O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Germaniyada vafot etgan bosh vazir o‘rinbosari O‘ktam Barnoyevni O‘zbekistonda koronavirus qurbonlari ro‘yxatiga qo‘shdi. SSVning 20-sentabr yakunlari bo‘yicha e’lon qilgan kunlik hisobotida 56 yoshli O‘ktam Barnoyev bilan bog‘liq holat Toshkent shahri statistikasiga 300-o‘lim sifatida kiritilgan.

O‘ktam Barnoyev.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Izoh: “Daryo” nashri O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlarning hisobini yuritib kelmoqda. O‘ktam Barnoyev O‘zbekistonda vafot etmagani uchun “Daryo” uni koronavirus qurbonlari safiga kiritmaslikka qaror qildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev Germaniyada vafot etgan o‘zbekistonlik O‘zbekistondagi koronavirus qurbonlari ro‘yxatiga qo‘shilgani O‘ktam Barnoyevning shu vaqtgacha Toshkent shahrida yashagani bilan izohladi. Ayni vaqtda, SSV yuritayotgan rasmiy statistikada ushbu mantiqqa mos kelmaydigan talay holatlar bor.

Karim Kamolov.

Foto: “Daryo”

Jumladan, koronavirus oqibatida 22-avgustda Toshkentda vafot etgan Buxoro viloyati hokimi Karim Kamolov bilan bog‘liq holat, u bungacha Buxoroda doimiy yashaganiga qaramay, SSV tomonidan Toshkent shahar statistikasiga qo‘shilgan (“Barnoyev holati” mantig‘i bo‘yicha Kamolovning o‘limi Buxoro statistikasiga qo‘shilishi kerak edi).

Adham Abdullayev.

Foto: Sirdaryo musiqali drama teatri matbuot xizmati

Iyul oyi o‘rtalarida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Adham Abdullayev koronavirus asoratlari oqibatida Toshkentda vafot etgan. U bungacha Sirdaryo viloyatida doimiy yashaganiga qaramay, uning o‘limi ham Toshkent shahar statistikasiga qo‘shilgan (“Barnoyev holati” mantig‘i bo‘yicha esa ushbu o‘lim Sirdaryo statistikasiga qo‘shilishi lozim edi).

Oybek Xo‘jayev.

Foto: Kattaqo‘rg‘on tuman hokimligi

Kattaqo‘rg‘on tumani prokurori Oybek Xo‘jayev 1-sentabr kuni Xorazmda koronavirus asoratlaridan vafot etgan. U SSV axborotida ham “Kattaqo‘rg‘on tumanida yashagan, Xorazmda davolangan” deb ko‘rsatilgan, ammo rasmiy statistikaga COVID-19 ning Xorazmdagi ikkinchi qurboni sifatida kiritilgan. Biroq, “Barnoyev holati” mantig‘i bo‘yicha, bu prokurorning o‘limi Samarqand viloyat statistikasiga qo‘shilishi kerak edi.

SSV 17-may kuni Surxondaryoda koronavirus oqibatida birinchi o‘lim holati haqida xabar bergan, unda asli sirdaryolik yuk mashina haydovchisi vafot etgani ma’lum qilingan. Ushbu o‘lim holati Surxondaryo viloyati statistikasiga qo‘shilgan, biroq “Barnoyev holati” mantig‘i bo‘yicha bu holat haydovchining doimiy yashash joyi — Sirdaryo viloyati statistikasiga qo‘shilishi lozim edi.

Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu vaqtgacha SSV o‘lim holatlarini bemor vafot etgan joy bo‘yicha saralayotgani taxmin qilinayotgan edi, biroq Barnoyev bilan bog‘liq holat vaziyatni o‘zgartirib, savollarni ko‘paytirmoqda. SSV matbuot xizmati hozircha bu va boshqa shunga o‘xshash o‘nlab holatlar yuzasidan izoh berganicha yo‘q.

Qayd etish joiz, Germaniyada vafot etgan O‘ktam Barnoyevning “Toshkentda doimiy yashagani uchun” O‘zbekistondagi koronavirus qurbonlari ro‘yxatiga qo‘shilishi SSV tomonidan yuritilayotgan rasmiy statistika raqamlari ortida bosh vazir o‘rinbosari kabi xorijda vafot etgan yana boshqa fuqarolar ham bo‘lishi mumkin, degan farazni keltirib chiqarmoqda.