Toshkentning Shayxontohur tumani Qoratosh ko‘chasida joylashgan Mediapark savdo majmuasining yana ikki nafar xodimida koronavirus aniqlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar bermoqda.
Xabar berishlaricha, ushbu ikki xodimning koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgani 6-iyun soat 10:00 holatiga ko‘ra tasdiqlangan. Ayni shu vatqda Toshkent shahrida aholi orasida uch kishida koronavirus aniqlangani ma’lum qilingan edi. SSV axborotiga ko‘ra, ushbu holatlar bo‘yicha epidemiologik surishtiruv davom etmoqda.
Avvalroq Toshkent viloyatida yashovchi, Qoratoshdagi Mediapark’da qo‘riqchi bo‘lib ishlovchi fuqaroda 4-iyun kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangani haqida xabar berilgan edi. Unda tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, quruq yo‘tal va tomoqda og‘riq bezovta qilishi kabi belgilar bo‘lishiga qaramay, u o‘zini uy sharoitida turli antibiotiklar bilan davolashga uringan.
Eslatib o‘tamiz, 6-iyun soat 17:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 4064 nafarni tashkil etmoqda; bemorlarning 3247 nafari sog‘aygan, 16 nafari vafot etgan.