Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev koronavirusdan tuzaldi. Bu haqda Nazarboyevning matbuot kotibi Aydos Ukiboy ma’lum qildi, deb yozmoqda “Tengrinews”.

Foto: Twitter / @Aidos_Ukibay

“Menda yaxshi yangilik bor. Elboshining koronavirus infeksiyasiga topshirgan bugungi testi manfiy natija berdi. Shifokorlarning tavsiyalariga ko‘ra, Nursulton Nazarboyev o‘zini izolyatsiya qilishda davom etadi, masofadan ishlaydi va ochiq havoda sayr qilish uchun vaqt ajratadi”, — deb yozgan Nazarboyevning matbuot kotibi Twitter’da.

Shuningdek, matbuot kotibi Nursulton Nazarboyevning sayr qilib yurgani aks etgan suratni ham e’lon qilgan.

Nursulton Nazarboyevning koronavirusga chalingani haqida 18-iyun kuni ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Nazarboyevga maktub yo‘llab, uning tez orada tuzalib ketishini tilagandi. Keyinroq Shavkat Mirziyoyev telefon orqali Nursulton Nazarboyevning holidan xabar olgandi. Koronavirusga chalingani sababli Nursulton Nazarboyev Moskvada 24-iyun kuni bo‘lib o‘tgan G‘alaba paradida ishtirok eta olmadi.