Toshkent shahar Mirobod tumani Farg‘ona yo‘li ko‘chasida tormoz tizimida yuzaga kelgan nosozlik sababli avtokran uchta yengil avtomobilga zarar yetkazdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 14-avgust kuni soat 18:30 larda Farg‘ona yo‘li va Jarqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida 28 yoshli M.A. “MAZ” rusumli avtokranni boshqarish davomida 57 yoshli H.J. boshqaruvidagi yo‘l chetida nosozlik sababli to‘xtab turgan Mazda avtomobiliga to‘qnashgan. Avtokran haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, YTHga tormoz tizimining ishdan chiqqanligi sabab bo‘lgan.
Inersiya bo‘yicha harakatni davom ettirgan avtokran ag‘darilib, svetoforning taqiqlovchi belgisi ostida to‘xtab turgan 34 yoshli S.A.ning Spark va 52 yoshli B.X.ning Nexia avtomobili ustiga yiqilgan.
YTH natijasida Mazda avtomobili yo‘lovchisi 23 yoshli S.Yu. tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Izoh (0)