Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahar sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi karantin qoidalariga zid ravishda faoliyat yuritayotgani aks etgan surat paydo bo‘ldi. Samarqand viloyat prokuraturasi mazkur holatga e’tibor qaratdi va viloyat DSENM hamda shahar sanitariya va epidemiologiya nazorati markazi joylashgan binoda o‘rganish ishlarini olib bordi.
Prokuratura axborot xizmatining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, viloyat va shahar DSENM joylashgan binoga kirishda ham karantin talablariga rioya qilish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘rilmagan. Xususan, bino tashqarisida ijtimoiy masofani saqlash uchun lenta yoki biron bir belgi qo‘yilmagan. Oqibatda odamlar to‘planib qolishiga, ular xodimlar tomonidan tekshirilmasdan ichkariga kirishiga yo‘l qo‘yilgan. Markaz xodimlari himoya va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlanmagan.
“Ushbu holat yuzasidan vakolat doirasida chora ko‘rilib, aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Binoning kirish qismiga ijtimoiy masofani ko‘rsatuvchi chiziqlar chizilib, karantin talablari bo‘yicha aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilishi ta’minlandi”, — deyiladi prokuratura xabarida.
Ta’kidlanishicha, markaz binosi turli chiqindilardan tozalanib, binoga kirish joyida har bir fuqaroni dezinfeksiyalovchi ikkita uskuna tashkil etilgan. Hujjatlar bilan ishlovchi inspektorlar xonasiga antiseptik vositalar qo‘yilib, xodimlar tibbiy qo‘lqoplar bilan ta’minlangan.
Kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodim Tursun Rajabovga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi (Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish) 2-qismiga asosan ma’muriy bayonnoma tuzilib, jarima belgilangan.
Izoh (0)