Paxta terimi mavsumida ishchilar o‘rtasida kasallik tarqalishining oldini olish uchun har 100 nafar terimchiga bir nafar hamshira biriktiriladi. Bu haqda 2020-yil 5-avgustda AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida vazir o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov ma’lum qildi.
“Paxta terimida pandemiya sharoitlari bo‘yicha alohida nizom tasdiqlangan. Unda har bir ishchi ertalabdan holati o‘rganilishi, ishga chiqayotganida va kelayotganida issig‘i o‘lchanishi, ish jarayonida gigiyena qoidalariga rioya qilinishi kabi qoidalar kiritilgan. Agarda ish jarayonida kasallik alomatlari aniqlansa, kerakli dori-darmonlar bilan ta’minlanadi. Mana shu jarayonlarni nazorat qilish uchun esa, Davlat mehnat inspeksiyasi xodimlari ishlashadi”, — dedi – Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri o‘rinbosari Bahodir Umrzoqov.
Davlat mehnat inspeksiyasi rahbari Qudratilla Odinayevning aytishicha, ishchilar mehnatini muhofaza qilinishi, ular o‘rtasida sanitariya qoidalariga rioya qilinishi texnik inspektorlar tegishli tartibda nazorat qiladi. Ayniqsa, paxta terimiga uzoqdan kelgan terimchilarga katta e’tibor beriladi va buning uchun 104 nafar xodim ajratilgan.
Izoh (0)