Qozog‘iston poytaxti Nur-Sulton shahrida mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning haykali ochildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: Qozog‘iston prezidenti matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev haykalning ochilish marosimida onlayn rejimda ishtirok etgan. Mamlakat birinchi prezidentiga bag‘ishlangan monument Mudofaa milliy universiteti hududiga o‘rnatilgan. Qozog‘istonning sobiq prezidenti 6-iyul kuni 80 yoshni qarshi oladi.

To‘qayev o‘z chiqishida Nazarboyev zamonaviy Qozog‘istonning asoschisi ekanligini ta’kidlagan.

Prezidentning qo‘shimcha qilishicha, monumentning Mudofaa milliy universitetida o‘rnatilishining ramziy ma’nosi bor, chunki Qozog‘iston qurolli kuchlari Nazarboyevning farmoni bilan tashkil qilingan.

Eslatib o‘tamiz, 2-iyul kuni Nursulton Nazarboyev koronavirusdan tuzalgani ma’lum qilindi.

Nursulton Nazarboyevning koronavirusga chalingani haqida 18-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevga maktub yo‘llab, uning tez orada tuzalib ketishini tilagandi. Keyinroq Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Nursulton Nazarboyevning holidan xabar olgandi. Koronavirusga chalingani sababli Nursulton Nazarboyev Moskvada 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok eta olmadi.

Avvalroq Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov payg‘ambar yoshini nishonlagandi.