Rossiyaning Oltoy o‘lkasida “Sputnik V” vaksinasi bilan COVID-19 koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan uch nafar tibbiy xodimning koronavirusga topshirgan testi ijobiy natija berdi. Bu haqda “RBK” hududiy SSV matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.
“Birinchilardan bo‘lib koronavirusga qarshi emlangan 42 tibbiy xodimning uch nafari koronavirusga chalindi”, — deyiladi xabarda.
Vaksina ikkita komponentdan iborat: birinchi inyeksiyadan uch hafta o‘tib, ikkinchisi yuboriladi. Ikkinchi emlashdan keyin uch hafta o‘tganidan keyingina odam emlangan va COVID-19’dan himoyalangan deb hisoblanadi, chunki butun bu vaqt davomida immunitet shakllanishi jarayoni bo‘lib o‘tadi, deya aniqlik kiritishdi SSVda.
Ularning taxmin qilishicha, vaksinani qabul qilgan tibbiy xodimlar o‘zlarida koronavirusga nisbatan immunitet hosil bo‘lishga ulgurmasidan oldinroq COVID-19 tarqatuvchi odam bilan muloqotda bo‘lgan. “Tibbiy xodimlarning kasallik yuqtirishiga faqat shu sababchi bo‘lishi mumkin”, — deb hisoblaydi vazirlikdagilar.
“Sputnik V” nomini olgan COVID-19 koronavirusiga qarshi Rossiyaning birinchi vaksinasi Gamaleya nomidagi Epidemiologiya va mikrobiologiya milliy tadqiqot markazi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Uning ro‘yxatga olingani haqida Rossiya prezidenti Vladimir Putin avgust o‘rtalarida e’lon qilgan edi. 6-noyabr kuni markaz rahbari Aleksandr Ginsburg vaksinaning birinchi partiyasi yoppasiga emlash uchun Moskva va hududlarga 7—8-noyabrdayoq yetkazilishini ma’lum qilgandi.
Terapiya va profilaktik tibbiyot milliy tibbiy tadqiqot markazi direktori Oksana Drapkina “Sputnik V” vaksinasi samaradorligi 90 foizdan ziyod ekanligini aytgandi. Vaksina olganidan keyin COVID-19’ni yuqtirib olish holatlari avval ham qayd etilgandi. Xususan, Rossiya Davlat dumasida “Adolatli Rossiya” fraksiyasi rahbari o‘rinbosari Valeriy Gartung bilan shunday holat yuz bergan.
“Sputnik V” vaksinasi sinovlarida qatnashgan Gartung sinovlar ishtirokchilar uchun yashirin tarzda olib borilayotganini aytgandi. “Biz, tajriba ishtirokchilari yo platsebo, yo vaksina olishimiz haqida ogohlantirilamiz, bunda imkoniyatlar 25 ga 75 foiz. Ya’ni 10 ming kishiga platsebo, 30 ming kishiga vaksina beriladi. Men 25 foiz ichiga tushdim. Chunki menda birinchi martadan keyin ham, ikkinchi martadan keyin ham hech qanday simptomlar bo‘lmadi. Endi esa menda test ijobiy chiqdi, demak, aslida menga platsebo tushgan”, — degan edi deputat kasallanganidan keyin.
Avvalroq Rossiyaning “Vektor” virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi mamlakatdagi koronavirusga qarshi ikkinchi vaksinani ishlab chiqarishni boshlagan edi.