Investorlar Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli TikTok servisini 50 milliard dollarga baholadi. Bu haqda Reuters vaziyatdan xabardor o‘z manbalariga tayanib ma’lum qildi.

Foto: TechCrunch

Ma’lumotlarga ko‘ra, servisning 2020-yil yakunlari bo‘yicha ko‘radigan foydasi bir milliard dollarga yetishi prognoz qilinmoqda.

ByteDance AQSh tomonidan bo‘layotgan bosimlar fonida TikTok nazoratidan voz kechish uchun bir nechta takliflarni ko‘rib chiqmoqda.

Ta’kidlanishicha, Amerika hukumati servisni Xitoy hukumati foydasiga ishlashda gumonlab, uning faoliyatini cheklashga urinmoqda. Masalan, Amerikada davlat idoralari xodimlariga xizmat qurilmalarida TikTok’dan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan.

Reuters manbalariga ko‘ra, ByteDance biror bir kelishuvga rozi bo‘lishiga ishonch yo‘q. Shuningdek, TikTok’ni faqat Amerika biznesiga sotish, mustaqil direktorlar kengashini tuzish yoki yangi xolding boshqaruvida xizmat ko‘rsatish imkoniyatlari ko‘rib chiqilmoqda.

Hozircha ByteDance hech qanday qaror qabul qilmagan. Kompaniya vaziyatga izoh berishdan bosh tortgan.

Avvalroq Xitoy “sotsializm qadriyatlaridan chekingani uchun” TikTok’ka egalik qiluvchi kompaniyani jazolagani to‘g‘risida xabar berilgandi. May oyida TikTok dastur ichida pul ishlash borasida YouTube va Netflix’ni ortda qoldirgan.

TikTok qisqa musiqiy video yaratishga, jonli efirlarni amalga oshirishga va xabar almashishga imkon beruvchi ijtimoiy tarmoq servisi hisoblanadi. 2016-yilning sentabr oyida ishga tushirilgan dastur Xitoyda qisqa videolar bo‘yicha yetakchi ijtimoiy tarmoq hisoblanadi.