Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligi Qozog‘istonga uchib keladigan parvozlar bo‘yicha amaldagi cheklovlarni e’lon qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston bosh davlat sanitariya shifokorining 2020-yil 15-avgustdagi 48-sonli qaroriga binoan muntazam xalqaro qatnovlar uchun joriy qilingan bir qator cheklov choralari o‘z kuchida qolmoqda.
Xususan, birinchi toifaga kiritilgan Xitoy, Janubiy Koreya, Yaponiya, Gruziya, Tailand, Vengriya, Hindiston, Germaniya, Chexiya, Malayziya, BAA, Belarus, Turkiya, Misr, Ukraina, Niderlandiya va Rossiyadan kelgan yo‘lovchilar termometriyadan o‘tadi va so‘rovnoma to‘ldiradi.
Ikkinchi toifadagi Polsha, O‘zbekiston, Tojikistondan kelganlar termometriya va savolnomadan o‘tadi. Shuningdek, ushbu mamlakatlar fuqarolari so‘nggi 5 kun ichida topshirgan PZR testi natijalari manfiy bo‘lgan taqdirdagina Qozog‘istonga cheklovsiz kira oladi. Ma’lumotnoma bo‘lmagan taqdirda, fuqarolar kelgan kundan boshlab 48 soat ichida laboratoriya tahlilini topshiradi yoki 14 kun davomida karantinda bo‘ladi.
Ayni paytda Qozog‘istonda birinchi va ikkinchi toifadagi mamlakatlardan tashqari barcha mamlakatlar bilan muntazam parvozlar taqiqlangan.
Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Airways 4-sentabrdan boshlab Toshkent hamda Dubay, Frankfurt, Olmaota, Bishkek, Istanbul shaharlari o‘rtasida muntazam xalqaro aviaparvozlarni tiklashini ma’lum qilgan.
Izoh (0)