Jizzax viloyati Forish tumanida Lacetti va “GAZ-3102” avtomobillari ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda IIV.
Ma’lum qilinishicha, Forish tumani “Nurak” mahallasi hududidan o‘tuvchi Jizzax–Qizilcha 4/R-36 yo‘lining 48-kilometrida yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan. Forish tumani “Osmonsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1975-yilda tug‘ilgan M.A. akasiga tegishli “GAZ-3102” rusumli avtoulov boshqaruvini yo‘qotishi oqibatida yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishiga chiqib ketib, Lacetti’ga urilgan.
Oqibatda Lacetti haydovchisi, “Osmonsoy” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1989-yilda tug‘ilgan Sh.E. chap oyoq boldir suyagining sinishi tashxisi bilan Forish tumani tibbiyot birlashmasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.
“GAZ-3102” haydovchisi esa olingan tan jarohatlari natijasida shifoxonada ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan vafot etgan.
Holat bo‘yicha Forish tumani IIB xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari amalga oshirilmoqda.
Izoh (0)