O‘zbekistonda 4-iyun davomida koronavirus aniqlangan 96 nafar bemordan 13 nafari aholi orasida aniqlangani haqida xabar berilgan edi. Sog‘liqni saqlash vazirligidan ma’lum qilishlaricha, ularning to‘rt nafari Toshkent shahridan, bir nafari Toshkent viloyatidan, sakkiz nafari Navoiy viloyatidan.

Navoiy va Toshkent viloyatida aholi orasida aniqlangan koronavirus

Xabar berishlaricha, Navoiy viloyatining ma’muriy markazi Navoiy shahrida olti nafar, Navbahor va Karmana tumanlarida esa bir nafardan koronavirusga chalingan bemor bevosita aholi orasida tasdiqlangan.

Toshkent viloyatidagi kasallanish holati esa Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi Mediapark’da qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda aniqlangan. “Uni tana haroratini ko‘tarilishi, holsizlik, quruq yo‘tal va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. Infeksiya aniqlangan ushbu bemor ham uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan”, — deyiladi SSV xabarida.

Toshkent shahridagi kasallanish holatlari haqida

Toshkentning Shayxontohur tumanida vaqtincha yashovchi fuqaroda tana harorati ko‘tarilgan, tomoqda og‘riq bezovta qilgan. U tekshiruvdan o‘tkazilganda koronavirusga chalingani ma’lum bo‘lgan.

Shu tumanda joylashgan qurilish firmasining xodimida ham ishga kelish uchun tahlil o‘tkazilganda koronavirus aniqlangan.

Mirobod tumanida yashovchi, nafaqadagi fuqaro yuqori qon bosimi bilan tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib kelingan va tekshirilganda unda ham koronavirus tasdiqlangan.

Bundan tashqari, Yunusobod tumanida yashovchi fuqaroda tana haroratining ko‘tarilishi va tomoqda og‘riq bezovta qilgan. U uy sharoitida turli antibiotik dori vositalarni qabul qilgan.

“Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilib, tegishli qat’iy choralar ko‘rilmoqda”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida. Ushbu kasallanish holatlarining zanjiri, kasallik aniqlanganidan so‘ng necha kishi karantinga olingani haqida ma’lumot berilmagan.