Meduza nashri Rossiyada ishlab chiqilgan koronavirusga qarshi ro‘yxatga olingan ilk vaksina muallifi Denis Logunov bilan katta intervyu uyushtirdi. “Daryo” suhbatni tarjima tariqasida taqdim etadi.
Denis Logunov Gamaleya nomidagi ilmiy markaz direktori o‘rinbosari. 43 yoshida u Rossiya Fanlar akademiyasining muxbir-a’zosi bo‘lib, Rossiyaning koronavirusga qarshi birinchi vaksinasini ishlab chiqqan ilmiy guruhga rahbarlik qildi va uni o‘zida sinab ham ko‘rdi. Ushbu tajriba borasidagi hissiyotlari haqida gapirishdan Logunov bosh tortmoqda. Chunki u “xayp qilishni yoqtirmaydi” va birinchi bora intervyu bermoqda.
Uning vaksinasini allaqachon 76 nafar ko‘ngillilarda sinab ko‘rgan. Ularning har bir “Ko‘ngilli kundaligi” yuritgan va unda vaksinaning nojo‘ya ta’sirlari – harorat ko‘tarilishi, toshma, ukol o‘rnining qizarib ketishi singarilarni qayd qilib borgan. Hukumat vaksinaning sentabr oyida tayyor bo‘lishidan umid qilmoqda. Meduza nashri ilmiy direktori Aleksandr Yershov va muxbir Svetlana Reyter bilan bo‘lgan suhbatda Logunov sentabrga borib vaksina faqat vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishini, uning ommaviy ishlab chiqarilishi esa 2020-yil oxiridan erta boshlanmasligini aytdi.
Vaksinaning ishlab chiqilishi bilan bog‘liq tafsilotlar haqida tadqiqotchilar birinchi bora so‘z ochmoqda; ularning bu boradagi ilmiy ishi hali ilmiy manbalarda e’lon qilingani yo‘q.
Intervyuning qisqacha mundarijasi
Ko‘ngillilarni topish juda oson bo‘ldi. Biz ishlab chiqqan vaksina vektor turiga mansub bo‘lib, bunda biz tashuvchi virusdan foydalanamiz va u organizmga kiritilgach, o‘zi bilan yangi koronavirusning genetik axborotini olib kiradi va unga qarshi immun reaksiyasini qo‘zg‘aydi. Bu usul bizning Ebola virusiga qarshi shu turdagi vaksina ishlab chiqish bilan bog‘liq bo‘lgan avvalgi ilmiy ishlarimizga asoslanadi va pandemiyadan avval biz xuddi shunday vaksinani Yaqin Sharq respirator sindromi – MERS virusiga qarshi qo‘llash borasida ham uch yil davomida izlanish olib borgan edik. Shu sababli ham bunday vaksinani aynan bizda ishlab chiqilishi lozimligi borasida ikkilanish bo‘lmagan. Ishni biz fevralda boshlagan edik. Vaksinaning o‘zini tayyorlash esa ikki hafta vaqt oldi.Vaksinani odamlarda sinab ko‘rishdan avval uni bir necha xil hayvonlarda, shu jumladan, ikki xil maymun turida mufassal tekshirib ko‘rdik. Biz hammasini kuzatib bordik: antitana hosil bo‘lishini ham, immun tizimining javob reaksiyasini ham. Hozirda ikki guruhdagi umumiy 76 nafar ko‘ngillilar bilan qilingan sinov natijalari yakunlanmoqda. Bu britaniyaliklar qilgan sinovdagidan ikki barobar kam, albatta, lekin u yerda ham hali beri mingta odamni vaksinatsiya qilishmaydi. Biz matbuot emasmiz va biz haqimizda yozilayotgan narsalar uchun javobgar bo‘la olmaymiz.
Biz Sog‘liqni saqlash vazirligi ham emasmiz va vaksinani ro‘yxatga olinishi yoki olinmasligi borasidagi qarorga ham ta’sir o‘tkaza olmaymiz. Agar minglab odamlar bilan o‘tkaziladigan kengroq tadqiqot qilinishi kerak bo‘lsa, biz bundan qochmaymiz. Lekin hozir chegaralangan shartlarga ko‘ra vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazilishining zarur jihati shundaki, bu orqali tadqiqotda turli xatar guruhiga mansub odamlar ham ishtirok etishi mumkin bo‘ladi – biz o‘zi soppa-sog‘ odamlarnigina himoya qilmoqchi emasmiz-ku, to‘g‘rimi? 2020-yil oxiriga borib institutimizda yiliga million vaksina chiqaradigan darajaga chiqishimiz kerak. Mening maqsadim jahonda eng birinchi bo‘lish emas, balki yaqinlarimni himoya qilishdir.
Odamlar qo‘rqishdan charchashdi
-Siz klinik sinovlarga rozi bo‘ladigan ko‘ngillilarni osonlikcha topdingizmi?-Ha, albatta, bu bilan hech qanday muammo bo‘lmadi.
-Hatto Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar fondi rahbari Kirill Dmitriyev, sizning investoringiz ham barcha intervyularida unga vaksinani qanday keltirib berishganini g‘urur bilan gapirmoqda?
-Biz Rossiya SSV tarkibidagi federal muassasamiz. Bizning investor – davlat.
-Nima deb o‘ylaysiz, nega odamlar o‘zlariga noma’lum preparatni qabul qilishga bunday ishtiyoq bilan rozi bo‘ldi? Yuqtirishdan qo‘rquv tufaylimi? Qo‘rqishdan charchashdimi?
-Birinchidan, o‘ylashimcha, haqiqatan ham qo‘rqishdan charchashdi. Ikkinchidan, vaqt o‘tishi bilan odamlar endi uning hech qayoqqa ketmasligini tushungan holda koronavirus bilan murosa qila boshladi. Bilasizmi, infeksiyalar boshqariladigan va boshqarilmaydigan bo‘ladi. Avval boshida bu infeksiya boshqarilmaydigan edi. Hozirda esa hech bo‘lmasa, virus yuklamasini pasaytirish imkonini beradigan vositalar bor va endilikda biz bu virus bilan birga yashashimizga to‘g‘ri kelishi oydinlashib qoldi.
-Shunga qaramay, dunyo bo‘yicha goh u, goh bu dori haqida bong urilmoqda, lekin o‘sha dorilaring samarasi haqida ishonchli dalillar juda kam yoki umuman yo‘q.
-Muammo shundaki, hamma narsa shoshma-shosharlik bilan qilinayotgan paytda dalillar jabr ko‘radi.
-Siz o‘zingiz koronavirusga qanday munosabatda bo‘ldingiz? Qo‘rqdingizmi?
-Ha, albatta. Menga eng boshidanoq raqamlar ishonarli edi. Men gripp borasidagi matematik modellashtirish bilan bog‘liq raqamlarni yaxshi bilaman. Odamlar esa raqamlar borasida ko‘p yanglishadi. Ular, masalan, gripp tufayli ham reanimatsiyalarda ko‘p odam o‘ladi deb hisoblashadi. Men esa bu o‘rinda reanimatsiyadagi o‘lim soniga emas, balki umumiy o‘lim soniga qarash kerak deyman. Umumiy o‘lim soni esa grippnikiga qaraganda ancha katta: grippda umumiy o‘lim soni 0,04 foiz, eng ko‘pi – 0,1 foiz bo‘ladi, koronavirusda esa bu bir necha barobar ko‘p.
-Siz vaksinatsiya qilgan ko‘ngillilar koronavirusning eng kichik belgilarining yo‘qligi borasida ham yaxshilab tekshirilib, tashqi muhitdan cheklab qo‘yilgan edi. Endi tasavvur qilaylik: sizning vaksinangizni allaqachon koronavirus yuqtirgan, lekin hali alomatlari paydo bo‘lmagan odamga kiritishadi. Hammani ham emlashdan oldin tekshirib ko‘rishning va boshqalar bilan muloqotdan cheklashning imkoni yo‘q-ku, to‘g‘rimi? Bu holatda nima bo‘ladi? Ukol oqibatida xavfli ta’sirlar yuzaga kelmaydimi?
- Gap faqat bizning yoki boshqalarning vaksinasida emas. Bunday nojo‘ya ta’sirlar ADE-effekt (antibody dependent enhancement) deyiladi va u masalan, Denge bezgagi virusiga xosdir.
ADE haqida yuzlab maqolalar yozilgan. Ular haqida gapirib o‘tirishdan ma’no yo‘q, bu effekt, shuningdek, Ebola yuqtirganda ham uchraydi. Bunday effektning oldini olish uchun odamga inaktivatsiya vaksina yubormaslik kerak – u nafaqat antitana immun reaksiyasini chaqiradi, balki uni susaytirib ham qo‘yadi. U bizga kerakli bo‘lgan hujayraviy immunitetni hosil qilmaydi. Shu sababli ham COVID-19’ga qarshi vaksina ishlab chiqishda biz inaktivatsiyalangan vaksina emas, balki vektor turidagi vaksina oldik.
-Keling, siz qiziquvchan bolakay bilan gaplashyapman deb tasavvur qiling. Inaktivatsiyalangan vaksina nima u?
-Siz virusni oldingiz, o‘stirdingiz va uni inaktivatsiya qildingiz, ya’ni o‘ldirdingiz. Undan vaksina qildingiz. Yubordingiz. Bu tamoyil asosida qilingan vaksina faqat antitana himoyasini yuzaga keltiradi xolos.
Vektor vaksinalar esa koronavirusga qarshi bizning vaksina ham shunday vaksina bo‘lib, u immunitetning sitotoksik reaksiyasini ham chaqiradi va virus yuqtirgan hujayralarni mo‘ljallab yo‘q qiladigan immun hujayralarini hosil qiladi. ADE-effekt haqidagi gapni vektor vaksina tomonga burish unchalik ham to‘g‘ri emas. Vektor vaksinalarda hech qanday ADE-effekt bo‘lmasligi borasida tadqiqotlar ko‘rsatib turibdi. Bu effektni inobatga olmaslik kerak va uni endi tadqiq qilmaslik kerak deb hech kim aytayotgani yo‘q; lekin primatlarda sinab ko‘rilgan Oksford va Xitoy vektor vaksinalari koronavirusga qarshi hech qanday ADE-effekt bergani yo‘q. Biz ham o‘z vaksinamizni bu effektga nisbatan primatlarda sinab ko‘rganmiz. Garchi biz odamda ham xuddi primatlardagi singari manzara kuzatiladi deb aniq ayta olmasak ham, lekin hozir ADE-effekt ehtimoli borasida ehtiyot bo‘lish kerak xolos.
-Vektorli degani nima degani?
-Siz virusni olasiz – bexatar, genomga kirib olmaydigan va barcha odamzod o‘z hayoti davomida albatta to‘qnash keladigan – adenovirus. Keyin siz uni yanada xavfsizroq qilasiz – undan kodning bir qismini olib tashlaysiz, aniqrog‘i ikki bo‘lagini. Bunday holda u odamning sog‘lom hujayralarida o‘zidan ko‘paya olmaydi, lekin u bunday hujayra ichiga kira oladi. Siz unga genomga kirib nima qilish kerakligini aytasiz. Bizning holatimizda bu adenovirus uchun begona, lekin koronavirus uchun muhim bo‘lgan S-oqsilni kodlaydigan gen. Adenovirus uni eltib qo‘ya oladi, ikki-uch haftadan keyin esa vektorning izlari organizmda qolmaydi. Muvaqqat vazifa: eltib qo‘ydi, odam hujayrasida yot oqsilni ishlab chiqdi, natijani oldik.
-Yo‘nalish?
-Ha. Biz S-oqsilni kodlaydigan genni oldik. Uni RNKdan DNKga ko‘chirdik. Bu genni adenovirus genomiga o‘rnatdik va vektorni oldik.
-Yarim soat ish va vaksina tayyormi?
-Deyarli. Ikki hafta.
Ijodiy qiyinchiliklar bo‘lmadi. Tom ma’noda kopi/past
-Ayting-chi, bu vaksinani qanday qildingiz?-Biz uni barcha vektor turidagi vaksinalar uchun standart usul bilan hosil qildik. Bunday vaksinalar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Ular 1990-yillardan buyon faol qo‘llanilmoqda. Xuddi shunday usul bilan biz Ebola virusiga qarshi vaksina ham qilganmiz. U bizda ro‘yxatdan o‘tgan.
-Siz aynan adenovirus asosidagi vektor vaksinani tanladingiz. Nimaga? Sababi u bilan avval ham ishlaganingiz tufaylimi?
-Biz vaksina borasida qaror qabul qilganimizda bu vaksina immunitetning sitotoksik reaksiyasini keltirib chiqaradigan vaksina bo‘lishi kerakligi ayon edi. Oddiy qaror. Har qanday odam shu yo‘ldan borgan bo‘lardi. Biz vaksinani kiritish uchun RNK va DNK hamda virus vektorlaridan birortasini tanlash borasida (bularning hammasi bilan ishlaymiz) virus vektorida to‘xtaldik, chunki bu nisbatan samaraliroqdir. Biz turli eltuvchilar bilan juda ko‘p sonli eksperimentlar qilib ko‘rdik va ularni vektorli usul bilan taqqosladik. Avval boshidanoq buning yer bilan osmoncha farqi borligi ma’lum edi.
-Siz qachon poygaga qo‘shilishga qaror qildingiz va vaksinani aynan shunaqa bo‘lishini aniqladingiz?
-Men bu o‘rinda bir narsani aytishim kerak: biz MERS virusiga qarshi vaksina ustida uch yildan beri ishlayotgan edik.
-Tayyor narsani oldingizmi?
-Ha. Biz MERS’ga qarshi vaksina qilayotgan edik va turli variantlarni sinab ko‘rgandik. Bu juda katta hajmli ish edi. Unda biz klinik tadqiqotlarning ikkinchi fazasiga yetganmiz. Shu sababli boshqa bir koronavirus paydo bo‘lganida u bizdagi beta-koronavirusning yaqin ukasi edi, bizda unga qarshi nimani qanday qo‘yish borasida hech qanday ikkilanish bo‘lmagan. Ijodiy mashaqqat bo‘lmagan. Tom ma’noda kopi/past.
-Ish qachon boshlangandi? Apreldami? Martdami?
-Fevralda. Biz ham ishga qo‘shilishimiz va nimadir qilishimiz kerakligi borasidagi fikr o‘shandayoq paydo bo‘lgan. Yanvarda hali nimalar bo‘layotganini hech kim bilmasdi. Fevralda men JSST konferensiyasida qatnashdim va o‘shanda qarshimizda jiddiy masala turgani ayon bo‘ldi.
-JSSTdagilar nima sodir bo‘lganini tushunishdimi?
-Fevralning 20-sanalariga kelib tushunishdi. Men JSSTni tanqid qilmayman. Buning uchun boshqa odamlar bor. Ehtimol, ular haqdir. Lekin JSSTda ish qiyin. U, odatda, obyektiv axborotga ega bo‘lmaydi va u hamma uchun qaror qabul qiladigan davlat idorasi ham emas. Uning xodimlari qo‘lidan kelgan hamma narsani qilishyapti. Ular modellar bo‘yicha klinik tadqiqotlar va klinik tadqiqotlardan avvalgi tekshiruvlar bo‘yicha qo‘mitalar tuzdi hamda ular yiqqan barcha ma’lumotdan ochiq shaklda butun dunyo bo‘yicha foydalanilmoqda. JSST menimcha qaror qabul qilish borasida kech qolyapti. Chegaralarni yopish yoki yopmaslik – lekin bu siyosiy qaror bo‘lib, odatda, bunday qarorlar tezkorlik bilan qabul qilinmaydi.
-Siz MERS uchun ishlangan vektor vaksinadan nusxa oldingiz. Nima uchun hujayrada ko‘paya oladigan vektordan foydalanmadingiz? Axir bu immunitetni yanada uzoqroqqa yetadigan qilishi mumkin-ku?
-Oddiy: o‘zidan ko‘payadigan vektor nisbatan jiddiy nojo‘ya ta’sirlar keltirib chiqaradi. Agar u ko‘paymaydigan bo‘lsa, unda vaksinatsiyadan keyin sizda oddiy nojo‘ya ta’sirlar – harorat hamda ukol o‘rnidagi og‘riq bo‘ladi xolos. Agar siz ko‘payadigan virusli vektor vaksina qilsangiz, unda shishadan jinni chiqarib yuborgan bo‘lasiz. Biz nima qilyapmiz? Biz vaksinani ikki bosqichda yuboryapmiz. Birinchi bitta vektorda, keyin esa boshqa vektorda. Bunday sxema butun dunyoga ma’lum va o‘ylashimcha, uni qo‘llamaslik sababi iqtisodiy sabablar bilan bog‘liq. Lekin bizning holatda ma’lumki, ikki marta yuborish bir marta yuborishdan ko‘ra samaraliroq bo‘ladi. Biz buni MERS va Ebolaga qarshi vaksinalarda sinab ko‘rganmiz.
-Britaniyalik olimlar va nemis olimlarining tadqiqotlari ko‘rsatishicha, qondagi koronavirusga qarshi antitanalar miqdori kutilganidan ko‘ra tezroq kamayar ekan. Bu narsa vaksinatsiyaga qanday ta’sir qiladi?
-Bu ishlar oddiy narsani ko‘rsatmoqda: vaqt o‘tishi bilan immunitet pasayadi. Keyinchalik nima bo‘lishini hozir hech kim bilmaydi va bu muhim. Birinchidan, nima uchun biz qondagi antitanalar miqdori pasayishini immunitet yo‘qolishi belgisi sifatida ko‘ramiz? Qondagi antitana miqdori doim kamayib boradi va biz bir infeksiyaga qarshi immun javobining cho‘qqisiga chiqmay turib, ikkinchi, uchinchi va to‘rtinchisi ro‘y beradi va bunda organizmning barcha kuchi sarflanib ketadi. Infeksiyaga qarshi antitanalar miqdori ko‘payishidan taxminan ikki oy o‘tib, sizda uning kamayishi ro‘y beradi.
Shu yerda asosiy savol paydo bo‘ladi: bu kabi kasallanib tuzalgan odam himoyalangan bo‘ladimi? Samarali immunitet hosil qiladigan vaksinalar bor. Lekin u keyinchalik tushib ketadi. Patogen esa o‘zgarib, organizmga qaytadan tushadi va shunda odam u bilan qayta kasallanadi. Lekin bu safar u kasallikni osonroq o‘tkazadi va undan o‘lmaydi. Masalan, gripp bilan shu holat bo‘ladi. Shuningdek, sariq isitma singari ham bo‘lishi mumkin. Unda immunitet ko‘tariladi, keyin esa juda pastlab ketadi va lekin uning himoya funksiyasi 20 yilgacha saqlanib qoladi. Va agar hozir biror odam COVID-19 ga qarshi antitanalar miqdori pasayishi unga qarshi immunitetning ham ishlamay qolishini bildiradi desa, u juda ham jur’atli, lekin bo‘lmag‘ur gap aytgan bo‘ladi.
-Vaksina ishlab chiqishda siz eng boshidanoq bir yo‘lni tanlab, boshqa yoqqa qaramaslikka qaror qildingizmi? Nimaga, masalan, 13 xil har turli vaksinalar emas? Axir ba’zan faqat bir variantga yopishib olsa, oxirida u barbod bo‘lishi mumkin-ku?
-Biz bundan qo‘rqmadik. Biz bunday holatdan ko‘p bor o‘tganmiz. Yana takrorlayman: biz MERSga qarshi ikki vektorli vaksina chiqargandik va uni ko‘ngillilarga qilgandik.
-Lekin dunyoda har xil variantlar bor va hozir shunday bo‘lib qoldiki, mamlakatdagi ilm-fan ahvoli qanday bo‘lsa, uning vaksinasi ham shunaqa bo‘ladi. Bizning vaksinaning analoglar – Oksford va Xitoy vaksinasi mavjud.
-Bundan tashqari, Johnson&Johnson ham adenovirusli vaksina qilyapti. Faqat biroz ortda qolishyapti. Ya’ni uchta yaqin analog mavjud.
-O‘z vaksinangizning va u borasidagi tadqiqotlarning asosiy farqli jihatini ayta olasizmi?
-Tadqiqotlar hamma joyda bir xil: avvaliga organik guruh tekshiriladi, keyin keng ko‘lamli tadqiqotlar albatta o‘tkaziladi.
-Lekin sizda vektor ikkita. Ularda esa bunday emas.
-Nimaga ikkitaligini aytaman. Agar siz bir vektorni qilsangiz va u qayta hosil bo‘lmasa, unda ikkinchi marta qilish kerak. Aynan o‘sha vektorni ikkinchi marta qila olmaysiz. Chunki unga qarshi immun reaksiyasi o‘tkir fazada turgan bo‘ladi. Odam hali birinchi ineksiyaga javob qaytarmagan bo‘ladi. Bunaqasi, masalan, keksa odamlarda uchraydi. Axir siz hammasida bir xil intakt immunitet bo‘ladigan oq sichqonlar bilan ishlayotganingiz yo‘q-ku. Sizda populyatsiyada har xil holatlar bor. Odatda, yaxshi immun reaksiyasini olish uchun uni kuchaytirish kerak va ikkinchi ineksiyani yuborish kerak.
Biz bu narsani sichqonlarda va primatlarda yaxshilab tekshirib ko‘rdik. Bizda aynan bitta vektorni ikki marta kiritish borasida odamlar bilan qilingan klinik sinovlar bo‘lib o‘tdi va bunda yaxshi natijalar borligini bilamiz. Birinchi ineksiyadan keyin barcha ko‘ngillilarda unga javoban reaksiya paydo bo‘ldi. Lekin ikkinchi bor ineksiyada esa immunitetning sezilarli kuchayishi faqat ikkinchi vektorning boshqa komponentga asoslangan shakli yuborilgan odamlardagina kuzatildi. Aynan bir vektorni yuborilganlarda esa kuchayish deyarli sezilmadi. Ya’ni kimdir agar faqat bitta vektorni ikki marta kiritmoqchi bo‘lsa, u juda sust immunitet hosil qiladi xolos. U esa atigi 3-6 oyda yo‘qolib ketishi mumkin.
-Oksford vaksinasidan asosiy farqingiz shundami?
-Mana siz farq izlayapsiz. Men esa o‘xshashliklarni qidiraman. Biz odamga bir marta ukol qilsak, lekin u foyda bermasa unday prinsipiallik bilan ishlamaymiz. Biz vaksina turli odamlarga ta’sir qilishiga ishonchimiz komil bo‘lishi kerak.
-Ko‘ngillilardan kutilmagan reaksiyalar kuzatildimi?
-Baxtimizga bunday bo‘lmadi. Hammasi kutilganidek – harorat, ukol joyidagi og‘riq xolos. Oz-moz toshmalar. Hammasi standart bo‘yicha.
-Vaksina borasida nima tayyor va nima hali rejalashtirilmoqda?
-Sichqonlarda, maymunlarda va og‘maxonda klinik tekshirishlardan avvalgi tadqiqotlar o‘tkazib bo‘lindi. Bexatarligi esa kalamush, quyon va maymunlarning ikki turida – rezus makakasi hamda marmozetkalarda sinab ko‘rildi.
-Hammasi joyidami?
-Ha, aks holda bizga ko‘ngillilar bilan klinik tadqiqotlar o‘tkazishga ruxsat berishmagan bo‘lardi.
-Antitana bor va nojo‘ya ta’sir yo‘qmi?
-Bilasizmi, rezus makakasi va marmozetkalarda antitana olish bu masalaning eng muammoli jihati emas.
-T-hujayralar-chi?
-Bu ham. Bu juda oddiy. Hayvonlarda bu juda yaxshi bilinadi.
-Bu virusning o‘zidan himoyalaydimi? Buni tekshirib ko‘rdingizmi?
-Ha, og‘maxon va rezus-makakasida tekshirildi.
-Hali bu haqida maqola yozmadingizmi?
-Hozircha yo‘q, lekin yozamiz.
-Ya’ni keyin 38 ta odamda tekshiriladimi?
-Ikki marta 38 tadan.
-Ayrimlariga oddiy vaksina, boshqalariga esa “quritilgani” yuboriladimi?
-Xuddi shunday.
-Bu faza yakunlandimi?
-Yakunlanyapti. Allaqachon vaksina ineksiya qildik va kuzatyapmiz.
-Hozir vaksina qilingandan buyon nechanchi kun?
-28-kun
-Natijalar qanday?
-Yakuniy natijalar keyin ma’lum bo‘ladi. Hozircha, ayrim natijalar bor xolos va u vaksinaning xavfsiz ekani hamda unga qarshi immun javobi borligidir.
-Siz antitanalarni, T-hujayralarni va neytrallovchi antitanalarni tekshiryapsiz. Menimcha shu xolos. Boshqa hech narsani tekshirish kerak emasmi?
-Mumkin. Biz turli antitanalarni turli test tizimlarida – lgG, IFA, virusni neytrallovchi antitanalar titri, T-hujayrali immun javobi – limfoproliferatsiya CD4 va CD8 va ular orqali gamma-interferon ishlab chiqarilishi kabilarni tekshiryapmiz. Bemorlar unchalik ko‘p bo‘lmasa, ularni hamma taraflama tekshirish kerak, biz shunday qilyapmiz. Birinchi o‘rinda o‘zimiz uchun, axir biz vaksinamiz haqida maksimal ko‘p narsa bilishimiz shart.
-Bu vaksina majburiy bo‘ladimi?
-Bu savol menga emas. O‘z fikrimni aytishim mumkin: odamlarni majburlash unchalik ham to‘g‘ri emas, odamlar o‘zlari qaror qabul qila oladi. SSV qandaydir xatar guruhlarini aniqlab, ularga vaksinatsiyani tavsiya qilishi mumkin. Bular boshqalar bilan ko‘p muloqotda bo‘ladiganlar, vrachlar, o‘qituvchilar kabilardir. Bunday mutaxassisliklar uchun tavsiyalar ishlab chiqilsa kerak.
-Matbuotda shunday yozishyapti: Gamaleya institutida vaksina sinovi yakunlandi. Hammasi isbotlandi. Ishlayapti. Emlashga tayyorlaning...
-Men matbuot emasman va undagi narsalarga javob bermayman. Biz haqimizdagi yangiliklar kutilmaganda yopirilib ketyapti. Biz maksimal oshkoralik qilamiz: hammasini aytishga tayyormiz. Bizda 20 xil variant yo‘q, atigi bitta variant bor. Uni tasodifan qilmaganmiz, barcha ma’lumot mavjud, hammasini nufuzli xorijiy jurnallarda e’lon qilamiz. Klinik bazaning barcha dozasini haqiqatan ham ko‘ngillilarga qildik. Va ehtimol, matbuotda tadqiqotlar yakunlandi deb yozganda, shuni nazarda tutishgandir. Lekin tadqiqot tugagani yo‘q. Ko‘ngillilar ustidan kuzatuv hali yana yarim yil davom etadi. Lekin Amerikada ham, Rossiyada ham maxsus qarorlar bor va ular...
-Shoshiltirishadimi?
-Ha. Jarayonlarni soddalashtirishni ko‘zda tutadi. Lekin bu ko‘ngillilarga vaksina qilib qo‘yib, unga nisbatan javobgarlik soqit qilish mumkin degan narsani anglatmaydi. Ular haqidagi axborot vaksinatsiyadan keyin 42 kun o‘tib to‘planadi. Keyin uch oy o‘tib, keyin yarim yil o‘tib. Lekin bizda tezlashtirish etapi haqida birinchi fazadan keyin o‘tilishi mumkin. 42 kundan keyin biz barcha ma’lumotni e’lon qilamiz.
-Unda vaksina sentabrga tayyor bo‘ladi degan gaplar nimani anglatadi? Buni qanday tushunish kerak?
-Bu degani agar bo‘lsa...
-Bo‘lmasligi ham mumkinmi?
-Tushuning, bu obyektiv tadqiqot. Vaksina ro‘yxatdan o‘tadimi, yo‘qmi, buni biz hal qilmaymiz. Biz bunday qarorga ta’sir qila olmaymiz. Nazorat nuqtayi nazaridan bu quyidagicha ishlaydi: ishlab chiqaruvchi, u shuningdek, homiy ham bo‘ladi, vaksinani klinik bazaga topshiradi va u yog‘ini o‘sha o‘zi qiladi. Bizdan hech narsani so‘rashmaydi. Klinik baza hujjatlarni tayyorlaydi. Kuzatuvlarni, ko‘ngillilarning kundaliklarini va hokazo. Bularning barchasi immunogenlik tahlili bo‘yicha hujjatlar to‘plamiga yig‘iladi. Buning hammasi SSV ekspertiza markaziga yuboriladi. Shu hujjatlar asosida – klinik tekshirishlardan avvalgi va klinik tekshirishlardagi hujjatlar to‘plami asosida aynan SSV ekspertiza markazi vaksinaning samaradorligini, xavfsizligini, chegaralangan sharoitlarda bu vaksinani chiqarsa bo‘ladimi-yo‘qmi, xullas, vaksina “o‘tishi” yoki o‘tmasligini hal qiladi.
“Chegaralangan sharoitlarda” degani nima degani? Bu degani biz natijani yanada ko‘proq sonli ko‘ngillilarda takrorlab ko‘rsatishimiz shart bo‘lmaydi degani bo‘ladi va ro‘yxatga olish yakunlanaveradi. Shu sababli, yana kengaytirilgan tekshirish (xalqaro tasniflashda buni uchinchi faza deyiladi) o‘tkazish shart bo‘ladi. Unda ko‘ngillilar ustidan kuzatish ishlari 42 kun emas, balki yarim yil bo‘ladi. Shundan keyingina vaksinaning bexatar ekani, samarali ekani isbotlanadi va agar ekspert kengashi shunga loyiq deb topsa, unda biz doimiy ro‘yxatdan o‘tkazilgani haqidagi guvohnomani olamiz. Hozir esa ro‘yxatdan o‘tkazilishi “chegaralangan sharoitdagi” ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘lib, u faqat xatar guruhidagilarni emlashga ruxsat beradi xolos. Bori shu.
Dunyodan birinchi bo‘lish istagi menda yo‘q. Birlamchi vazifa – o‘z yaqinlarimni himoya qilish
-Siz ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ushbu ikki guruh 38 nafardan odam bilan qilingan sinov yetarli deb o‘ylaysizmi? Bu juda oz-ku?-Bu “chegaralangan sharoitdagi” ro‘yxatdan o‘tish uchun yetarli. Masalan, bu yosh bolalarni, keksalarni emlashga yo‘l qo‘ymaydi. Lekin bu bizga kattaroq sondagi ko‘ngillilar bilan tadqiqotlar olib borishga imkon beradi.
-Ro‘yxatga olishning bunday sxemasi bilan vaksina chiqarishni to‘g‘ri deb o‘ylaysizmi?
-Hozir Amerika ham aynan shu joyga keldi. Ularda ham vaksina soddalashtirilgan sxema bo‘yicha olindi. Umuman hamma u yoki bu darajada shu yo‘ldan bordi. Britaniyaliklar ham. Ular hozir birinchi fazadan keyin ular ham soddalashtirilgan tarzda ro‘yxatdan o‘tkazishni amalga oshirishadi, mana ko‘rasiz.
-Faqat ularda tadqiqotlarda ming nafar odam ishladi, 78 ta emas. Ular minglab ko‘ngillilar bilan sinovdan keyin ham soddalashtirilgan sxemaga o‘tadimi?
-Mingtani ular ham uzoq tekshira olmaydi. Amerikada ham, yana boshqa joyda ham to‘liq tadqiqot bo‘lmaydi.
-Shunday dag‘al arifmetika keltirish mumkinmi? Masalan, kasallikdagi o‘lim ko‘rsatkichi bir foiz atrofida bo‘lsa, unda vaksina bexatar ekanini isbotlash uchun hamda u haqiqatan ham foyda keltirayotganini ko‘rsatish uchun kamida 100 ta odamni kuzatish kerak emasmi? Masalan, qandaydir kamyob, lekin jiddiy nojo‘ya effektni ko‘rish, misol uchun o‘sha ADE-effekt reaksiyasini ko‘rish yoki yana boshqa biror narsani aniqlash uchun. Demoqchimanki, shunchaki emlashdan kelib chiqadigan xavf kasallikning o‘zining xavfidan past ekaniga ishonch hosil qilish uchun. Shunday emasmi?
-Albatta, biz shunday qilamiz ham. Ikki mingta ko‘ngilli ishtirokidagi uchinchi faza tadqiqotlar uchun protokol allaqachon ishlab chiqilgan bo‘lib, hozircha u tasdiqlangani yo‘q. Shu sababli hali u haqida gapirilmadi. Lekin u bor. Biz bunday katta tadqiqotdan bo‘yin tovlayotganimiz yo‘q. Biz uning albatta o‘tkazilishi uchun hamma harakatni qilyapmiz.
-Agar shunday fantastik holatni tasavvur qilib ko‘rsak. Siz preparatni bozorga chiqarasiz. Keyin esa nimadir chappasiga ketadi, xuddi kinodagidek. Unda nima qilasiz? Hammasini qaytarib olasizmi?
-Har qanday dori uchun, u biznikimi, yo boshqanikimi – farqi yo‘q – maxsus jarayonlardan o‘tiladi. Tekshiruvlar qilinadi. Hammasi yozib qo‘yilgan. Umuman olganda, biz ko‘ngillilar bilan ro‘y berayotgan hamma narsa haqida SSVga raport topshiramiz. Bizda bu borada ancha qat’iy nazorat sistemasi joriy qilingan.
-OAVdagi vaksina haqidagi ma’lumotlarni o‘g‘irlamoqchi bo‘lgan xakerlar haqidagi ma’lumotlardan kelib chiqib so‘ramoqchi edim, vaksina ishlab chiqishdagi ma’lumotlarning qanday qismi maxfiy tutiladi? Nimani ayniqsa alohida qat’iy himoyalash kerak? Siz hech qachon hech kimga aytmaydigan “Koshey o‘limi” joyi qayer?
-Siz qandaydir texnologiya ichida yashayotganingizda o‘zingiz istaysizmi, yo‘qmi, shunday ko‘pgina tajribalar shakllanadiki, ularni hatto patentga ham kiritmaysiz. Ularni o‘g‘irlash qiyin. Bu texnologiyani tushunish va undan foydalanish uchun 15-20 yil ishlash kerak. Xo‘sh, buni qanday o‘g‘irlash mumkin? Faqat barcha ilmiy guruhni ham birga o‘g‘irlash kerak bo‘ladi. Vaksina bozorga chiqqach esa uning tarkibida nimalar borligini istalgan odam ko‘ra oladi. Bunda hech qanday maxfiylik bo‘lmaydi.
-Dunyodan birinchi bo‘lish ishtiyoqi bormi?
-Mendami? Yo‘q. Bo‘lishi kerak ehtimol. Lekin yo‘q. Men doim o‘zim uchun boshqa maqsad qo‘yganman. Birlamchi vazifa – o‘z yaqinlarimni himoya qilish. Chunki bu rostdan ham rosa qo‘rqinchli bo‘lgan edi va yaqinlarimni himoya qilish maqsadi juda kuchli. Buning ustiga, amerikaliklardan birinchi bo‘lish, yevropaliklardan birinchi bo‘lish bu – bozorni egallash borasidagi moliyaviy maqsadlardir. Men esa bozor egallamayman. Men preparatlar ishlab chiqaraman. Va men uchun o‘zim chiqargan preparat yaxshi bo‘lishi va samarali bo‘lish muhim. Uni kim va qanday sotishi esa albatta muhim, lekin ikkinchi darajali.
Yil oxiriga kelib biz yiliga million doza vaksina chiqaradigan bo‘lishimiz kerak
-Axir siz o‘z tadqiqotlaringizda faqat antitana va T-hujayra singari bilvosita himoya effekti belgilarga qarayapsiz. Lekin emlanganlar emlanmaganlardan ko‘ra kamroq kasallanishi borasidagi statistikani hali yuritganingiz yo‘q. Shunday ehtimol bormi, laboratoriya tekshiruvlari hammasi yaxshi deb turgan paytda real hayotda vaksina samarasiz bo‘lib chiqishi mumkinmi?-Albatta, buning hammasi kuzatiladi va buni ko‘ramiz. Emlangan hayvonlar emlashdan keyin himoyalangan bo‘lib chiqyapti – og‘maxonlar ham, maymunlar ham. Shu sababli, vaksina ish bermasligi mumkin deb o‘ylashga asos yo‘q. Bu bilan bog‘liq yagona xavf, agar shaxsiy fikrimni aytsam, immunitet qancha saqlanishi bilan bog‘liq. U bir yil turadimi, ikki yilmi, uch yilmi – biz aniq bilmaymiz. Biz ham, boshqalar ham buni hozir ayta olmaydi. Axir kasallik paydo bo‘lganiga atigi olti oy bo‘ldi.
-Qancha doza vaksina chiqarmoqchisiz?
-Chiqarish uchun ishlab chiqarishni kengaytirish kerak. Bu o‘rinda SSV vaksinani ishlab chiqarish maydonchalariga imkon qadar tezroq ko‘chirishga urinmoqda. Ishlab chiqaruvchilar ham maksimal tez bozorni egallashi, sifat ta’minlanishi kerak. Bu ham albatta muhim vazifalardan biri bo‘lib, parallel hal qilib boriladi.
-Aytaylik, sizda hoziroq ruxsat bor va sizga “qani, bizga 146 million doza vaksina kerak!” - deyishdi.
-Men faqat Gamaleya institutida bo‘ladigan narsa uchun javob berishim mumkin. Hamkasblarimiz qanday quvvatlarga chiqishini o‘zlaridan so‘rash kerak. (Ular haqiqatan ham bizga hamkor bo‘ladi, raqib yoki dushman emas).
-Sizlarda qancha bo‘ladi?
-Yil oxiriga borib biz yiliga million doza vaksina chiqaradigan bo‘lishimiz kerak. Yiliga uch million dozadan besh million dozagacha. Bizning ishlab chiqarishimiz uch bosqichda tashkillanadi. Barcha asbob-uskunalar va ashyolar buyurtma qilingan.
-Hatto hujayralarni o‘stirish uchun muhit borasida ham muammolar bo‘lishi mumkin. Hammaga bir xil muhit kerak. Bunday muhit esa bizdan chiqmaydi, u import qilinadi. Bu bilan muammo bo‘lmaydimi?
-Hozircha Rossiyani bu borada siquvga olinayotgani yo‘q. Nazariy jihatdan ha, muammo bo‘lishi mumkin. Lekin shaxsan men bunday narsaga duch kelmaganman. Aksincha, ishlab chiqaruvchilar buyurtmani tezlashtirish uchun uni COVID-19 ga qarshi vosita yaratishda foydalanishimizga urg‘u berib buyurtma qilishni so‘rashmoqda.
-Siz qandaydir noroziliklardan cho‘chimaysizmi? Masalan, avvaliga amaldorlarni emlashdan boshlasa-chi?
-Nima uchun men bundan cho‘chishim kerak? Yo‘q, cho‘chimayman. Bu savol menga emas. Mening masalam – yaxshi mahsulot chiqarish va shu bilan mening vazifam bitadi. Davlat uchun ustuvor narsalarga hukumat va SSV qarashi kerak. Agar hukumat bizga tegishli qaror chiqarsa, biz unga amal qilamiz, undan tashqariga chiqmaymiz. Boshqa variant yo‘q. Biz bo‘ysunuvchi tashkilotmiz. Kimga berish, kimni birinchi o‘rinda himoyalash – bu hammasi hisob-kitob qilinadi va hisoblanmoqda. Ishonchim komil, bizda unaqa – “bularni himoyalaymiz, bularni esa yo‘q”, deb ajratish bo‘lmaydi.
-Yana qaysi joylarda sizning vaksinangiz ishlab chiqariladi?
-“R-farm”, “Generium”, “Bonnofarm” – asosiy ishlab chiqarish maydonlari, bu kompaniyalar o‘zlari bizga murojaat qilishdi va ishtirok etishga ruxsat so‘rashdi.
-Moliyaviy jihatdan foydalimi?
-Ehtimol. Lekin ishonchim komilki, ko‘pchilik uchun bu yirik ishlarga hissa qo‘shish imkoni ham.
-Bu kuchli ishtiyoqmi?
-Albatta. Katta ishlarga bosh qo‘shish, qanaqadir bo‘lmag‘ur ishga emas.
-Ehtimol, bu ahmoqona savoldir: siz qilayotgan ishingiz borasida Rossiya aholisi oldidagi mas’uliyatni his qilasizmi?
-Albatta. Okopda tushib olib, tashqarida nima bo‘layotganini kuzatib o‘tirish kerak emas. Biz uchun bu haqiqatan ham katta chaqiriq va unga munosib javob berish kerak. Shundayki, bu mening mutaxassisligim, sen virusolog, mikrobiolog bo‘la turib, bunday jarayondan chetda qolishing mumkin emas. Bu chaqiriqqa biz javob berishimiz kerak.
-Surbetlik uchun uzr, lekin ayting-chi, o‘zingizning eng yaqin qarindoshlaringiz koronavirus bilan kasallandimi?
-Qarindoshlarim kasallandi. Keksaroqlari kasalxonaga ham tushib qoldi.
Izoh (0)