Rossiya harbiy-transport aviatsiyasining Il-76 samolyotlari Armanistonga yetib keldi, ular mamlakatga 400 dan ortiq Rossiya tinchlikparvarlarini olib keldi, deb yozadi “RBK” Rossiya mudofaa vazirligiga tayanib.
“Ayni paytda bortida Rossiya tinchlikparvar kuchlari qo‘mondonligi ofitserlari va 15-tinchlikparvar brigada bo‘linmalari harbiy xizmatchilari bo‘lgan harbiy transport aviatsiyasining 20 ta Il-76 samolyoti Armaniston Respublikasiga qo‘ngan”, — deyiladi muassasa xabarida.
Rossiya tinchlikparvar brigadasi harbiylari Tog‘li Qorabog‘ hududida Boku va Yerevan o‘rtasida jangovar harakatlarni to‘xtatish ustidan nazorat olib boriladigan hududga qarab yo‘l olgani xabar berildi.
“Harbiy kolonnalar 250 kilometrdan ortiq yo‘l yurib, Tog‘li Qorabog‘dagi chegara chizig‘i va Lochin yo‘lagi bo‘ylab Rossiya chegara postlarini joylashtirgan holda tinchlik kontingentini yoyishi kerak bo‘ladi”, — deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Matbuot xizmatida aniqlik kiritishlaricha, tinchlikparvarlik missiyasini bajarish uchun Tog‘li Qorabog‘ nizosi zonasiga qariyb 2 ming harbiy xizmatchi, 90 ta bronetransportyor, shuningdek, 380 ta avtomobil va maxsus texnika joylashtiriladi. Tinchlikparvar kontingent asosini Markaziy harbiy okrugning 15-alohida motoo‘qchi brigada bo‘linmalari tashkil etadi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuvlarga rioya qilinishi ustidan nazorat olib borish uchun Rossiya kuzatuv postlari Tog‘li Qorabog‘da chegaralar tutashgan chiziq bo‘ylab hamda Armaniston va Qorabog‘ni birlashtiruvchi Lochin yo‘lagi bo‘ylab joylashadi. Operatsiya qo‘mondonligi Stepanakert hududida bo‘ladi.
Avvalroq uchta harbiy-transport samolyoti nizo zonasiga 80 dan ortiq harbiy xizmatchini olib kelgan edi. Bundan oldiroq esa Armanistonga Rossiya tinchlikparvar kontingenti yetib kelgandi.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya yetakchilari 9-noyabr kuni kechqurun Qorabog‘da janglarni to‘xtatish haqida uch tomonlama shartnoma imzoladi. Sulh shartlari Kelbajar, Agdam, Lachin tumanlari va Gazax tumanida Armaniston tomoni egallab turgan hududlar Ozarbayjon nazorati ostiga berilishini nazarda tutadi.
Bahsli hududga 2 mingga yaqin Rossiya tinchlikparvarlari kiritiladi, ular o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga rioya qilinishini nazorat qiladi. Shuningdek, tomonlar asirlar, marhumlarning jasadlarini ayirboshlashni boshlaydi va mintaqada transport qatnovini qayta tiklaydi.