AQSh endi Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti budjetiga mablag‘ ajratmaydimi? Ishsiz qolgan aholini COVID-19 inqirozidan himoyalash uchun hukumatlar oldida turgan vazifalar va Amerikaning yakuniy xulosalari haqida jahon matbuoti sharhi ruknining koronavirusga bag‘ishlangan navbatdagi sonida ma’lumot olasiz.
AQSh Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirishni to‘xtatishi qanday ahamiyatga ega?
The Conversation nashrining yozishicha, AQSh prezidenti Donald Tramp seshanba kuni Oq uydagi brifing chog‘ida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti koronavirus haqida soxta ma’lumotlar berganini ta’kidlab, boshqa bu tashkilotni moliyalashtirmasligi haqida bayonot berdi. AQSh xalqaro sog‘liq tashkilotiga yiliga 400 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatadi. Xitoy esa 40 million atrofida yordam beradi.Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 1948-yilda dunyo sog‘liqni saqlash tizimini muvofiqlashtiruvchi organ sifatida tashkil etilgan. Tashkilot o‘z oldiga butun dunyo aholisi salomatligini muhofaza qilishga asosiy diqqat qaratadi. Har yili Jenevada o‘tkaziladigan may oyi yig‘inida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 194 nafar a’zo mamlakatlar vakillari bilan tashkilotning asosiy siyosati yo‘nalishlarini belgilab oladi, budjet masalarini tasdiqlaydi va yil davomida amalga oshirilgan ishlar borasida hisobot beradi.
Tashkilotning budjeti asosan a’zo mamlakatlarning a’zolik badallari hisobidan hosil bo‘ladi. Har bir mamlakatning a’zolik badali ularning yalpi ichki mahsuloti hajmi va aholisi miqdoridan kelib chiqib belgilanadi. Tashkilot budjetining ikkinchi manbasi davlatlarning ko‘ngilli yordami, filantroplarning xayriyalari evaziga yig‘iladi va odatda, ma’lum bir tashabbusni moliyalashni nazarda tutadi. Shu boisdan ko‘p holatlarda tashkilot koronavirus pandemiyasi davridagi kabi ikkinchi manbadan keladigan mablag‘larni o‘z bilganicha tasarruf qilolmaydi.
70 yillik tarixi mobaynida tashkilotni moliyalashtirmaslik borasida bir qator holatlar mavjud. Sobiq sho‘ro hukumati ham bir paytlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibidan chiqishini e’lon qilgan va a’zolik badallarini to‘lamagan. 1955-yilda yana tashkilot safiga qo‘shilib qarzdorlikni kamaytirishga erishgan.
2009-yilda dunyo jamoatchiligi cho‘chqa grippi tarqalishini pandemiya deb e’lon qilgan Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini puxta o‘ylanmagan xulosalar chiqarganlikda ayblagan. Aksar hukumatlar mazkur xulosalar farmatsevtika kompaniyalari bosimi ostida e’lon qilinganini ta’kidlagan. Oradan besh yil o‘tib Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Afrikadagi ebola bilan bog‘liq vaziyatda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan, degan ayblovlar tarqalgan.
Tramp Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini Xitoyning koronavirusga qarshi kurash siyosatini baholash uchun ekspertlar guruhini jo‘natishda sustkashlikka yo‘l qo‘yganlikda va rasmiy Pekinni pandemiyaning dastlabki paytlarida shaffof siyosat yurgizmaganlikda tanqid qilmaganligida ayblamoqda. Bunday tanqid esa Xitoy suvereniteti masalasini nazardan chetda qoldirmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti esa tashkilotga a’zo mamlakatlarni o‘z hududiga tibbiy ekspertlarni kiritishiga majburlash huquqiga ega emas. Aksincha, a’zo mamlakatlarning o‘zlari tashkilotdan yordam so‘rab murojaat qilgandan so‘nggina ekspertlar guruhini yuborishi mumkin. Tramp ayblovlari esa tashkilot Xitoyga fevral oyi o‘rtalarida o‘z ekspertlarini kelishuv imzolangandan so‘ng yuborgani faktini ham inkor qilmoqda.
Xitoy Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tarkibida 2003-yildan beri nufuzli a’zo sifatida ko‘riladi. Ammo Xitoy Tayvanning tashkilotga a’zo bo‘lish harakatlariga qarshi chiqqandan so‘ng dunyo jamoatchiligi tanqidlari ostida qoldi. Nima bo‘lganda ham Xitoy xalqaro tashkilotning 194 nafar a’zolaridan biri. Trampning tashkilot ko‘p jihatdan Xitoy bosimi ostida qolayotgani haqida fikri esa asossiz. Shu bilan birga AQSh ham ko‘p marotaba tashkilot siyosatiga bosim o‘tkazayotganlikda ayblangan.
AQShning sog‘liqni saqlash tashkilotini moliyalashtirmasligi qanday oqibatlarga olib keladi? Avvalo, tashkilot bankrotlik yoqasiga kelib qoladi va o‘z xodimlarini ishdan bo‘shatishiga to‘g‘ri keladi. Bu pandemiya sharoitida tashkilotning iqtisodiyoti zaif mamlakatlarga ko‘rsatayotgan yordamini to‘xtab qolishiga ham olib keladi.
Tashkilot, shuningdek, vaksina ishlab chiqarilishi borasidagi tadqiqotlar jarayoni qanday ketayotganini nazorat qilolmaydi, tibbiyot xodimlari uchun virusdan muhofazalanish vositalarini sotib ololmaydi va pandemiyaga qarshi kurashda texnik va ekspert yordamlarini ko‘rsata olmaydi.
AQSh agarda sog‘liqni saqlash borasidagi xarajatlarini qisqartiradigan bo‘lsa, qashshoq mamlakatlar Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ko‘magida qabul qilib olayotgan dori-darmonlardan mahrum bo‘ladi. Bu esa dunyoda o‘lim soni yanada ko‘payishini anglatadi va AQShning uzoq muddatli strategik rejalariga ham dahl qiladi. Bu bilan AQSh dunyo yetakchisi bo‘lishga tayyor emasligi borasida Tramp ma’muriyati o‘z ayblarini boshqalarga ag‘darish bilan xalqaro hamjamiyatga aniq signal yubordi.
Milliy hukumatlar qashshoqlarni COVID-19 inqirozidan qanday himoya qilishi kerak?
The Project Syndicate nashri butun dunyoda iqtisodiy inqirozga sabab bo‘lgan pandemiya sharoitida eng og‘ir yuk aholining qashshoq qatlamida yanada og‘riqli kechishi va ularning qiyin damlarida hukumatlar qanday yo‘l tutishi kerakligi borasida bir qator g‘oyalarni o‘rtaga tashladi.Hindistonda uch haftalik karantin e’lon qilinganda mamlakatning millionlab qashshoq aholisi uchun ochlik asosiy muammoga aylandi. Minglab kunbay haq evaziga tirikchilik qiluvchi hindlar tirikchiligidan mahrum bo‘ldi va o‘z uylariga qaytish uchun yuzlab kilometrlarni piyoda bosib o‘tishiga tog‘ri keldi. Koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning yana og‘irlashuvi hali oldinda: tirikchilik manbayidan mahrum bo‘lgan qashshoq aholi qatlami karantinda yanada og‘ir damlarni boshidan kechirishga mahkum.
Bunday muammolar esa butun dunyoda kuzatilmoqda. Rivojlangan mamlakatlar o‘z kredit zaxiralaridan kelib chiqqan holda biznesga, qashshoq aholi qatlamiga, ishsiz qolgan, haq to‘lanmaydigan ta’tilga chiqarilgan ishchilar sinfini qo‘llab-quvvatlash uchun katta hajmdagi moliyaviy yordam dasturlarini joriy qilmoqda.
Rivojlanayotgan mamlakatlar ham o‘zlarining iqtisodiyotidan kelib chiqqan holda moliyaviy yordam dasturlarini joriy qilsa, iqtisodiy inqirozdan katta zarar ko‘radigan aholi qatlami uchun kutilajak zararlar ko‘lami kamroq bo‘lishi mumkin. Buning uchun hukumatlar o‘tmish tajribasi-yu rivojlangan ilmiy tadqiqotlar yordamida aniqlangan samarali dasturlardan foydalanishi mumkin.
Yangi ijtimoiy himoya dasturlarini yaratish vaqt talab qiladi. Shu sababli hukumatlar aholining asosiy ehtiyojlarini qondirishga yordam beradigan dasturlarga tayanishi va ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan aholi qatlamining yordam olishini kafolatlaydigan choralar ishlab chiqishi muhim.
Moliyaviy ko‘mak dasturi mavjud bo‘lgan mamlakatlar moliyaviy yordam hajmini kengaytirishi va moddiy yordamning miqdorini oshirishi maqsadga muvofiq. Inqiroz hajmini hisobga olgan holda o‘ziga to‘q oilalarning moliyaviy yordam olishi ikkinchi darajali sifatida ko‘rilishi, o‘rta tabaqa sinfiga mansub ishsiz qolgan xususiy sektor va budjet tashkilotlari xodimlarining oilalari mazkur ijtimoiy himoya yordamini olishi uchun asosiy nomzod sifatida qaralishi kerak.
Bundan tashqari, hukumatlar ko‘rsatayotgan ijtimoiy himoya, eng avvalo, koronavirusdan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlarning aholisi uchun ko‘rsatilishi lozim. Hindistonda bo‘lgani kabi shaharda ishlovchi aksar hindlar karantin sababli katta shaharlarni tark eta boshladi, bu esa qishloq joylardagi pandemiya bilan bog‘liq vaziyatni yanada keskinlashtirish ehtimolini oshirdi.
Faqatgina moliyaviy ko‘mak bilan aholining qashshoq qatlamini inqiroz davrida himoya qilib bo‘lmaydi. Sababi ishlab chiqarish va oziq-ovqat ta’minotidagi zanjir uzilishlari sharoitida narx-navo keskin ko‘tarilishi mumkin. Shu maqsadda hukumatlar bozorlar va do‘konlardagi asosiy oziq-ovqat narxlarini ham nazorat qilishi o‘ta muhim. Nazorat bozor va do‘konlarda qaysi mahsulotga nisbatan defitsit paydo bo‘layotganini tezda aniqlash va uning kerakli zaxirasini yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, hukumatlar aholining qiynalgan qatlami uchun tibbiy sug‘urtalash bilan bog‘liq xarajatlarini moliyalashni ham kengaytirishi kerak. Bunday chora esa oilalarni tibbiy dori-darmonlarga inqiroz sharoitida ko‘p mablag‘ sarflashini oldini oladi. Odatda, inqiroz kuzatilmagan davrlarda rivojlangan mamlakatlarda tibbiy sug‘urtaga talab kam bo‘ladi va insonlar kasallikka chalingandan so‘nggina tibbiy sug‘urtaga ishlari tushadi.
Sug‘urta tizimlariga xizmatning yaxshi yo‘lga qo‘yilmagani, xizmatlar sifatining pastligi yoki sug‘urta bilan bog‘liq tajribaning yo‘qligi insonlarni cho‘chitadi. Yuqoridagi holatlarni bartaraf qilish, tibbiy sug‘urtaga ega bo‘lish jarayonini soddalashtirish va bu sohani vaqtinchalik moliyalashtirish tibbiy sug‘urta olish hajmini ko‘paytiradi. Indoneziyada inqiroz paytida shunday choralar natijasida tibbiy sug‘urtadan foydalanuvchilar hajmi sakkiz barobarga ko‘paydi.
COVID-19 sharoitida inqirozga qarshi kurashish uchun kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash ham muhim. Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo bozorida kichik va o‘rta biznesning ulushi 90 foizni, kichik va o‘rta biznesda ishlovchilarning ulushi 50 foizni tashkil qiladi. Odatda, bunday hajmdagi biznesda yetarli moliyaviy zaxiralar mavjud bo‘lmaydi va ular ko‘pincha kredit olish borasida muammolarga duch keladi. Ularning vaqtincha yopilishi esa halokatga mahkum qiladi.
Korxonalarga yordam berishda hukumatlar soliq to‘lovi va kreditlarni qaytarish borasida ta’tillar berishi ham muhim iqtisodiy ko‘mak bo‘lib xizmat qiladi. Pandemiya vaziyatida aynan hukumat insonlardan va biznesdan o‘z faoliyatini vaqtinchalik to‘xtatib turishni so‘rar ekan, ularga moliyaviy ko‘mak berishi ham oqilona siyosat bo‘ladi.
Donald Tramp Amerika qachon avvalgi holatiga qaytish borasida qanday fikrda?
BuzzFeed nashrining yozishicha, AQSh prezidenti gubernatorlarga koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlar bekor qilinishi borasida tavsiyalar berdi. Prezident Tramp shtatlarga ehtiyotkorlik va qadam-baqadam avvalgi hayot tarziga qaytish va o‘zini ihotalashni bekor qilishni taklif qildi. Ammo aksarlar nazdida bunday tadbir mamlakatda virusning ikkinchi to‘lqinini yuzaga keltirishi mumkin.Payshanba kuni shtatlar gubernatorlariga yuborilgan ko‘rsatma “Amerikani yana ochiq qilamiz” deya nomlandi. Bunday nom esa 2016-yildagi prezident Trampning saylovoldi dasturi shiorini eslatib yubordi. Prezident ko‘rsatmasi uch bosqichdan iborat bo‘lib, ularda karantinni bekor qilish borasida gubernatorlar ehtiyotkorlik bilan o‘z shtatlaridagi vaziyatni hisobga olgan holda harakatlanishi bayon etiladi.
Prezident Tramp Oq uyda uyushtirilgan matbuot konferensiyasida mamlakatda ishlayotgan iqtisodiyot bo‘lishi o‘ta muhimligini va iqtisodiyot avvalgi rivojlanish maromiga qisqa fursatda yetib olishini ta’kidladi. Tramp bayonotida 29 ta shtatdagi virus bilan bog‘liq vaziyat o‘ta yaxshi darajadaligini aytadi va bu shtatlar ijtimoiy muhofazalanish va izolyatsiyalanish rejimini bekor qilishi mumkinligi haqida gapirsada, aynan qaysi shtatlar ekanini ochiqlamadi.
Shuningdek, matbuot anjumanida koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlardagi kompaniyalar, maktablar, jamoat joylarining bosqichma-bosqich ochilishi haqida gapirildi. Rejada COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat so‘nggi 14 kun mobaynida virus aniqlanmagan hududlarda izolyatsiya rejimi bekor qilinishi va kasallanish holatlari ko‘paymasa, sekin-asta boshqa cheklovlar ham olib tashlanishi haqida so‘z bordi.
Tramp bayonotida “biz barcha cheklovlarni birdaniga olib tashlamaymiz, ehtiyotkorlik va bosqichma-bosqich yopilgan joylarni ochamiz, ayrim shtatlat oldinroq, ayrimlari keyinroq izolyatsiya rejimini bekor qilishi mumkin”, deydi. Ammo odatiy hayot tarziga qaytish borasida hal qiluvchi qarorni shtatlar gubernatorlarining o‘zlari vaziyatdan kelib chiqib ish tutgan holda amalga oshiradi. Avvalroq esa Tramp mutlaqo boshqa fikrni bildirgan va o‘z bilganicha izolyasiya rejimini bekor qilish yoki cho‘zish qarorini hududdagi virus bilan bog‘liq vaziyatga qarab amalga oshirmoqchi bo‘lgan gubernatorlarni “isyon” qilishda ham ayblagan edi.
“Gubernatorlarga aytib qo‘ying, ‘Bauntidagi isyon’ mening hamma davrlardagi eng yoqtirgan kino filmim. Tanish isyonlar vaqti-vaqti bilan sodir bo‘lib turadi va ular ruhni ko‘taradi. Isyonlarni kuzatib borish esa qiziq. Ayniqsa, isyonchilarning kapitandan olishi kerak bo‘lgan narsasi juda ko‘p bo‘lsa. Bu juda oson!”.
Tell the Democrat Governors that “Mutiny On The Bounty” was one of my all time favorite movies. A good old fashioned mutiny every now and then is an exciting and invigorating thing to watch, especially when the mutineers need so much from the Captain. Too easy!
— Donald J. Trump (@realDonaldTrump) April 14, 2020
Seshanba kuni esa Tramp butunlay boshqacha ohangda so‘zladi va gubernatorlarga o‘z shtatlaridagi vaziyatda kelib chiqqan holda ish ko‘rishlari uchun rozi ekanini namoyish qildi. Oq uy ko‘rsatmasiga muvofiq kasallanish hajmi kamaya borsa, test o‘tkazish barcha uchun imkoniyat darajasida bo‘lsa, ayrim hududlar kompaniya, maktablar va bog‘chalarni qayta ochish uchun bosqichma-bosqich ruxsat beriladi.
Birinchi bosqichda uyda turib ishlashi va ijtimoiy masofalanishning iloji bo‘lmagan vaziyatda 10 tadan ko‘p bo‘lmagan holatlarda to‘planishi mumkin. Shuningdek, birinchi bosqichda kinoteatrlar, ibodatxonalar va sport inshootlari ijtimoiy himoyalanish saqlanadigan bo‘lsagina ochilishiga ruxsat beriladi. Rejaning ikkinchi bosqichida maktablar ochilishi nazarda tutiladi. Uydan ikkinchi darajadagi ishlarni bitirish uchun ham chiqishga ruxsat etiladi.
Uchinchi bosqichda hamma joy to‘liq holatda ochilishi va hattoki yaqinlarni ziyorat qilgani shifoxonalarga ham borish nazarda tutiladi. Kasallanishning yang‘i to‘lqinining oldini olish uchun har bir bosqich ikki hafta davom etishi ta’kidlanadi. Ammo COVID-19 bilan kasallanishga moyil bo‘lgan odamlar ikkinchi va uchinchi bosqichda ham uyda qolishlari talab etiladi.
Trampning ma’lum qilgan rejasiga qaramay, ayrim shtatlar gubernatorlari o‘z mintaqalaridagi karantin yana bir necha hafta davom etishini bildirmoqda. Shu haftada Kaliforniya shtati gubernatori Gevin Nyusom shtatidagi karantin holati koronavirusga qarshi vaksina kashf etilmagunga qadar davom etishi haqida fikr bildirdi. AQSh tibbiyot xodimlari ham gubernatorlarning siyosatini qo‘llab-quvvatlagan holda karantin rejimini bekor qilish virusning yanada kengroq tarqalishi borasida xavotir bildirmoqda.
Bunday xavotirlarga javoban Tramp matbuot konferensiyasida “Agarda karantin holati hozirda bekor qilinadigan bo‘lsa, bu mamlakatga virusning ikkinchi to‘lqiniga qarshi kurashda tayyor bo‘lishiga yordam beradi”, deb aytdi. Bugungi kunda AQShda koronavirus bilan kasallanganlar miqdori 690 minglik marraga yetib qolganini hisobga oladigan bo‘lsak, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday kechadi, kuzatamiz.
Jahongir Ergashev tayyorladi.
Izoh (0)