Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri Li Son Gvon KXDR va AQSh munosabatlari ikki mamlakat o‘rtasidagi tarixda birinchi marta bo‘lib o‘tgan sammitdan roppa-rosa ikki yil o‘tib, “umidsizlik nuqtasi”ga yetganini ma’lum qildi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

Foto: Reuters

Foto: Reuters

KXDR tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, KXDR yetakchisi Kim Chen In va AQSh prezidenti Donald Trampning uchrashuvidan keyin 732 kun o‘tdi, endi esa butun dunyo nimaga guvoh bo‘lgani va bundan qanday dars olganini anglash zarur. “Asosiysi, ikki yil avval dunyo jamoatchiligi diqqat markazida turgan Shimoliy Koreya va AQSh o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilanishiga bo‘lgan umid endi umidsizlik bilan almashgani bo‘ldi”, — dedi vazir.

Vazirning ta’kidlashicha, bu umidsizlik shu darajaga yetdiki, “hatto Koreya yarimorolidagi tinchlik va farovonlikka bo‘lgan umid va optimizmning ingichka nuri ham so‘ndi”. Li Son Gvonning qayd etishicha, ikki mamlakat xalqlarining dunyodagi eng murosasiz munosabatlarga chek qo‘yishga hamda tinchlik va farovonlik erasini ochishga intilishi “har qachongidan ko‘ra buyukroqdir”.

Uning fikricha, Koreya yarimorolidagi vaziyat kun sayin yomonlashmoqda, KXDR esa hali ham Vashingtonning ogohlantiruvchi yadro zarbasi nishonlari ro‘yxatida turibdi. “AQSh egalik qiladigan yadro qurollarining har qanday turi bevosita KXDRga qaratilgan”, — deb hisoblaydi vazir.

AQSh va Shimoliy Koreya yetakchilari ishtirokidagi tarixdagi birinchi sammit 2018-yil 12-iyunda bo‘lib o‘tgan. O‘shanda Donald Tramp va Kim Chen In Singapurda uchrashgan va deklaratsiya imzolagan. Hujjatga ko‘ra, KXDR yadrosizlanish majburiyatini olgan, bunga javoban Vashington KXDRga xavfsizlikni kafolatlashi kerak bo‘lgan.

Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisining ikkinchi uchrashuvi 2019-yil fevral oyida Vyetnamda bo‘lib o‘tdi. Muzokaralar doirasida qo‘yilgan maqsadlarga erishish uchun aniq harakatlarni ishlab chiqish rejalashtirilgandi, biroq uchrashuv hech qanday rasmiy hujjatning imzolanishisiz yakunlangan. 2019-yilning iyun oyida ikki davlat rahbarlari Shimoliy va Janubiy Koreya o‘rtasidagi demilitarizatsiya qilingan hududda uchinchi marta uchrashdi va ishchi darajada muzokaralarni qayta tiklashga kelishib oldi. Biroq ishchi guruhlarning Stokgolmda bo‘lib o‘tgan keyingi uchrashuvi natijasiz yakunlandi. Pxenyan Vashingtonda munosabatlarni 2019-yilning oxirigacha tartibga solishni talab qildi, biroq bu talab bajarilmadi.

Avvalroq Shimoliy Koreya AQShni o‘z obro‘siga putur yetkazishda ayblagandi. Shuningdek, KXDR Janubiy Koreyaning qo‘ng‘iroqlariga javob bermadi va 2018-yildan beri birinchi bor Janubiy Koreya bilan aloqalarni to‘xtatdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Britaniya hukumati “Vagner”ni terrorchi tashkilot deb e’lon qilmoqchi — The Telegraph
Dunyo
AQSHda xavfli moddalarni olib ketayotgan yuk poyezdi relsdan chiqib ketdi (video)
Mahalliy
O‘zbekistonda kelayotgan hafta boshida qanday ob-havo bo‘ladi?