Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Qozog‘istonda tarqalgan “noma’lum” pnevmoniya koronavirus bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi, deb xabar beradi Tengrinews.
JSSTning sog‘liqni saqlash sohasida favqulodda vaziyatlar bo‘yicha dasturi direktori Maykl Rayanning fikricha, mavjud holatlarda “shunchaki noto‘g‘ri tashxis qo‘yilgan”.
Uning qo‘shimcha qilishicha, JSST Qozog‘iston hukumati bilan birgalikda kasallik koronavirus belgilariga mos kelish-kelmasligini o‘rganish maqsadida pnevmoniyaga chalinganlarning rentgen tasvirlarini tekshirmoqda. “Sog‘liqni saqlash organlari soxta salbiy testlar yo‘qligiga ishonch hosil qilish maqsadida o‘tkazilgan test hamda sinovlar sifatini tekshiradi”, — deydi Rayan.
Avvalroq Xitoy ommaviy axborot vositalari Qozog‘istonda “koronavirusdan ham xavfliroq” noma’lum pnevmoniya tarqalgani to‘g‘risida xabar bergandi. Keyinroq mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi ushbu ma’lumotlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Olmaota shahri rasmiylari shaharda yaqin kunlarda kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va pnevmoniyaga chalinganlar soni ortganini epidemiya deb qarayotgani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosari va viloyat bosh sanitariya vrachi pnevmoniyadan vafot etgan. JSST noma’lum pnevmoniya tarqalgani haqidagi xabar sababli Qozog‘iston bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Izoh (0)