O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov matbuot xizmatida ishlagan, 1980—1990-yillar o‘zbek televideniyesining yulduzi bo‘lgan suxandon Lola Hotamova 20 yildirki Amerikaning Florida shtatida istiqomat qilmoqda. “Daryo” muxbiri o‘zbek ayollari orasidagi ilk siyosiy sharhlovchi va hindshunos sifatida ham tanilgan ijodkor bilan internet orqali bog‘lanib, suhbatlashdi. Ochiq-oydin kechgan intervyuda ko‘pchilikni qiziqtirgan savollarga ham javob topish mumkin.
- Lola opa, avvalo, suhbatga rozi bo‘lganingiz uchun katta rahmat. Intervyu uyushtirish maqsadida sizni topishimiz biroz qiyin kechdi. So‘rab-surishtirsak, ancha yil avval okean ortiga ko‘chib ketgan ekansiz. Xo‘sh, nima uchun bugun Amerikadasiz?
- AQShda yashashimning albatta, o‘ziga xos sabablari mavjud. 1991-yili meni Prezident devoni va televideniyedagi ikkala ishimdan ham hech qanday asossiz bo‘shatishdi. Ancha vaqt haqiqatni izlab, bir qancha tashkilotlar eshigini taqillatdim. Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmanga xat yo‘lladim, ammo natija bo‘lmadi. Hatto “Saodat” jurnalining o‘sha paytdagi muharririning oldiga ham borganman. Unda Halima Xudoyberdiyeva Respublika xotin-qizlar qo‘mitasi raisligiga saylangach, o‘rniga bir taniqli xalq shoirasi muharrirlik qilardi. U mening gaplarimni eshitib, xonasidan haydab yuborgan. O‘shanda juda yomon ahvolga tushganman va muharrirdan ko‘nglim qolgan. El nazariga tushgan va unvoni bor shoira ayol sifatida ko‘nglimni ko‘tarib, ikki og‘iz iliq so‘z bilan menga dalda bo‘lganida shuning o‘zi yetardi aslida. Nazarimda, u amalidan ajralishdan qo‘rqib, kaminaga qo‘pol muomala qilgan.
Shunday bo‘lsa-da, to‘qqiz yil davomida turli sohalarda faoliyat yuritdim. “Balki, yana hayot o‘nglanib qolar, yaxshi yashash nasib qilar”, deya ertangi kunga umid bilan qaradim. Ammo O‘zbekistondagi hayot yildan yilga battarlashib, nohaqliklar va adolatsizliklar ko‘payib ketdi, bu esa ruhiyatimga yomon ta’sir qildi.
Ikki nafar qizimni oyoqqa turg‘izib, ularni o‘qitish, turmushga uzatish uchun ham qo‘limda yetarli mablag‘ bo‘lishi kerak edi. Lekin mamlakatda oylik maoshlarning judayam pastligi meni chet eldan ish qidirishimga sabab bo‘ldi. Amerika elchixonasidan viza olib, sehrli diyorda ishlab, yaxshi daromad topayotgan yurtdoshlarimizga nisbatan havas meni okean orti tomon yetakladi. Xorijga faqat moddiy manfaat qidirib kelganim yo‘q, balki, o‘z yurtimda qadrimni bilishmagani, bilimim, tajribam va iqtidorimga yarasha ish berishmagani uchun O‘zbekistondan ketishga qaror qilganman. 2000-yildan beri AQShdaman. Biroq haligacha O‘zbekiston fuqarosiman.
- Siz istiqomat qilayotgan Florida shtatida pandemiya davridagi hayot qanday?
- Florida shtatida avvaliga kasallanganlar soni ko‘p emas edi. Keyinchalik shimoliy shtatlardan odamlar janubga qarab yo‘l olganlari, plyajlar, restoranlarda gavjumlik paydo bo‘lgani tufayli bugungi kunda koronavirusga chalinganlar soni nihoyatda oshib ketyapti.
Odamlarning jamoat joylarida tibbiy niqob va qo‘lqop taqib yurishi odatga aylangan. Ammo bu mintaqada butunlay ko‘chaga chiqishni taqiqlash choralari ko‘rilmagan. Shaxsiy mashinani haydash, aholi kam joylarda sayr qilish, tongda yugurish mumkin. Oziq-ovqat do‘konlari ham karantin qoidalariga amal qilib, faoliyat yurityapti.
- Hozir qaysi sohada mehnat qilyapsiz? Daromad manbayingiz nima?
- Amerikaga sayyoh vizasi bilan kelgan odam darrov yaxshi ishga o‘rnasha olmaydi. Avvalo, ishlash huquqini beruvchi hujjatni qo‘lga kiritish kerak va bunga bir necha yil vaqt ketadi. Bu yerda ayollar uchun ishlash imkoniyati juda katta. Bolalarga enagalik qilish, nuroniylarni parvarishlash orqali pul topsa bo‘ladi. Men ham boshida shunday ishlarni qilganman. Qo‘limga ishlash huquqini beruvchi hujjatni olgach, tuzukroq joylarda ishlashga urinib ko‘rdim.
Ayni paytda o‘zbek, rus, hind va ingliz tillarida xizmat ko‘rsatuvchi immigratsiya sudida tarjimon bo‘lib ishlayapman. Ya’ni boshqa davlatlardan AQShga kelib yashashni istaydiganlarga tarjimonlik qilaman. Bu maqomga ega bo‘lishim oson kechmadi, albatta.
- Televideniye yoki radioda faoliyat yuritish istagi tug‘ildimi hech?
- Media sohasida ham ishlashga harakat qildim. Ammo tan olish kerak, Amerikada ko‘proq yoshlarga yo‘l beriladi. Ayniqsa, mahalliy diplomga ega yigit-qizlarga e’tibor katta. Men bu mamlakatga deyarli 50 yoshga to‘lgan davrimda kelganim bois AQShdagi biror oliy ta’lim muassasasida o‘qishga imkonim bo‘lmadi. Chunki ikki farzandim uchun ham ota, ham ona bo‘lib ishlab, ularni ulg‘aytirishim kerak edi. Qolaversa, Toshkentdagi yaqinlarimga ham g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga intilardim. Shu sabab ishga berilib ketdim.
- Sizni ko‘proq katta avlod vakillari yaxshi taniydi. Ammo shaxsingizga doir ma’lumotlarni ko‘pchilik bilmaydi. Shu o‘rinda o‘zingiz to‘g‘ringizda gapirib bersangiz?
- Toshkent shahrining “Labzak” mahallasida o‘zbek xonadonida tug‘ilganman. Ilmni, kitobni qadriga yetadigan oilada kamol topdim. Ota-onam Nizomiy nomidagi pedagogika institutida o‘qituvchi bo‘lib ishlashgan. Ular biz olti farzandning kitob o‘qish, chuqur bilim olish va musiqa o‘rganishga da’vat etishgan. Barchamiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qiganmiz.
Bolaligim juda baxtli o‘tgan. Musiqa maktabida xalq cholg‘ularidan rubob chalish sirlarini o‘rganganman. Sportga ishtiyoqim kuchli bo‘lgani tufayli basketbol va ot sporti bilan ham shug‘ullanganman. O‘quvchilik paytlarimda she’r va hikoyalar yozishga qiziqardim. Ammo til o‘rganishga bo‘lgan muhabbatim kuchli kelib, sharqshunoslik sohasida oliy ma’lumot olganman.
Talabalik chog‘imda “Qizlar davrasi”, “Kuylang, yosh xonandalar”, “Doira raqsga chorlaydi” kabi ko‘rsatuvlarda boshlovchilik qilardim, nutqim ravon, talaffuzim yaxshi edi. Mutaxassisligim bo‘yicha hindshunos bo‘lganim uchun ilk faoliyatimni O‘zbekiston radiosining chet ellarga eshittirish hind bo‘limi tahririyatida boshlaganman. Shu tariqa tele va radioxodimga aylanganman.
- Mohir tarjimon, hindshunos sifatida ham ancha tanilgansiz. Nima uchun aynan hind tilini mukammal o‘rganishga kirishgansiz?
- O‘zbek maktabida o‘qiganim bilan rus tilidagi kitoblarni juda ko‘p mutolaa qilardim. 12-13 yoshlarimda Toshkentda kuchli zilzila bo‘lgan va biz o‘quvchilarni uch oy Moskvaga pioner lageriga yuborishgan. Ruschani yaxshi bilganim o‘shanda ancha qo‘l kelgan. Ingliz tilini talabalik davrimda ikkinchi til sifatida o‘rganganman.
Hind tilini esa sakkiz yoshimdan bilaman. Chunki bu til maktabimizda chuqurlashtirilgan tarzda o‘qitilardi. Keyinchalik Hindistonda o‘n oy tahsil olish nasib qildi. Hindiston madaniyati va siyosati ham hindchani puxta o‘rganishimga bir omil bo‘lgan. Qisqasi, uch-to‘rtta tilda erkin muloqot qila olishim karyeramda muhim rol o‘ynadi va musofir yurtda ham ancha asqatyapti.
- Aynan hind tilini yaxshi bilganingiz tufayli O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning nazariga tushgan ekansiz.
- Xuddi shunday. 1990-yilning yozida Toshkentga Hindistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri Narasimxa Rao rasmiy tashrif bilan keldi. Men undan intervyu olish uchun aeroportga bordim. Lekin avvaliga mehmonlar intervyu berishni rad etdi. Ularga suhbatimiz ingliz tilida emas, balki hind tilida kechishini aytdim. Shundan keyin “Hind tilini bilasizmi?” deya hayratlanishdi va intervyuga rozi bo‘lishdi. Narasimxa Raodan 20 daqiqacha intervyu oldim. Yonimizda O‘zbekiston Sovet Sotsialistik Respublikasining o‘sha vaqtdagi Prezidenti Islom Karimov va sobiq bosh vazir Shukrullo Mirsaidov ham bor edi.
Hindiston delegatsiyasi qaytib ketganidan keyin Islom Karimov oldimga yaqinlashib, “Hind tilini bu darajada yaxshi gaplashishni qayerdan o‘rgangansiz?”, deb savol berdi. Unga ham hindchani maxsus maktabda, besh yil sobiq ToshDUning sharqshunoslik fakulteti va bir yilga yaqin vaqt Hindistondagi universitetda o‘qigan davrlarimda o‘rganganimni aytdim. “Shuncha bilim bilan televideniyeda nima qilib yuribsiz?!”, degach, hayron bo‘lib qolganman. Chunki ommaviy axborot vositalarida chuqur bilimli va haqiqiy mutaxassislar ishlashi kerak, deb o‘ylardim.
Mazkur suhbatdan so‘ng oradan uch oy o‘tib, Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmati bo‘limi rahbari lavozimiga ishga taklif qilishdi. Men ijod odami ekanligimni, televideniyeda ko‘rsatuvlar tayyorlab, efirga uzatishdan zavqlanishimni ta’kidladim. Ular esa yarim stavka televideniyeda qolishim mumkinligini aytishdi. Shundan so‘ng hukumatda ishlashga ham rozi bo‘ldim. Har hafta Vazirlar Mahkamasi qarorlari va olib borayotgan siyosati haqida maxsus ko‘rsatuvlar tayyorlardim.
1990-yilning dekabr oyida katta “Sovmin” kengashi bo‘ldi va unda ancha o‘zgarishlar kuzatildi. Jumladan, matbuot xizmati Prezident qabulxonasi boshqaruviga o‘tkazildi. Shu tariqa mening lavozimim ham o‘zgardi, ya’ni Prezident matbuot kotibi maslahatchisi bo‘ldim. O‘shanda ham televideniyedagi faoliyatimni davom ettirardim. Barchasi 1991-yil aprelgacha yaxshi ketayotgandi. Ammo to‘satdan “Lola Hotamova Prezident Karimovga erga tegayotganmish”, degan turli mish-mishlar tarqaldi. Bu gaplarni kim va nima sababdan to‘qib chiqarganini haligacha bilmayman.
- Bunday gap-so‘zlarning “bolalashi”ga nimalar sabab bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
- Islom Karimov menga juda e’tiborli edi. Majlislarda hammaning ichida “Lolaxon to‘g‘ri aytyapmanmi?”, “Lola Muhammadjonovna sizning fikringiz qanday?”, degan xitoblar orqali shaxsimga haddan tashqari ko‘p ahamiyat qaratardi. Men esa o‘zimni juda noqulay his etardim. Chunki hukumatga yangi ishga kelgan kadr edim va birinchi shaxsning og‘ziga tushadigan biror ishni qoyillatishga ulgurmagandim.
Mish-mishlarning paydo bo‘lishiga men tomonimdan hech qanday sabab bo‘lmagan va gunoh ishga qo‘l urmaganman. U kishiga yoqishga harakat ham qilmaganman. Doim o‘z ishimni vaqtida bajarardim. Balki, mening biror faoliyatim u insonda katta taassurot qoldirgandir yoki yo‘q, bilmadim. Lekin kimgadir shunday gap-so‘zlar kerak bo‘lganki, tuhmat qilishgacha borishgan.
O‘rtamizda hech qachon hech narsa bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas edi. U odamga davlat rahbari va bir siyosatchi sifatida qaraganman. Oilasi borligini ham yaxshi bilardim. Ammo asossiz mish-mishlar tufayli ikkala ishimdan ham ayrilganim rost. Mening bitta aybim — o‘sha davrda juda mashhur va omadli telejurnalist edim.
- Bosib o‘tgan umr va ijod yo‘llaringizga nazar tashlaganingizda nimalardan qattiq afsuslanasiz?
- Har bir inson ma’lum bir davrda ortda qolgan hayotiga ko‘z tashlab, qabul qilgan qarorlarini taroziga qo‘yadi. Achinganim shuki, televideniyeda ijodkor sifatida ishlab yurganimda hukumat yoki Prezident devonida faoliyat yuritishimning umuman keragi yo‘q edi. Men o‘sha davrdagi rahbarlarning taklifini rad etib, tinchgina telejurnalistligimni qilsam bo‘lardi. Turli balolar ana shu davrda boshimga yog‘ildi. Oddiy ijodkor sifatida hayotimdan mamnun edim, oyligim ham yaxshi edi.
1991-yili meni nohaq ishdan bo‘shatib, bo‘lmag‘ur qarorlari orqali ekranga chiqarmay qo‘yishgan paytidayoq mamlakatni tark etmaganligimga achinaman. To‘qqiz yil umrimni nimalarnidir kutib, orzu qilib, behuda o‘tkazganimga afsuslanaman. Ammo Amerika menga faylasufona mushohada yuritishimga juda katta imkoniyat yaratdi. Bu yerga kelib, hayotga ijobiy ko‘z bilan qaraydigan bo‘ldim. “Hayotda nimaki bo‘lsa, bu faqat yaxshilikka” shiori bilan yashashga odatlandim.
Agar hammasi yaxshi bo‘lib, ona yurtimda karyeramni davom ettirganimda juda katta balandliklarga chiqishim mumkin edi. Shubhasiz, O‘zbekistonning biror mamlakatdagi elchisi yoki vazir ham bo‘lardim. To‘g‘ri, o‘tmishimni sarhisob qilganimda ozgina alam bo‘ladi va ranjiyman. Ammo bugungi hayotimdan xursandman.
- Ko‘plab taniqli shaxslar va siyosiy arboblar bilan suhbatlashishga muyassar bo‘lgansiz. Esda qolarli intervyungiz kim bilan kechgan?
- O‘zbekistonning sovet davridagi ajoyib rahbarlaridan biri Sharof Rashidov bilan uch marta suhbat qurganman. Hindistonning o‘sha paytdagi bosh vaziri hamda bir qancha elchilardan intervyu olganman. Toshkentda o‘tkazilgan xalqaro kino festivallarda mashhur aktyorlar – Raj Kapur, Amitabh Bachchan, Zinat Omon, Rishi Kapur kabilar bilan muloqot qilganimda hamisha ichki hayajon bo‘lardi menda. Chunki ular o‘zga sayyoradan kelgan odamlardek tuyilardi. Har biri bilan kechgan suhbat o‘ziga xos taassurotlar qoldirgan.
- Ijtimoiy tarmoqlar orqali O‘zbekistondagi jurnalist va blogerlarga nisbatan bosim, tazyiqlar bo‘layotgani haqidagi muhokamalarni kuzatib borsangiz kerak. Ijodkor sifatida bunday holatlarga qanday munosabat bildirasiz?
- Haqiqatan ham O‘zbekistonda bloger va jurnalistlarga bosim juda oshib ketgan. Nazarimda, hokimlarning haddan tashqari katta huquqqa ega ekanligini hukumat jiddiy nazorat qilmayapti. Bu meni, albatta, tashvishga soladi.
Amerikada jurnalistlar uchun erkinlik bor. Xohlasa prezident yoki boshqa amaldorlarni ham bemalol tanqid qilib, xatolariga ko‘zgu tutishi mumkin. Negaki bu yerda sud tizimi juda yaxshi ishlaydi. Sudlar davlat rahbarining qarorini ham bekor qilib, o‘zi mustaqil hukm chiqarishi mumkin. O‘zbekistonda esa afsuski, sudlar hamon cho‘ntak sudlari bo‘lib qolgan. Ya’ni hokim yoki biror mutasaddi to‘ra telefon qilib, biror gap aytsa, sudyalar o‘sha amaldorning gapini ma’qullaydi va adolatdan ko‘z yumishadi.
- 2017-yilning bahorida O‘zbekistonga kelganingizda MTRK rahbariyati siz bilan uchrashib, televideniyedagi faoliyatingizni davom ettirishingizga xayrixoh bo‘lgan ekan. Taklifni nega rad etdingiz?
- Talabalik davrimdan efirga chiqib yurganim uchun 1991-yili hech qanday sababsiz ekranga chiqishimni taqiqlashgani menga juda qattiq ta’sir qilgan. Odam yaxshi ko‘rib, ishlagan karyerasidan ayrilsa, qiyin bo‘larkan. Tushlarimga mikrofon ushlab, kamera qarshisida ko‘rsatuvlar tayyorlagan paytlarim kirardi — rosa xumori tutardi.
27 yildan keyin zangori ekran orqali tomoshabinlar, muxlislarim bilan uchrashish nasib etdi. Televideniyedagi avvalgi hamkasblar, tanishlar bilan diydorlashib juda xursand bo‘ldim. MTRK rahbari Alisher Xo‘jayev men uchun vaqt ajratib, televideniyening yangi binosi - telemarkazni birga aylanib, ekskursiya qildirdi. U inson “O‘zbekiston-24” kanalida intervyu berish imkonini ham taqdim etdi. Ammo rasmiy ravishda biron ish taklif qilgani yo‘q.
- Farzandlaringiz bilan ham yaqindan tanishtirsangiz.
- Ikkala qizimga ham oliy ma’lumot berish nasib etdi. Katta farzandim Nyu-Yorkdagi nufuzli banklarning birida mas’ul lavozimda ishlaydi. Uch yoshli qizchasi va umr yo‘ldoshi bilan baxtli hayot kechirmoqda. Kenja qizim Bluegreen vacations kompaniyasida faoliyat yuritadi. Har ikkisi ham Amerikada o‘z uy-joyiga ega. Yolg‘izgina nabiram Shirin hozirning o‘zida uchta tilda gaplasha oladi. Garchi oilamda mendan boshqa hech kim jurnalistikaga qiziqmagan bo‘lsa-da, til o‘rganishga uquv hammada bor. Bundan men faxrlanaman. Chunki til bilgan el biladi.
- Samimiy suhbat uchun minnatdorchilik bildirib qolaman.
- Meni eslab, topib va faoliyat yuritayotgan saytingizdan minbar taqdim etganingizdan juda quvondim. Fursatdan foydalanib barcha yurtdoshlarimizni Qurbon hayiti bilan samimiy muborakbod etaman. Bugungi og‘ir kunlardan eson-omon o‘tib olishsin, qatorlarida xato bo‘lmasin. Barchaga jismoniy va ruhiy salomatlik tilayman!
Izoh (0)