O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etganlar soni 4-oktabr holatiga “Daryo” hisobi bo‘yicha jami 501 kishini tashkil etdi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) 4-oktabr soat 23:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda koronavirusga chalingan yana ikki kishi vafot etganini ma’lum qildi. Shunday qilib, SSV hisobi bo‘yicha 4-oktabr besh kishi, mamlakatda rasman pandemiya boshlanganidan beri esa 482 kishi COVID-19 infeksiyasi qurboniga aylangan.
Ayni vaqtda, “Daryo” 22-sentabrga qadar yuritgan hisob bo‘yicha O‘zbekistonda yana kamida 19 kishi koronavirus oqibatida vafot etgan. Ular aynan koronavirus qurboniga aylangani (ular orasida tibbiyot xodimlari, prokurorlar, sudyalar, hokimlar bor) davlatning boshqa organlari va tashkilotlari ma’lum qilingan, biroq rasmiy statistikani yuritayotgan SSV tomonidan rasman tan olinmagan.
Koronavirus infeksiyasi asoratlari oqibatida vafot etgani davlatning boshqa organlari va tashkilotlari tomonidan ma’lum qilingan, biroq SSV tomonidan tan olinmagan fuqarolar quyidagilardir:
- 9 va 15-iyul kunlari Olmaliq shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayol;
- DXA Navoiy viloyati boshqarmasi xodimi Adhamjon Dehqonov;
- Madaniyat vazirligi xodimi Akmal Irisov;
- Chilonzor tumani SEOM bakteriologiya laboratoriyasi mudiri Marhabo Ahmedova;
- Bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i Hakimbay Xalimov;
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudi sudyasi Xayriddin Shermuhamedov;
- Samarqand viloyati Toyloq tumani prokurori Farhod Abduxoliqov;
- Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi “Buyuk kelajak” kengashi eksperti Sanjar Jalolov;
- Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri artisti Janabay Utepbergenov;
- O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “O‘zbekkino” milliy agentligi Badiiy kengashi a’zosi Anvar Ergashev;
- “O‘zmetkombinat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko;
- Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumani hokimi G‘ayrat Begaliyev;
- Shifokor Farrux Rustamov;
- Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Doniyor Jabborov;
- IIV podpolkovnigi Abdurahmon Pardiyev;
- Jinoyat ishlari bo‘yicha Andijon viloyat sudining sudyasi Shavkatjon Shodmonov;
- “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi vakili, Xalq deputatlari Yashnobod tuman Kengashi deputati Dildora Umarova;
- Xorazmlik shifokor Baxtiyor Qilichev;
- Xalq ta’limi vazirligi xodimi Shuhrat Rasulov.
Qayd etish joiz, SSV yuritayotgan rasmiy statistikada aslida Germaniyada vafot bosh vazir sobiq o‘rinbosari O‘ktam Barnoyev ham bor (SSV statistikasida aslida boshqa mamlakatda vafot etib, O‘zbekistondagi qurbonlar ro‘yxatiga qo‘shilgan yana boshqa fuqarolar ham bo‘lishi mumkin). “Daryo” aynan O‘ktam Barnoyev bilan bog‘liq holatni, u O‘zbekistondan tashqarida vafot etgani bois, o‘zi yuritgan statistikaga qo‘shmagan.
Ma’lumot uchun, SSV rasmiy statistikasi bo‘yicha O‘zbekistonda 4-oktabr soat 23:00 holatiga ko‘ra 58 687 kishi koronavirusga chalingan, ularning 55 318 nafari (94 foizi) sog‘aygan. SSV rasmiylari koronavirus statistikasini yashirish yoki uni buzib ko‘rsatishdan davlat manfaatdor emasligini ta’kidlab kelsa-da, jamoatchilik rasmiy statistikaga shubha bilan qaraydi; statistikadagi nomuvofiqliklar yuzasidan berilgan e’tirozlarga rasmiylar izoh bermagan.