Xitoyda o‘tgan bir sutka ichida 108 kishida koronavirus infeksiyasi aniqlandi, 2 kishi vafot etdi, 88 nafar bemor tuzaldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” mamlakat Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi ma’lumotlariga tayanib.
Ta’kidlanishicha, yangi bemorlarning 98 nafari virusni xorijdan yuqtirgan, qolgan 10 kishi mamlakat ichida yuqtirib olgan.
Mamlakatda 12-aprel kuni virus yuqtirish bilan bog‘liq 99 ta, 11-aprelda 46 ta, 10-aprelda esa 42 ta holat qayd etilgandi. Umumiy hisobda Xitoyda koronavirusni chetdan yuqtirish bilan bog‘liq 1 378 ta holat qayd etilgan. Ulardan 867 nafari kasallanganligicha qolmoqda (shundan 38 nafarining ahvoli og‘ir), 511 kishi tuzalgan.
Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, Xitoyda koronavirus aniqlanganidan buyon 83 135 kishi kasallangani tasdiqlangan, 3 343 kishi vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Xitoy hukumati 1-apreldan boshlab koronavirus hech qanday belgilarsiz tarqalayotgani haqida ma’lum qilgandi. So‘nggi sutkada 61 ta shunday holat aniqlangan. Ularning 12 tasi chetdan yuqtirilgan.
Shuningdek, o‘tgan bir sutka ichida 55 kishiga karantindan javob berilgan. Test ularda virus borligini ko‘rsatgan bo‘lsa-da, biroq kasallikning hech qanday alomatlari aniqlanmagan. Ayni paytda kasallik alomatlari kuzatilmayotgan yana 1 064 kishi shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.
Izoh (0)