Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevda koronavirus aniqlandi. Bu haqda uning matbuot kotibi Aydos Ukibay xabar berdi.

Foto: Sputnik

“Ayni vaqtda Qozog‘istonning birinchi prezidenti o‘zini izolyatsiyalagan. Afsuski, elboshining koronavirus infeksiyasiga topshirgan testi ijobiy chiqdi. Xavotirlanishga hojat yo‘q. Nursulton Nazarboyev masofadan turib ishlashda davom etmoqda”, — deb yozadi Ukibay o‘zining Twitter’dagi sahifasiga.

Avvalroq Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Yeljan Birtanovda ham koronavirus aniqlangani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, bunga qadar Ispaniya bosh vazirining rafiqasida, AQShdagi respublikachi kongressmenda, Braziliya Senati raisida, Monako knyazida, Isroil sog‘liqni saqlash vazirida, Rossiya prezidenti bilan ko‘rishgan shifokorda, Rossiya bosh vaziri va prezident matbuot kotibida, shuningdek, Armaniston bosh vaziri va Checheniston rahbarida ham koronavirus aniqlangan edi.