Axborot texnologiyalari sohasidagi yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Jo‘ra Abdullayev bugun, 18-aprel kuni, 93 yoshida vafot etdi. Bu haqda Prezidenti matbuot xizmati xabar bermoqda.
Olimning vafoti munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev, bosh vazir Abdulla Aripov, Senat raisi Tanzila Norboyeva, bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va boshqalar o‘z ta’ziyalarini bildirdi.
Ma’lumot uchun, Jo‘ra Abdullayev 1927-yil 21-fevralda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1953-yilda O‘rta Osiyo politexnika instituti (hozirgi Toshkent davlat texnika universiteti)ni tugatib, Rossiya Fanlar akademiyasining Avtomatika va telemexanika instituti aspiranturasida tahsil olgan. 1959-yilda nomzodlik, 1974-yilda doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 1989-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi etib saylangan.
O‘z mehnat faoliyatini 1956-yili Fanlar akademiyasining Energetika va avtomatika institutining kichik ilmiy xodimi sifatida boshlab, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan. Keyinchalik Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri, Toshkent elektrotexnika va aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) rektori, Fanlar akademiyasining prezidenti vazifasini bajaruvchisi, mexanika va informatika fanlari bo‘limi raisi, Informatsion texnologiyalar va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligining Fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi bosh ilmiy xodimi kabi mas’ul vazifalarda ishlagan.
Akademik Jo‘ra Abdullayev “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi” faxriy unvoni, “Mehnat shuhrati” ordeni va “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan.
Izoh (0)