DTM bosh boshqarma boshlig‘i Barno Rajabov AOKA huzuridagi shtabda o‘tkazilgan matbuot anjumanida abituriyent ruxsatnomasini olishga ulgurmaganlar uchun har bir hududda ruxsatnomani chop etish uskunalari o‘rnatilganini ma’lum qildi.
Rajabovning aytishicha, shu kungacha 3 mingga yaqin abituriyent DTM ruxsatnomasini olishga ulgurmagan. Ularning har biriga takroriy xabarnomalar yuborilgan.
Bundan tashqari, abituriyentlarga qulaylik yaratish maqsadida hududlarning kirish joylarida maxsus uskunalar o‘rnatilgan va ruxsatnomasini olmaganlarga abituriyent ruxsatnomasi chop etib beriladi.
2-sentabrdan alohida iqtidor talab etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga kirish imtihonlari ham boshlangan. Bo‘lib o‘tayotgan test imtihonlarining 1-smenasida 37 nafar abituriyent testdan chetlashtirilgan.
Test sinovlari o‘tkaziladigan binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, telekommunikatsiya qurilmalari, shpargalkalar va boshqa vositalarni olib kirishga uringan abituriyentlar kirish joyining o‘zidayoq test sinovlaridan chetlashtiriladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev kirish imtihonlarida turli shpargalkalardan foydalanganlik holatlari uchun qoidabuzar abituriyentlarni keyingi yilgi imtihondan ham chetlashtirish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan.
Izoh (0)