Koreya yarimorolidagi taranglik, yetti milliondan oshgan kasallar, Jorj Floyd atrofidagi voqealar fonida o‘tgan iyun oyining navbatdagi haftasi ham nihoyasiga yetdi. “Daryo” dunyoda yuz bergan muhim voqealar tahlilini diqqatingizga havola etadi.
Koronaxabarlar
2019-yilning dekabr oyida Xitoyning Uxan shahrida boshlangan va faqatgina Xitoyga tegishli deb o‘ylangan kasallik bilan bugun dunyoda yetti milliondan ortiq kishi kasallandi. Bu haqida 8-iyun Jons Hopkins universiteti tadqiqotlarida ma’lum qilingan.Kasallik keng tarqalgan hududlar sifatida bugun Amerika qit’asi yetakchilik qilmoqda. Shimol, xususan, AQSh kasallangan (2 milliondan oshiq) va vafot etganlar bo‘yicha (117 mingga yaqin) yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, hafta oxiriga kelib, Braziliya mamlakatda o‘lim holati yuqori bo‘lgan ikkinchi dunyo mamlakatiga aylandi. 13-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda 41 901 kishi COVID-19 koronavirus infeksiyasi qurboniga aylangan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Braziliyada koronavirusga chalinganlar soni 830 ming kishidan oshgan.
Kasallikning ikkinchi o‘chog‘i bo‘lgan Yevropaning ba’zi davlatlari o‘z chegaralarini xorijliklar uchun ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yevropa komissiyasi Shengen mamlakatlari ichki chegaralarida 15-iyundan boshlab cheklovlarni olib tashlash mumkin deb hisoblaydi. Bu haqda Yevropa komissiyasining ichki ishlar bo‘yicha a’zosi Ilva Yoxansson ma’lum qildi.
Yoxansson Bryusselda 11-iyun kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Biz bu mamlakatlarga ichki chegaralarda dushanba kunidan boshlab cheklovlarni olib tashlashni taklif qilamiz”, degan. Uning qayd etishicha, tashqi chegaralardagi vaziyat ham muhokama qilingan va Yevropa komissiyasi Ittifoqning tashqi chegaralari orqali majburiy bo‘lmagan safarlarga 15-iyungacha qo‘yilgan taqiqni yana ikki haftaga — 30-iyungacha uzaytirish haqidagi fikrga kelgan.
“Bu cheklovlarni hozircha birdaniga olib tashlab bo‘lmaydi. Buni bosqichma-bosqich amalga oshiramiz”, — dedi Yoxansson. Fransiya ham Yevropa Ittifoqi mamlakatlari va boshqa bir qator Yevropa mamlakatlaridan keluvchi turistlar uchun chegaralarni ochadi. Bu haqda Fransiya TIV va IIV idoralarining qo‘shma bayonotiga tayanib, “Korrespondent.net” xabar berdi. “Fransiya Yevropa komissiyasining tavsiyalariga muvofiq 15-iyun soat 00:00 dan boshlab mamlakat ichidagi chegaralarga qo‘yilgan barcha cheklovlarni bekor qiladi”, — deyiladi hujjatda.
Ma’lum qilinishicha, 15-iyundan boshlab Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, Andorra, Islandiya, Monako, Norvegiya, Lixtenshteyn, Shveysariya, Vatikan, Sen-Marten, San-Marino aholisi Fransiyaga hech qanday cheklovsiz kira oladi. “Ushbu davlatlar aholisidan koronavirus yo‘qligi to‘g‘risida hech qanday sertifikat so‘ralmaydi, shuningdek, 14 kunlik karantinga yuborilmaydi”, — deyiladi xabarda. Shu bilan birga, Fransiyaga tashrif buyuruvchi Ispaniya va Buyuk Britaniya aholisiga nisbatan cheklovlar saqlanib qolinadi.
Yevropada pandemiya davrida karantin tartiblari kiritilmagan Shvetsiya va Belarusda vaziyat yomonlashgani xabar qilindi. Shvetsiya bosh epidemiologi Anders Tegnell 3-iyun kuni karantindan voz kechilgani sababli mamlakatda juda ko‘p odam vafot etganini tan oldi. U mamlakat o‘z siyosatini qayta ko‘rib chiqishi va keskinroq karantin choralarini ko‘rishi kerakligini ma’lum qilgan. “Agar biz hozir ega bo‘lgan bilimimiz bilan mazkur kasallikka duch kelganimizda, Shvetsiya tanlagan va qolgan butun dunyo tanlagan usullar o‘rtasidagi maqbulini tanlagan bo‘lardik”, — degandi Tegnell.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Shvetsiyada COVID-19 kasalligiga chalinganlar soni 45 924 kishini tashkil qilmoqda, ulardan 4717 nafari kasallik oqibatida vafot etgan. Pandemiyaga qarshi kurashda Shvetsiyaning strategiyasiga o‘xshash strategiya Belarus hukumati tomonidan ham qo‘llanildi. Mamlakat keskin karantin choralarini joriy etmadi. 6-iyun kuni Aleksandr Lukashenko bu qarorni ijobiy baholadi. Shu bilan birga, 25-may kuni Belarus prezidenti mamlakatda kasallikning ikkinchi to‘lqini yuz berishi mumkinligini aytgan. Belarus Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 8-iyun holatiga ko‘ra, mamlakatda 49 453 nafar fuqaro koronavirusga chalingan, 276 kishi kasallik qurboniga aylangan.
Bugunga kelib siyosiy inqiroz yoqasida turgan qo‘shni Afg‘onistonda ham kasallik jiddiy tus olib bormoqda. Afg‘onistonda 14-iyun holatiga ko‘ra, yana 656 kishida koronavirus aniqlandi, deb xabar beradi Tolo News. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda koronavirusga chalinganlar soni 24 101 kishini tashkil etmoqda. O‘tgan bir sutka davomida poytaxt Kobul shahrining o‘zida 253 kishida koronavirus aniqlangan. Butun mamlakat bo‘ylab koronavirus oqibatida vafot etganlarning jami soni 451 kishiga yetdi, hozirga qadar 4201 bemor davolanishga muvaffaq bo‘ldi. Ta’kidlanishicha, bugungi kungacha koronavirusga qarshi 54,7 mingdan ortiq test o‘tkazilgan.
Markaziy Osiyoning qolgan davlatlari orasida Qozog‘iston Afg‘onistondan keyingi o‘rinda bormoqda. Butun mamlakat bo‘ylab koronavirusga chalinganlar soni 14 496 kishiga yetgan. Hozirga qadar 9056 kishi sog‘aygan, 73 kishi virus qurboniga aylangan. Shuningdek, 4402 kishi koronavirusni belgisiz tashuvchi sifatida qayd etilgan.
Umuman olganda, mintaqa davlatlarining boshqa hududlarida vaziyatni barqaror deb baholash mumkin. Jumladan, kasallik tezlik bilan rivojlangan Tojikistonda kasallikka chalinganlarning aksariyati davolanib bo‘lgan. Tojikistonda koronavirus bilan kasallanganlar soni 4 971 kishiga yetdi, deb xabar beradi “RIA Novosti”. O‘tgan bir sutka davomida yana 69 kishida koronavirus aniqlangan. Mamlakatda o‘tgan bir sutka ichida 96 kishiga shifoxonadan javob berilgan bo‘lib, hozirda Tojikistondagi tibbiyot muassasalarida 661 kishi davolanmoqda. Mamlakatda hozirga qadar 49 kishi COVID-19 qurboniga aylangan, 3 288 bemor davolanishga muvaffaq bo‘lgan.
Ammo Turkmanistonda vaziyat hamon noma’lum. Mamlakatda kasallik rasman qayd etilmagan. Lekin o‘tgan haftada Turkmanistonda xavfli o‘tkir pnevmoniya kasalligi keng tarqalayotgani xabar qilingan. Xususan, Ashxoboddagi yuqumli kasalliklar shifoxonasi o‘tkir pnevmoniyaga chalingan bemorlar bilan to‘lib ketgan. Rasmiylar esa mamlakatda koronavirus yo‘qligini ta’kidlashda davom etmoqda. Yuqumli kasalliklarning oldini olish va davolash markazi xodimining ma’lum qilishicha, kasallik tarqalishi jiddiy tus olmoqda, ba’zi bemorlar o‘ta og‘ir ahvolda kasalxonaga olib kelinmoqda, o‘lim holatlari ham mavjud.
Qayta muzlagan Shimol-Janub aloqalari
Qariyb ikki yillik iliq aloqalardan so‘ng, Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar sovuqlashib qoldi. Gap shundaki, 8-iyun kuni KXDR Keson shahridagi Koreyalararo aloqa ofisiga Janubiy Koreya vakillari tomonidan amalga oshirilgan telefon qo‘ng‘iroqlariga javob qaytarmadi. Bu haqda Seulning rasmiy vakili 8-iyun kuni bo‘lib o‘tgan brifing vaqtida ma’lum qildi, deb xabar beradi Bloomberg.“Bugun ertalab Shimoliy Koreyaga qo‘ng‘iroq qilishga urindik, biroq qo‘ng‘iroqlarimiz javobsiz qoldi. Bunaqasi birinchi marta sodir bo‘lmoqda”, — deydi birlashgan vazirlik amaldori. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval tomonlar aloqani tekshirish va mavjud masalalarni hal etish maqsadida har kuni qo‘ng‘iroqlashib turgan.
Aloqalarning sovib ketishiga esa Janubiy Koreya tomonidan tarqatilgan tashviqot varaqalari sabab bo‘lgan. Bunga javoban KXDR aloqa ofisini yopish bilan tahdid qilgan. Shundan so‘ng Janubiy Koreya birlashgan vazirligi mahalliy jamoat tashkilotlariga Shimoliy Koreyaga bu kabi varaqalarni yuborishni to‘xtatishni buyurib, ushbu harakatlar qonun doirasida taqiqlanishiga va’da bergan.
Bu vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi aloqa liniyalari normal rejimda ishlayotgan edi. KXDR hukumati 9-iyun Toshkent vaqti bilan soat 09:00 dan boshlab Janubiy Koreya bilan mavjud barcha aloqa kanallarini to‘xtatganini ma’lum qildi. Bu haqda Koreya markaziy telegraf agentligiga tayanib, Yonhap xabar berdi. “Bu Janubiy Koreya bilan mavjud barcha aloqalarni to‘liq yo‘q qilish va boshqa keraksiz harakatlarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qarorlar ro‘yxatida birinchi qadam bo‘ladi”, — deyiladi KXDR bayonotida. Shunday qilib, ikki yortining bir butun bo‘lishi istiqboli mavhumligicha qolmoqda.
Shuningdek, Shimoliy Koreya hukumati AQSh bilan munosabatlar “umidsizlik nuqtasiga yetdi”, deya hisoblaydi. Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Son Gvon KXDR va AQSh munosabatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixda birinchi marta bo‘lib o‘tgan sammitdan roppa-rosa ikki yil o‘tib, “umidsizlik nuqtasi”ga yetganini ma’lum qildi. KXDR tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, KXDR yetakchisi Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Trampning uchrashuvidan keyin 732 kun o‘tdi, endi esa butun dunyo nimaga guvoh bo‘lgani va bundan qanday dars olganini anglash zarur. “Asosiysi, ikki yil avval dunyo jamoatchiligi diqqat markazida turgan Shimoliy Koreya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga bo‘lgan umid endi umidsizlik bilan almashgani bo‘ldi”, — dedi vazir.
Vazirning ta’kidlashicha, bu umidsizlik shu darajaga yetdiki, “hatto Koreya yarimorolidagi tinchlik va farovonlikka bo‘lgan umid va optimizmning ingichka nuri ham so‘ndi”. Li Son Gvonning qayd etishicha, ikki mamlakat xalqlarining dunyodagi eng murosasiz munosabatlarga chek qo‘yishga hamda tinchlik va farovonlik erasini ochishga intilishi “har qachongidan ko‘ra buyukroqdir”.
Uning fikricha, Koreya yarimorolidagi vaziyat kun sayin yomonlashmoqda, KXDR esa hali ham Vashingtonning ogohlantiruvchi yadro zarbasi nishonlari ro‘yxatida turibdi. “AQSh egalik qiladigan yadro qurollarining har qanday turi bevosita KXDRga qaratilgan”, — deb hisoblaydi vazir.
Black Lives Matter
AQShning Minneapolis shahrida 25-may kuni mahalliy politsiya vakili tomonidan qora tanli Jorj Floyd qo‘lga olish chog‘ida bo‘ynidan bo‘g‘ib o‘ldirilgan edi. Uning ortidan mamlakatda keng ko‘lamdagi norozilik namoyishlari, tartibsizliklar yuz berdi. Buning ortidan politsiya xodimi javobgarlikka tortish haqida qaror qabul qilindi. 8-iyunga kelib esa AQShning Minneapolis shahri kengashi afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uning o‘limiga sabab bo‘lgan politsiya departamentini tarqatib yuborish uchun ovoz berdi.10-iyun kuni Jorj Floydning dafn marosimi bo‘lib o‘tdi. Floydning jasadi u tug‘ilgan shaharga (Xyuston, Texas) olib kelindi. Vidolashuv The Fountain of Praise cherkovida o‘tkazildi, bu yerda Baptist ruhoniysi va qora tanlilar huquqlari himoyachisi kichik Alfred Charlz Sharpton nutq so‘zladi. AQSh sobiq vitse-prezidenti va Donald Trampning saylovlardagi asosiy raqibi demokrat Jo Bayden ham marosim uchun videomurojaat yozdi.
Vidolashuvdan keyin tobut Houston Memorial Gardens qabristoniga politsiya mashinalari hamrohligida eltib qo‘yildi. Qabristongacha bir milya masofa qolganida tobut maxsus ot aravaga o‘tkazildi. Floyd onasi yoniga dafn qilindi.
Izoh (0)