Turkiyada sodir bo‘lgan zilzila oqibatida halok bo‘lganlar soni 17 nafarga, jarohat olganlar — 709 kishiga yetdi. Bu haqda mamlakat Favqulodda holatlar va tabiiy ofatlar bo‘yicha agentligiga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
“Halok bo‘lganlar soni 17 nafarga, jarohat olganlar esa 709 kishiga yetdi”, — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr kuni Turkiya g‘arbida 6,6 magnitudali zilzila yuz berdi, epimarkaz Izmir viloyatining Seferlixisar shahri atrofida joylashgan. Yerosti silkinishlari Gretsiya orollari yaqinida ham qayd etilgan bo‘lib, seysmologlar uning magnitudasini 6,9 ga baholagan. Izmir viloyatidagi kamida 20 ta bino vayron bo‘lgan. Zilzila u qadar katta bo‘lmagan sunamini yuzaga keltirgan. Seferlixisarning ayrim ko‘chalarini suv bosgan.
Shuningdek, Gretsiyaning Samos orolida zilzila oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan va 20 kishi jarohat olgan.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Turkiyada yuz bergan zilzilada halok bo‘lgan va jarohat olganlar orasida o‘zbekistonliklar qayd etilmaganini ma’lum qildi.
Izoh (0)