Ijtimoiy tarmoqlarda Davlat statistika qo‘mitasining yangilangan “New.stat.uz” sayti ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxslarning rahbari, ta’sischilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etishni to‘xtatgani to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. Telegram’dagi “Rasmiy xabarlar” kanalining Davlat statistika qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Usmon Abdurasulovga tayanib ma’lum qilishicha, yangi sayt hozircha rasmiy sayt deb qabul qilinmagan.
Ta’kidlanishicha, 2020-yilning yanvaridan boshlab qo‘mitaning yangi va zamon talablariga to‘liq javob beradigan sayti ishlab chiqilgan — “New.stat.uz”.
“Ushbu rasmiy veb-sayt hozirgi kunda test rejimida ishlamoqda. Shuning uchun ham uning kontenti har kuni to‘ldirib borilmoqda. Bu hozirchalik rasmiy sayt deb qabul qilingani yo‘q. Undagi barcha funksiyalar to‘liq ishlab ketganidan keyingina rasmiy sayt deb e’lon qilinadi”, — deyiladi xabarda.
Qo‘mita matbuot xizmati rahbarining qayd etishicha, tizimda profilaktika ishlari amalga oshirilganligi munosabati bilan ayrim ma’lumotlarni vaqtinchalik taqdim qilib bo‘lmagan.
“Ushbu korxona va tashkilotlarning yagona davlat registrining ma’lumotlar bazasida hozirgi kunda 1,4 million birlikdagi subyektlar haqida barcha ma’lumotlar saqlanib kelinmoqda. Undan kerakli bo‘lgan ma’lumotlarni izlab topishda ma’lum bir texnik muammolar kelib chiqishi tabiiydir. Yuzaga kelgan mazkur noqulayliklar uchun uzr so‘raymiz. Hozirgi vaqtda ushbu funksiyaning faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yildi va undan xohlagan ma’lumotingizni olishingiz mumkin”, — deydi Abdurasulov.
Izoh (0)