“Lokomotiv” bosh murabbiyi Andrey Fyodorov Coca-Cola Superliga 9-turi doirasida “Mash’al”ga qarshi kechgan uchrashuvdagi (0:1) mag‘lubiyatdan so‘ng o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Juda yomon o‘ynadik Bu nima bilan bog‘liq ekanligini bilmayman, ammo oxirgi ikki uchrashuvda o‘yinimiz umuman o‘xshamadi. O‘yinlarni tahlil qilib, ko‘rib chiqamiz. Birinchi bo‘limda yaxshi imkoniyatlarga ega bo‘ldik, biroq foydalana olmadik.
“Mash’al” yaxshi o‘ynadi va ijobiy natijaga erishib, 3 ochkoga ega bo‘ldi.
Hech qachon hakamlar ustidan shikoyat qilmaganman, bu safar ham unday qilmoqchi emasman. Bir necha o‘yindan beri ko‘p sariq kartochkalar olyapmiz. Har bir o‘yinga kamida 4 ta ogohlantirish to‘g‘ri kelyapti.
Mazkur o‘yinga kelsak, 30-daqiqada raqib qo‘polligi uchun ikkinchi sariqni olishi va maydondan chetlatilishi zarur edi. Chunki vaziyat kamiga sariq kartochkaga tortardi, lekin unday qilinmadi. Men bu bo‘yicha hakamga murojaat qilsam, ular vaziyatni komissiya yordamida ko‘rib chiqib, bir qarorga kelishlarini aytdi.
Marak Bikmayevning maydonga tushmaganiga sabab, mashg‘ulotlardan birida uning eski jarohati bezovta qilib qoldi va u o‘yinda qatnasholmasdi. U zaxirada bor edi, biroq uning sog‘lig‘i bilan tavakkal qilishni istamadik.
Faqat kuchsiz jamoalar ustidan g‘alaba qozonyapmiz deb hisoblamagan bo‘lardim. Oldin ham aytganimdek, uydami yoki safardami hech bir jamoa sizga ochkolarni shunchaki berib qo‘ymaydi, bu uchun kurashish kerak. “Mash’al”ga qarshi bahsda mag‘lubiyatga emas, kamida durangga loyiq edik.
Iste’fo? Bu haqida o‘ylayotganim ham yo‘q”, — deya Fyodorov so‘zlarini keltirmoqda “Championat.asia”.
Bu mag‘lubiyatdan keyin “Lokomotiv” 12 ochko bilan 8-pog‘onada bormoqda. Jamoa keyingi turda OKMK bilan o‘ynaydi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)