Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumani Mustaqillik shoh ko‘chasi va Abdulla Qodiriy ko‘chalari kesishmasidagi avtoturargoh hududida Tenge Bank’ning ma’muriy binosini qurish rejalashtirilmoqda. Atrofdagi uylar aholisi shahar hokimligi loyihani muhokama qilmaganidan va qurilish oqibatida ko‘plab daraxtlar kesilishi mumkinligidan norozi, deb xabar beradi “Gazeta.uz”.
15-avgust kuni Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligi matbuot xizmati ushbu hudud Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning 2019-yil 26-apreldagi (593-sonli) qarori bilan Mirzo Ulug‘bek Business City loyihasi doirasida Qozog‘iston Xalq bankiga berilganini ma’lum qilgan. Tenge Bank binosini qurish Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘istonga tashrifi davomida kelishib olingan.
Xabarda aytilishicha, bank yonida mahalliy aholi uchun bolalar maydonchasi va dam olish zonalari ham quriladi. Mavjud daraxtlarni esa boshqa joyga ko‘chirish rejalashtirilmoqda. Tuman hokimligining ma’lum qilishicha, qurilish ishlarining boshlanishi sentabrga mo‘ljallangan.
Mirzo Ulug‘bek tumani hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari Abdulaziz Abdulhaqov aholi bilan uchrashuv vaqtida 15 sotix hududda uch qavatli avtoturargohga ega 20 qavatli bino qad ko‘tarishini ma’lum qilgan.
Parkent bozori yaqinidagi Tenge Bank binosi Qozog‘iston bankining filialiga aylantiriladi, yangi joyda esa bosh ofis joylashadi. “Hozirda loyiha ustida ishlar ketmoqda”, — deydi u.
Aholining hokimiyat bino qurilishini Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 18-noyabrdagi (949-sonli) qaroriga zid ravishda jamoatchilik muhokamasiga qo‘ymagani to‘g‘risida bildirgan e’tiroziga nisbatan Toshkent hokimligi matbuot kotibi Furqat Mahmudxo‘jayev tuman hokimligi investorlar bilan loyihani taqdim etishlari va uni aholi bilan muhokama qilishlari kerakligini bildirgan.
“Biz shahar hokimining qarorini bajaramiz, biroq undan yuqori turuvchi hujjatlarga 100 foiz amal qilishimiz kerak. Busiz hokim qarori amalga oshmaydi”, — deydi matbuot kotib.
Abdulaziz Abdulhaqov yaqin kunlarda uchrashuv tashkillashtirishga va’da bergan.
Tuman aholisining O‘zbekiston Prezidentiga yo‘llagan maktubida yozilishicha, amaldagi bog‘ 2001-yilda tuman hokimligi tomonidan “Ona va bola yili” munosabati bilan qurilgan.
“U tumanimiz aholisining sevimli dam olish maskaniga aylanib ulgurgan. Bog‘imiz karantin cheklovlari yengillashtirilgan va boshqa bog‘larga tashrif buyuruvchilar ko‘p bo‘lgan hozirgi holatda ham bizni qutqarmoqda”, — deyiladi maktubda.
Ta’kidlanishicha, bog‘da 200 ga yaqin daraxt va buta o‘smoqda, ulardan 50 tasi — qimmatbaho nav, 70 foiz daraxtning yoshi 20 dan oshgan. Aholi daraxtlarning ko‘chirilishi ularning nobud bo‘lishiga olib kelishidan xavotirda.
Mart oyida Tenge Bank yangi binoning qurilishiga oid rejalarga izoh berib, Toshkent shahrining yashil fondini saqlab qolishdan manfaatdor ekanliklari va yashil hududdagi daraxtlarning nobud bo‘lmasligi ta’minlanishini kafolatlagan edi.
“O‘zbekiston poytaxtining ekologik gullab-yashnashidan manfaatdor bo‘lgan investor sifatida biz shahar hokimiyati tomonidan ajratilgan joyda kerakli miqdordagi daraxtlarni ekishga tayyormiz”, — deyiladi bayonotda.
Izoh (0)