Yengil vazn toifasida UFC chempioni Habib Nurmagomedovning otasi Abdulmanap Nurmagomedovning holati hali ham og‘ir bo‘lib turibdi.
“TASS”ning xabar qilishicha, 57 yoshli murabbiyning o‘pkasi jiddiy shikastlangan, u gapira olmayapti va qimirlamayapti. Shuningdek, unda insult kuzatilgan.
Mash Telegram kanalining xabariga ko‘ra, Abdulmanap Nurmagomedovga sun’iy nafas oldirish aparati ulangan. Uning holati o‘ta og‘ir deb baholanmoqda. Nurmagomedovda koronavirus borligi tasdiqlangan va o‘pkasidagi holat tobora yomonlashib bormoqda. Shifokorlar uning yonida navbatchilik qilmoqda.
Abdulmanapning oila a’zolari va yaqinlarini reanimatsiya bo‘limiga qo‘yishmayapti, tunlari faqat oila a’zolaridan bir nafari qolishiga ruxsat etilgan.
Aprel oyi oxirida Abdulmanap Nurmagomedovga pnevmoniya tashxisi qo‘yilgandi, murabbiy koronavirusga tahlil topshirishdan bosh tortgan. May oyida uning holati yomonlashgan va murabbiy Moskvaga olib kelingan. 13-mayda mutaxassis koma holatiga tushib qolgani xabar qilindi, keyinchalik uning o‘ziga kelgani ma’lum bo‘ldi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)