Toshkent shahrida koronavirusga chalingan 32 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar qilgan.
Xabarda qayd etilishicha, Toshkent shahar Sergeli tumanida yashagan 32 yoshli D.I. ismli ayolda 2-iyuldan holsizlik, isitma 38 darajagacha ko‘tarilishi va yo‘tal boshlangan hamda 6-iyul kuni u “Bebimed” xususiy klinikasiga murojaat qilgan. 9-iyulga qadar uy sharoitida davolangan.
9-iyuldan boshlab shahar 7-sonli tug‘ruq kompleksida 29 haftalik 5-homiladorlik, 4-tug‘ruq, ikki tomonlama pnevmoniya, semizlikning 2-darajasi, kamqonlik tashxisi bilan statsionar sharoitida davolangan.
D.I.da COVID-19 tasdiqlangandan so‘ng esa 17-iyul kuni shahar 3-sonli tug‘ruq kompleksiga o‘ta og‘ir ahvolda o‘tkazilgan. U yerda unga COVID-19 infeksiyasining o‘ta og‘ir kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya tashxisi qo‘yilgan. Kasallik o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi asorati bilan kechgan.
Bemorda 30 haftalik homiladorlik, shuningdek, asoratlangan akusherlik anamnezi, homilaning antenatal o‘limi, qandli diabet va semizlikning 2-darajasi bo‘lgan.
“Bemorning asosiy kasallik asoratlari hisobiga ahvoli keskin og‘irlashib, mutaxassislar tomonidan standart asosida o‘tkazilgan reanimatsion choralarga qaramay u o‘tkir respirator distress sindromi, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, o‘pka shishi, poliorgan yetishmovchilikdan vafot etgan”, — deya xabar bergan SSV.
Hozirgacha Sog‘liqni saqlash vazirligi 116 kishining koronavirus asoratlaridan vafot etganini xabar berdi (avvalroq koronavirusga chalingan jizzaxlik 62 yoshli erkak vafot etgani haqida xabar berilgan edi). “Daryo” hisobi bo‘yicha koronavirusga chalingach vafot etganlar soni 122 nafarni tashkil etmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi 15-iyul kuni Navoiy viloyatidagi 61 yoshli xodimi Adhamjon Dehqonov, Madaniyat vazirligi esa 18-iyul kuni 32 yoshli xodimi Akmal Irisov koronavirus asoratlaridan vafot etgani, Olmaliq shahri hokimligi 9 va 15-iyul kunlari shahar shifoxonalarida vafot etgan ikki ayolda koronavirus tasdiqlangani haqida xabar bergan.
Shuningdek, 22-iyulda bosh prokurorning sobiq o‘rinbosari, hozirda Qoraqalpog‘iston prokuraturasida bo‘lim boshlig‘i bo‘lib ishlayotgan 66 yoshli Hakimbay Xalimov, Chilonzor tumani Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi bakteriologiya laboratoriyasi mudiri 62 yoshli Marhabo Ahmedova koronavirus asoratlaridan vafot etgani xabar qilingan.
Biroq ushbu olti holat yuzasidan SSV tomonidan ayni vaqtgacha axborot berilmagan.
Izoh (0)