AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo brifingda jurnalistlarning demokrat Jo Baydenga hokimiyat topshirilishi haqidagi savollariga javob berayotib, Donald Trampning ikkinchi ma’muriyatiga hokimiyat silliq tarzda topshirilishini ma’lum qildi, deb yozadi “RBK”.
“20-yanvar kuni o‘tish davri muvaffaqiyatli bo‘lishiga dunyo to‘liq ishonaverishi mumkin. Biz tayyormiz, bu yerda nima bo‘layotganini dunyo kuzatib turibdi. Biz barcha ovozlarni hisoblab chiqmoqchimiz”, — dedi Pompeo.
Pompeo, shuningdek, turli mamlakatlar rahbarlari Jo Baydenni prezidentlik saylovidagi g‘alabasi bilan tabriklayotgani yuzasidan izoh berdi. U hali ovozlarni hisoblash davom etayotganini eslatdi.
“Hali hamma ovozlar sanalmaganini barchaga eslatib qo‘yamiz. Biz barcha yuridik jarayonlarga to‘liq rioya qilinishini ta’minlashimiz kerak”, — dedi davlat kotibi.
Trampning faqat “qonuniy ovozlar” hisobga olinganida g‘olib bo‘lishi haqidagi gaplarini izohlar ekan, Pompeo shunday dedi: “Biz hammasini hisoblab chiqishimiz kerak, deb o‘ylayman va biz har bitta qonuniy ovozni hisoblaymiz. Hech qanday noqonuniy ovoz hisobga olinmaganiga ishonch hosil qilishimiz kerak”.
Demokrat, vakillar palatasining Virjiniya shtatidan a’zosi, MRB sobiq xodimi Ebigeyl Spanberger Pompeoning hokimiyat topshirilishi haqidagi gaplari AQShning global yetakchiligini xavf ostiga qo‘yganini aytdi hamda ularni “sharmandali va xavfli” deb atadi.
Avvalroq Jo Bayden amaldagi prezident Donald Trampning saylovdagi mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortishini sharmandalik deb atagan edi.
Avvalroq AQSh ommaviy axborot vositalari, xususan, Associated Press, CNN, The New York Times, ABC News, Fox News va boshqalar 7-noyabr, shanba kuni Jo Baydenni AQShning saylangan prezidenti deb e’lon qildi. OAV hisob-kitoblariga ko‘ra, prezidentlikka nomzod – Demokratik partiyadan ko‘rsatilgan sobiq vitse-prezident Jo Bayden Pensilvaniya shtatida g‘alaba qozongan va prezident saylovida g‘olib chiqish uchun tanlovchilarning kamida 270 ta ovozi kerak bo‘lgan holatda 273 ta ovozni qo‘lga kiritgan.
AQShning amaldagi prezidenti Donald Tramp Amerikaning yirik ommaviy axborot vositalari Jo Baydenning saylovlarda g‘olib chiqqanligini e’lon qilganidan keyin hozircha mag‘lubiyatini tan olishdan bosh tortdi.
Shunga qaramay, Bayden allaqachon davlatning yangi rahbari sifatida xalqqa murojaat qildi. Ko‘plab mamlakatlarning rahbarlari uni allaqachon AQSh prezidenti etib saylangani bilan tabrikladi.