O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarining bakalavriat bosqichiga 2020/2021-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan kirish imtihonlarining yakuniy natijalari e’lon qilinib, ba’zi ta’lim yo‘nalishlarida abituriyentlar imtihon topshirilgan ikkita fan bo‘yicha to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori 189 ballni to‘plagani, biroq ular davlat granti emas, balki to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya qilingani haqida xabar berilgandi.
Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev ushbu masalaga e’tibor qaratib, abituriyentlar bilan qayta hisob-kitob qilinishi kerakligini yozgandi.
Xushnudbek Xudoyberdiyevning ma’lum qilishicha, 189 ball olgan abituriyentlarning o‘rni qayta ko‘rib chiqilgan va natijalar o‘zgargan.
Bloger o‘z kanalida natijalari o‘zgargan abituriyentlarning imtihon javoblari aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Unga ko‘ra, avval kontraktga kirgani aytilgan abituriyentlarning natijasi qayta tekshirganda ular budjetga kirgani haqida ma’lumot turibdi.
“189 ball olgan abituriyentlar diqqatiga! Siz ham tezda natijangizni qayta tekshirib ko‘ring. Xudo xohlasa, budjetga o‘tganingizni ko‘rishingiz mumkin”, — deya qo‘shimcha qilgan bloger.
Izoh (0)