O‘zbekistonda 7-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 87 kishiga ko‘payib, 4181 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.

Taqqoslash uchun, 6-iyun kuni davomida butun O‘zbekiston bo‘yicha 87 ta holatda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish holati tasdiqlangan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligi 7-iyun kuni 17:00 va 23:00 holatiga ko‘ra yangi kasallanish holatlarini e’lon qilishi kutilmoqda.

“Yangi kasallanish holatlarining barchasi Toshkent shahrida koronavirusga chalinganlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolar orasida qayd etilgan”, — deyiladi SSV axborotida.

Hozirda O‘zbekiston bo‘yicha 896 nafar bemor koronavirusdan davolanishni davom ettirishmoqda. SSVdan ma’lum qilishlaricha, ulardan 11 nafarining ahvoli og‘ir, 3 nafari esa o‘ta og‘ir ahvolda.

Eslatib o‘tamiz, 6-iyun soat 23:00 holatiga ko‘ra O‘zbekistonda 3268 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolar sog‘aygan, 17 nafari esa vafot etgan.