O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda 5-iyun, juma kuni koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq aholi orasida qayd etilgan 17 ta holat yuzasidan axborot berdi. Qayd etishlaricha, ushbu kasallanish holatlarining to‘qqiztasi Toshkent shahrida, to‘rttasi Qashqadaryo viloyatida, ikkitasi Toshkent viloyatida, bittasi Namangan va yana bittasi Buxoro viloyatida qayd etilgan.
Toshkentning Olmazor tumanida yashovchi nafaqadagi fuqaroda, Uchtepa tumanida joylashgan “O‘rikzor” bozoridagi yana bir do‘kon sotuvchisi va uning besh nafar oila a’zosi — onasi, ikki nafar qizi, o‘g‘li va jiyanida koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan.
O‘tgan may oyi davomida “O‘rikzor” bozorida yuk tashuvchi bo‘lib ishlagan, shundan so‘ng doimiy yashash manzili — Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumaniga qaytgan fuqaro va uning uch nafar oila a’zosi — ikki akasi va qizida ham ushbu kasallik aniqlangan.
Mavzuga doir:
Bundan tashqari, Namangan viloyati ichki ishlar hamda Buxoro viloyati Shofirkon tumanida yo‘l qurilish idorasi xodimi (tana harorati ko‘tarilgan va shifokor maslahati asosida tahlil topshirgan)da ham koronavirus tasdiqlangan.
“Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv ishlari davom etmoqda”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi axborotida.
Eslatib o‘tamiz, 6-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 4064 nafarni tashkil etmoqda; bemorlarning 3247 nafari sog‘aygan, 16 nafari vafot etgan.
Ma’lumot uchun, 6-iyun kuni soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda aholi orasida koronavirus infeksiyasini yuqtirib olish bilan bog‘liq 15 ta holat qayd etildi (bu kun davomida aniqlangan 57 ta koronavirus holatlarining 21 foizini tashkil etadi). Jumladan, Toshkent shahrida oltita, Namangan viloyatida oltita, Xorazm viloyatida esa 3 ta holat aholi orasida aniqlangan.