Turkiyaning “Beshiktosh” klubida ijara asosida to‘p surayotgan “Fiorentina” yarim himoyachisi Kevin-Prins Boateng irqchilikning qanday shakllariga duch kelishi haqida gapirdi.
“Asosan maymunga xos imo-ishoralar qilishadi. Har bir urgan golingiz uchun sizga banan irg‘itishadi. ‘Biz seni qutiga solib, vataningga qaytarib yuboramiz’.
‘N’ harfi bilan boshlanadigan so‘z (negr) ko‘p ishlatiladi. Ular suv idishlarini uloqtirib, shunday baqiradi: ‘Balki, biz seni tozalab qo‘yarmiz’.
Yevropada irqchilik yashirishga harakat qilinadi. Odamlar buni ko‘p ham ko‘rsatavermaydi. Lekin agar ular ko‘pchilik bo‘lsa, o‘zlariga bo‘lgan ishonchi ortib baqirishi mumkin.
Mashinamda ko‘chada sayr qilib yurganimda odamlar bemalol ko‘chani kesib o‘tadi, menga esa g‘alati bir nigoh bilan qaraydi. Politsiya ham hech qanday sabablarsiz meni to‘xtatadi. Bu shunchalik tez-tez sodir bo‘ladiki, balki ular tatuirovkam hamda qimmat mashinam borligi va qora tanli bo‘lganim uchun meni jinoyatchi deb o‘ylashar.
Butun umrim davomida futbolchi bo‘lish uchun mehnat qildim. Siz meni faqat tashqi ko‘rinishim uchungina ayblayapsizmi? Bolaligimda ham vaziyat yaxshilanishi o‘rniga hammasi battar tus olardi”, — deydi Boateng.
33 yoshli ganalik futbolchi joriy mavsumda Turkiya chempionatida 6 ta o‘yin o‘tkazib, 2 ta golga mualliflik qildi.
Eslatib o‘tamiz, Minneapolis shahri politsiyasi vakili 25-may kuni 46 yoshli afroamerikalik Jorj Floydni qo‘lga olish chog‘ida uni tutib, yerga yotqizgan va tizzasi bilan bo‘ynini bosgan. Politsiyachi Derek Shovin uni shu tariqa uzoq vaqt ushlab turishi Jorj Floydning o‘limiga sabab bo‘lgan. Holat aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, AQShning turli hududlarida norozilik namoyishlari boshlangan. AQShning 25 ta shahrida ommaviy noroziliklar sabab komendantlik soati e’lon qilindi.
Mavzuga doir:
Izoh (0)