Kataloniyaning “Barselona” klubi niderlandiyalik Ronald Kuman jamoaga bosh murabbiy etib tayinlangani haqida xabar berdi.

Foto: “Barselona”

57 yoshli mutaxassis kataloniyaliklar bilan 2022-yil yoziga qadar mo‘ljallangan bitimga imzo chekkan.

Kuman 2018-yildan beri hozirga qadar Niderlandiya terma jamoasini boshqarib kelayotgan edi. U milliy jamoa bilan Millatlar Ligasi—2019 musobaqasida finalga qadar yetib bordi. Finalda esa Portugaliya termasiga 0:1 hisobida yengildi.

O‘yinchi sifatida Ronald Kuman 1989—1995-yillarda “Barselona” sharafini himoya qilgan. U klub bilan 4 marta Ispaniya chempionatida g‘olib chiqqan, 3 marta mamlakat Superkubogini va 1 martadan Ispaniya Kubogi, Yevropa Chempionlar Kubogida bosh sovringa ega chiqqan. Shuningdek, 1 marta UEFA Superkubogini qo‘lga kiritgan.

Rivaldodan Suaresgacha. “Barselona” futbolchilari tomonidan urilgan akrobatik usuldagi top-5 gol

2000-yil “Vitess” klubida ish boshlagunga qadar Kuman “Barselona”da yordamchi murabbiy sifatida faoliyat olib borgan.

Ronald “Ayaks”, “Benfika”, PSV, “Valensiya”, AZ, “Feyenoord”, “Sauthempton”, “Everton” klublarida bosh murabbiy sifatida ishlagan. Murabbiylik faoliyatida uch marta Niderlandiya chempioni bo‘lgan. Shuningdek, ushbu mamlakat Kubogi va Superkubogida g‘olib chiqqan. Bundan tashqari Portugaliya Superkubogi va Ispaniya Superkubogini qo‘lga kiritgan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!