Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Xitoy elchixonasi tomonidan Qozog‘istonda pnevmoniyaning noma’lum turi tarqalgani haqida berilgan ogohlantirishdan keyin Qozog‘iston hukumati bilan aloqada bo‘lib turibdi. Bu haqda tashkilot vakiliga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

Avvalroq Xitoyning Qozog‘istondagi elchixonasi o‘z saytida mamlakatda bo‘lib turgan xitoylik fuqarolarni respublika hududida pnevmoniyaning xavfli turini keltirib chiqaradigan yangi infeksiya tarqalganidan ogohlantirgandi. Elchixona xabarida ta’kidlanishicha, mazkur pnevmoniyaning o‘limga olib kelish darajasi COVID-19 infeksiyasinikidan kuchliroq.

“Pnevmoniya yuzaga kelishining ko‘plab ehtimoliy sabablari mavjud, ulardan biri — Qozog‘istonda tarqalayotgan COVID-19. Mamlakat rasmiylari tomonidan o‘tgan bir haftada COVID-19 bilan bog‘liq 10 mingdan ortiq holat qayd etilgan”, — deya ta’kidladi JSST vakili.

Uning qo‘shimcha qilishicha, ayni paytda tashkilot vaziyatning o‘zgarishini tushunish va zarur yordam ko‘rsatish uchun mamlakat hukumati bilan aloqada bo‘lib turibdi.

Qozog‘istonda koronavirusga chalinganlar soni 54 750 kishidan oshgan, 31 800 dan ortiq bemor tuzalishga muvaffaq bo‘lgan. 6-iyul holatiga ko‘ra, 264 kishi kasallik qurboniga aylangan, kasallikdan vafot etganlar soni haftada bir marta e’lon qilinmoqda.

Qozog‘istonda 5-iyuldan boshlab 14 kun muddatga bir qator karantin cheklovlari joriy qilingan. Mazkur muddat tugagach cheklovlar uzaytirilishi yoki keskinlashtirilishi mumkin.

Avvalroq Qozog‘istonning Olmaota shahri rasmiylari shaharda yaqin kunlarda kuzatilayotgan o‘tkir respirator virusli infeksiyalar (O‘RVI) va pnevmoniyaga chalinganlar soni ortganini epidemiya deb qarayotgani xabar berilgan edi. Olmaota viloyati hokimi o‘rinbosari va viloyat bosh sanitariya vrachi pnevmoniyadan vafot etgan.