qo‘shnilar u bilan gaplashishni to‘xtatdi, do‘konlar unga xizmat qilishdan bosh tortdi, hatto cherkovda odamlar uning yonida o‘tirmasdi va u bilan gaplashmasdi.Boykotga qarshi kampaniya ingliz matbuotida o‘z saks-sadosini topdi, markaziy gazetalar g‘arbiy Irlandiyaga muxbirlarini yubordi. Namoyishchilarga qarshi kurashish uchun hukumat ko‘plab harakatlarni amalga oshirdi, sababi, kapitanning xatti-harakati bilan boshlangan harakat butun mamlakat bo‘ylab tarqalib ketgan edi. Hukumat noroziliklarning oldini olish maqsadida oddiy armiya polki va ming nafar irlandiyalik politsiyachilarni jalb qildi. Kapitan ushbu kampaniyaning birinchi qurboniga aylandi – qashshoqlikka tushib, 1886-yil 1-dekabrda Irlandiyani tark etdi.
Bugungi kunning “boykot”i nima?
New York Tribune muxbiri Jeyms Redpat birinchi bo‘lib xalqaro matbuotda boykot haqida yozgan edi. Atama The Times tomonidan 1880-yil noyabrda uyushgan harakat ma’nosini anglatuvchi atama sifatida ishlatildi. (Stanford, Jane, That Irishman: the Life and Times of John O‘Connor Power, pp. 95–97.) Gazeta shunday yozgan edi: “Nyu-Pallas aholisi ularni “boykot qilishga” qaror qildi va ularga oziq-ovqat yoki ichimlik yetkazib berishdan bosh tortdi”.“Boykot” atamasi bugungi kunda qanday ma’noda qo‘llaniladi? Boykot siyosiy va iqtisodiy kurash shakli bo‘lib, biron bir shaxs, tashkilot, korxona bilan aloqalarni to‘liq yoki qisman bekor qilishni, muayyan korxona mahsulotlarini sotib olishdan bosh tortishni o‘z ichiga olishi mumkin. “Boykot” so‘zi keng miqyosda mamlakatlararo aloqalarda ham ko‘rinish beradi. BMT nizomiga binoan xalqaro munosabatlarda tinchlikka raxna solmasdan (qurolli kuchlardan foydalanmasdan) boykot amalga oshirish mumkin. Bunda bir mamlakat boshqa mamlakat bilan bog‘liq har qanday munosabatlarini bekor qiladi.
Mashhur boykotlar
Dastlabki mashhur boykotlardan biri, “boykot” so‘zi fanga kirib kelishidan oldin XVIII asr oxirida Angliyada abolitsionistik harakat vakillari tomonidan amalga oshirildi. Harakat a’zolari shakarqamish va boshqa qullar mehnati orqali ishlab chiqariladigan har qanday mahsulotni iste’mol qilishdan bosh tortdi va oxir-oqibat London dunyosining katta qismini shakar bilan choy ichishdan bosh tortishga ko‘ndirishga muvaffaq bo‘ldi. Bu voqea 1833-yilda Britaniya imperiyasida qullikni bekor qilinishiga katta turtki bo‘ldi.1933-yil 1-aprelda fashistlar Germaniyasida yahudiy korxonalari va do‘konlarini ommaviy boykot qilingani davlat darajasida uyushtirilgan ilk rasmiy boykot sifatida tarixga kirdi (Stanford, Jane, That Irishman: the Life and Times of John O‘Connor Power, pp. 95–97).
Olimpiya o‘yinlarini boykot qilish ham keng tarqalgan hodisalardan biridir. Masalan, Qo‘shma Shtatlar va uning bir qator ittifoqchilari 1979-yilda Sovet qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kirgani ortidan 1980-yil Moskvada bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarini boykot qildi. Bunga javoban SSSR va sotsialistik mamlakatlarning aksariyati 1984-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarini boykot qildi.
Dilbar Ismatullayeva tayyorladi.
Izoh (0)