Koronavirus pandemiyasi bugungi dunyo hamjamiyatini ko‘plab sohalar bilan birga oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi va zaxiralari haqida o‘ylashga ham majbur qilmoqda. “Daryo” Jahon banki e’lon qilgan aholini oziq-ovqat bilan taminlash haqidagi mavzu yuzasidan tahliliy maqola tarjimasini taqdim etadi.
Supermarketda birlamchi ehtiyojga oid iste’mol tovarlari peshtaxtasining bo‘m-bo‘sh turgan manzarasi doimo xavotir uyg‘otadi. COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashayotgan ko‘plab mamlakatlarda qatnov va tashuvlarni amalga oshirishda radikal cheklovlar o‘rnatilgani e’tiborga olinsa, peshtaxtalarning bo‘shligi, dunyo bo‘ylab oziq-ovqat tovarlarini yetkazib berishda uzilishlar mavjudligi haqidagi fikrni paydo qiladi. Biroq vaziyat aslida bunday emas.
Aynan hozirgi paytda butun dunyo bo‘ylab oziq-ovqat mahsulotlarining ishlab chiqarish hajmi va zaxiralari har doimgidan ham ko‘p miqdorda yig‘ilgan. Aksariyat oziq-ovqat tovarlarining narxi esa 2015-yildan beri barqaror saqlanmoqda. Dunyo bo‘yicha mavjud oziq-ovqat miqdori barcha ehtiyojni qondirishga yetarli. Xatarni esa eksportning cheklanayotgani keltirib chiqarmoqda. Eksportyor mamlakatlarning bunday xatti-harakatiga qat’iy chek qo‘yish lozim. Global oziq-ovqat bozori hozirgi kunda o‘zining nisbatan barqarorligini saqlab turgan kam sonli sohalardan biridir. Siyosiy choralar orqali ushbu barqarorlikni saqlab turish, uni buzmaslik lozim.
Unda bo‘sh peshtaxtalar qanday yuzaga kelmoqda? Va biz boshimizdan o‘tgan, shuningdek, boshqalar misolida kuzatilgan ushbu tajribadan qanday xulosa chiqarishimiz va koronavirus yuzaga keltirgan qo‘rquv hamda noaniqlik zamonida aholini oziq-ovqat bilan uzluksiz ta’minlash uchun nimalar qilishimiz kerak?
Avvalo, shuni tushunish kerakki, bo‘sh peshtaxtalar muammosi joylardagi mahalliy miqyosdagi muammo bo‘lib, u global yetkazib berish masalalari bilan bog‘liq emas. Noto‘g‘ri retsept yozib bermaslik uchun, avvalo, to‘g‘ri tashxis qo‘ya bilish juda muhim. 2007–2008-yillarda oziq-ovqat tovarlarining narxi jahon bo‘ylab keskin ko‘tarilib ketgan paytda, oziq-ovqat mahsulotlarining global zaxiralari juda kam miqdorda, neft narxi esa baland edi.
2010–2011-yillarda oziq-ovqat narxi yana bir bora o‘sib ketganida esa yirik eksportyor mamlakatlardagi ishlab chiqarish hajmi tabiiy ofatlar tufayli keskin pasaygani sabab bo‘lgan. Hozirda vaziyat butunlay boshqacha. Mahalliy miqyosga ega bo‘lgan ayrim istisnoli holatlarni aytmaganda, barcha eng muhim birlamchi oziq-ovqat mahsulotlarining (don, guruch, makkajo‘xori) ishlab chiqarish hajmi so‘nggi 5 yilda o‘rtacha miqdordan ancha baland bo‘lgan va aksincha, neft narxi pasaygan. Dunyo bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasi esa har doimgidan ham katta.
Bo‘sh peshtaxtalar, asosan, mahalliy miqyosdagi omillar sababli yuzaga keladi. Ko‘rib turibmizki, jahonning turli mamlakatlarida iste’molchilar ertangi kun uchun xavotir sababli va barcha oila a’zolarining ehtiyoji uchun yetarli miqdorda zaxira yaratish maqsadida keragidan ortiqcha miqdorda xaridlarni amalga oshirmoqda va bu narsa ayrim tovarlarga nisbatan misli ko‘rilmagan talabni yuzaga keltiryapti. Restoranlarning yopilishi va uydan tashqarida ovqatlanish odatining birdaniga imkonsiz bo‘lib qolishi sababidan oziq-ovqat mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosining keskin o‘sishi yuzaga keldi.
Iste’mol modelining bu tariqa o‘zgarishiga mahalliy ishlab chiqarish va sotish tarmoqlarining moslashishi jarayoni esa hali tugallanmadi va u davom etmoqda. Joylardagi oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmasligiga esa COVID-19 bilan kasallanganlar sonining ortishi oqibatida yuzaga kelgan agrosanoat kompleksi va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ishchi kuchining yetishmasligi omili, karantin tadbirlari va komendantlik soati singari cheklovlar tufayli mahalliy yetkazib berish tarmoqlarida uzilishlar yuzaga kelayotgani hamda an’anaviy dehqon bozorlarining yopilayotgani ta’sir qilmoqda.
Ishsizlik darajasining keskin ortgani va korxonalarning faoliyatdan to‘xtashi tufayli odamlarda daromad keskin pasayib ketgani sababidan xaridorlarning do‘kon peshtaxtalarida turgan tovarlarni xarid qilish imkoniyati ham tushib ketdi. Shu sababli do‘kon peshtaxtalarining oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘ldirib yuborishning o‘zi bilan oziq-ovqat xavfsizligi muammosini hal qilindi, deb aytib bo‘lmaydi. Buning uchun mamlakat aholisining kam ta’minlangan qismining xarid qobiliyatini oshirish masalasi ustida ham bosh qotirish kerak bo‘ladi.
Ikkinchidan, davlatlar eksportni cheklash choralarini unutishi kerak. Bu vaziyatni battar yomonlashtiradigan xato choradir. 2007–2008-yillardagi inqiroz paytida jahon mamlakatlarining taxminan uchdan biri tashqi savdo uchun cheklovlar joriy qilgan edi va natijada oziq-ovqat mahsulotlarining narxi hamma joyda oshib ketdi. Ayrim xulosalarga ko‘ra, shu kabi o‘rinsiz cheklov choralari tufayli guruch narxi jahon bo‘ylab 45 foizgacha, don narxi esa deyarli 30 foizgacha oshib ketdi. Hozirda eksportni vaqtincha cheklashga oid urinishlar haqidagi xabarlar Sharqiy Yevropa mamlakatlari, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Osiyo hududidagi davlatlardan kelmoqda.
Hozircha bu narsa eksport oqimiga va jahon bo‘yicha narx ko‘rsatkichlariga jiddiy ta’sir ko‘rsatmayotgan bo‘lsa-da, aytish joizki, ushbu mamlakatlar hissasiga jahon eksport hajmining kattagina ulushi to‘g‘ri keladi va shu sababli ularning bunday choralar ko‘rishiga yo‘l qo‘ymaslik va bu kabi o‘rinsiz choralar boshqa joylarga yoyilishini oldini olish kerak bo‘ladi. Hozirda jahon bo‘ylab mavjud ozuqa zaxirasi har doimgidan ham katta ekani e’tiborga olinsa, bu kabi eksportni cheklash amaliyoti zararga ishlaydi va u COVID-19 infeksiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy va ijtimoiy tushkunlik oqibatlarini yanada chuqurlashtiradi xolos.
Mamlakatlarning so‘ngi vaqtlarda BMT va xususan uning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti, “Yigirma guruhi”, Oziq-ovqat siyosati xalqaro tadqiqot instituti singari tashkilotlar tomonidan ishlab chiqilgan konstruktiv oziq-ovqat siyosati yuritish chaqiriqlariga quloq solayotgani va eksportni cheklashga oid joriy qilingan avvalgi choralarni bekor qilayotgani quvonarlidir. Jahon bo‘yicha oziq-ovqat mahsulotlari zaxirasining holati qanday ekani haqida ma’lumot olish va tarqatishda ushbu ma’lumotlarning qanchalik ishonchli ekani bo‘yicha har kim katta mas’uliyatni his qilishi kerak.
Bu narsa noto‘g‘ri ma’lumotlar sababli qabul qilingan noto‘g‘ri qarorlar oqibatida savdo sohasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va jahondagi oziq-ovqat xavfsizligi barqarorligiga putur yetkazishi xatardir va u import qiluvchi mamlakatlarni favqulodda mushkul ahvolga tushib qolishini oldini olishi shart. 2007–2008-yillardagi inqirozdan xulosa chiqargan holda “Yigirma guruhi” davlatlarining qishloq xo‘jaligi vazirlari 2011-yilda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bozorning ta’minlanganlik darajasi informatsion sistemasini (AMIS) yaratishgan bo‘lib, uning maqsadi bozorlarning shaffofligini oshirish va oziq-ovqat mahsulotlari bozorlariga nisbatan o‘zaro muvofiqlashtirish siyosatini kuchaytirishdan iboratdir.
AMIS “Yigirma guruhi”ga a’zo mamlakatlari bilan hamda xalqaro tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilgan holda jahon bo‘ylab oziq-ovqat tovarlari yetkazib berilishi borasidagi vaziyatni baholab boradi va o‘zaro muvofiqlashtirilgan siyosiy ta’sirlarni ishlab chiqish uchun platforma vazifasini bajaradi (AMISning bozorni monitoring qilish borasidagi so‘nggi axborotnomasi 2-aprel kuni e’lon qilingan edi).
Uchinchidan, biz oziq-ovqat mahsulotlarining “fermerdan dasturxonga” usulida xavfsiz va arzon yetkazib berilishini ta’minlash uchun o‘zimizda avvaldan mavjud ijobiy tajribadan foydalanishimiz hamda koronavirusga qarshi kurash olib borayotgan mamlakatlarning yangi orttirilgan tajribalarini ham qo‘llashimiz mumkin. Hozirgi sharoitda quyidagilarni muvaffaqiyatli amaliyot desa bo‘ladi:
- odamlarni oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishlari uchun maqsadli pul o‘tkazmalari orqali yetarli mablag‘ bilan ta’minlash;
- oziq-ovqat mahsulotlarini olish qiyin bo‘lgan joylardagi aholi uchun pul ko‘rinishidagi moddiy yordamdan tashqari unga qo‘shimcha ravishda ijtimoiy himoya dasturlari doirasida odamlarga oziq-ovqat mahsulotlarini o‘zini ham yetkazib berish;
- bolalarning normal ovqatlanishini ta’minlash maqsadida o‘quvchilarni “quruq payok” shaklidagi ozuqa bilan ta’minlash hamda oilaning boshqa a’zolari uchun ham shu kabi to‘plamlarni joriy qilish, buning uchun maktablardan oziq-ovqat mahsulotlarini tarqatish punkti sifatida amaliy foydalanish;
- oziq-ovqat mahsulotlarini birlamchi zarurat tovarlari deb e’tirof etish, bu sohaga oid barcha xizmatlarni ham birlamchi zarurat xizmatlari deb tan olish;
- ishlab chiqarish va sotishni osonlashtirish uchun qishloq xo‘jaligi mahsulotlari bilan savdo qiluvchilarga “yashil yo‘lak”larni tashkil qilish;
- qishloq xo‘jaligini asosiy tovarlar va xizmatlar — urug‘, ko‘chat, o‘g‘it, mashina va ishchilar bilan ta’minlash, ularning ekish mavsumi boshlanishiga yetkazib berilishini kafolatlash orqali ishlab chiqarish va sotish zanjirini qo‘llab-quvvatlash hamda bu sohada band bo‘ladigan mehnat migrantlariga maxsus ruxsatnomalar berish;
- mahsulotlarni tashish va yetkazib berish, xususan, olisda joylashgan va muhtoj qatlamlargacha yetib borishini ta’minlash bilan band bo‘ladigan ishchilarni yollashni rag‘batlantirish, ularning salomatligini nazorat qilish monitoring protokollarini ishlab chiqish, bunda aniq muddatlarni va shaffof mexanizmlarni ko‘zda tutish;
- yopilgan umumiy ovqatlanish korxonalariga (restoranlar, ovqatlanish markazlari, elektron savdo nuqtalari va hokazolarga) o‘z uskunalaridan foydalangan holda eng muhtoj hududlarga birlamchi iste’mol mahsulotlarini yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yishga imkon berish uchun tegishli huquqiy bazani qayta ko‘rib chiqish;o
- oziq-ovqat sohasida faoliyat yuritayotgan har qanday katta va kichik korxonalarga ularning mablag‘ aylanmasi to‘xtab qolishini oldini olish orqali ko‘mak berish, talab darajasining falokatli darajada keskin tushib ketgan hozirgi sharoitda ularga yashab qolish uchun yordam berish va inqirozdan keyingi tiklanish ishlariga ko‘maklashish.
Izoh (0)