Samarqandda shaftoli o‘g‘irlashda ishtirok etib, bog‘ egasiga kuch ishlatishda ayblangan va 7 yilga ozodlikdan mahrum qilingan sobiq talabaning onasi Prezidentga murojaat qildi. Uning aytishicha, o‘g‘li nohaq qamalgan.
Mazkur voqeani o‘rgangan “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayevning qamalgan talaba onasi Xonbibi Abdunazarovaga tayanib xabar berishicha, jabrlanganlar Shahzod Hasanovni voqea sodir bo‘lgan kuni ko‘rmaganini bildirgan.
“Sud majlisida jabrlanuvchi tariqasida so‘roq qilingan Normo‘min Oltiboyev, Zafar Oltiboyev va Ramazon Nazarov ‘Sharipov Tohirjon bog‘lari’ MChJ bog‘ida sodir bo‘lgan janjal vaqtida o‘g‘limni ko‘rmaganligini aytgan. O‘g‘lim ularni urmagani bois, unga nisbatan hech qanday da’vosi yo‘qligini bayon qilgan. Ammo sud ularning bu ko‘rsatmasini inobatga olmadi. Shuningdek, guvohlar K.Hotamov S.Salomov, Sh.Boymurodov, O.Mahmayusupov, Sh.Erkayev, G.Ablaqulov va J.Ochilov ham o‘g‘limni birinchi marotaba A.Qurbonov bilan birga bog‘ga kirmasdan avval ko‘rganligini, janjaldan xabarlari yo‘qligini bayon qilib ko‘rsatma bergan”, — deydi Xonbibi Abdunazarova.
Sud hujjatlaridan ma’lum bo‘lishicha, 2018-yil 22-iyun kuni soat 23:25 da fuqaro Abdulla Qurbonov o‘zganing mulkini bosqinchilik bilan qo‘lga kiritish maqsadida tanishlari Sh.Hasanov, S.Temirov, A.Alimov va boshqa shaxslar bilan yuziga egnidagi kiyimlarini niqob qilib, Nurobod tumani “Mehnatkash” mahallasi, Qizilkarvon qishlog‘i hududida joylashgan “Sharipov Tohirjon bog‘lari” MChJ ga qarashli bog‘ maydoniga shaftoli o‘g‘irlash uchun kiradi. O‘g‘rilar ularning harakatini sezib qolgan bog‘ qorovuli Normo‘min Oltiboyevga hujum qilib, uning boshiga tayoq bilan urib, tan jarohati yetkazgan. Uning cho‘ntagidagi 85 ming so‘m pul va 120 ming so‘mlik telefonini olib qo‘ygan. Bu holatdan xabar topib, voqea joyiga yetib kelgan Zafar Oltiboyevga ham hujum qilib, qo‘lidagi 70 ming so‘mlik fonar, 100 ming so‘mlik telefon apparatini tortib olgan. Bu ham yetmagandek, Ramazon Nazarovga ham hujum qilib, boshiga tayoq bilan urib, 800 ming so‘mlik telefonini olib qo‘ygan.
Shahzod Hasanovning advokati Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, mazkur jinoyat ishi 2018-yil 14-iyul kuni qo‘zg‘atilgan. Lekin jinoyat ishida jabrlanuvchi bo‘lganlar — Normo‘min Oltiboyev, Zafar Oltiboyev va Ramazon Nazarov 2018-yil 17-iyul kuni ariza bilan murojaat qilgan. Aynan shu kuni jabrlanuvchi deb e’tirof etilganlar tomonidan berilgan arizadagi holatlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarordagi holatlarga to‘liq mos kelmagan. Jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan vaqtda jabrlanuvchilarning qonuniy chora ko‘rishni so‘rab yozgan arizasi bo‘lmagan.
“Ushbu jinoyat ishi bo‘yicha dastlab Jinoyat kodeksining 104-moddasi 1-qismi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan Abdulla Qurbonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jinoyat ishini qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda 2018-yilning 22-iyun kuni bo‘lib o‘tgan voqealar yozilgan. Jinoyat ishi bo‘yicha sud tibbiy ekspertizalari 2019-yilning 6, 11, 12-iyul kunlari o‘tkazilgan. Ya’ni ekspertiza jinoyat sodir qilingan kundan 15, 19 va 20 kun o‘tganidan keyin o‘tkazilgan. Endi asosli savol tug‘iladi, jabrlanuvchilar aynan voqea sodir bo‘lgan kuni tan jarohati olganmi yoki undan keyin boshqa holatda tan jarohati olganmi? Nima uchun holat sodir bo‘lganidan shuncha vaqt o‘tgandan keyin ekspertiza o‘tkazilgan. Bu holatni shuncha vaqt sun’iy ravishda cho‘zib yurish kimga kerak bo‘lgan? Bu savollarga jinoyat ishida umuman javob yo‘q va aniqlik kiritilmagan. Haqiqat aniqlanmagan”, — deydi Umidbek Davlatov.
Umidbek Davlatovning ta’kidlashicha, jinoyat ishi yuzasidan asosiy jabrlanuvchi sifatida ko‘rsatilgan Normo‘min Oltiboyevga nisbatan berilgan ekspertiza xulosasida uning 31-tishi singanligi ko‘rsatilgan. Lekin aynan qaysi tarafdan sanaganda 31-tish ekanligi aniq ko‘rsatilmagan. Xulosada jarohat yetkazish mexanizmi aniq ko‘rsatib berilmagan. Qolaversa, dastlab bosh miya chayqalishi deb xulosa bergan bo‘lsa, keyinchalik bosh miya lat yeyishi deb ko‘rsatilgan. Lekin xulosada chayqalishmi yoki lat yeyishmi — bu holat aniq ko‘rsatilmagan. Bunday xulosaga qanday asoslarga ko‘ra kelinganligi yoritilmagan. Bemor tomografiya qilinmagan. Shuningdek, aniq tan jarohatlari yetkazilgan muddat ko‘rsatilmagan.
“Bu holatda jabrlanuvchi jinoyat ishi bo‘yicha voqea sodir bo‘lgan kuni tan jarohati olganligi shubha ostida qoladi. Balki, jabrlanuvchilar umuman boshqa joyda tan jarohati olishgandir. Nima uchun bu holat yuzasidan zudlik bilan ekspertiza tayinlanmagan va ish holatlariga aniqlik kiritilmagan? Ekspertiza xulosalarida qanday asoslarga ko‘ra to‘xtamga kelinganligi holati yuzasidan ekspertlar to‘liq chaqirib, so‘roq qilinmagan”, — deydi Umidbek Davlatov.
Ma’lum qilinishicha, 2019-yil 8-fevral kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Nurobod tuman sudi hukmiga ko‘ra, Shahzod Hasanov Jinoyat kodeksining 164-modda 2-qismi “g” bandida (Badanga og‘ir shikast yetkazgan holda bosqinchilik) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybdor deb topilib, 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.
Umidbek Davlatovning aytishicha, jinoyat ishi yuzasidan olingan dastlabki tushuntirish xatlaridagi ayrim holatlar sud jarayonida e’tiborga olinmagan.
“Sudlanuvchi Sohibjon Zokirovning kim tomonidan qachon olinganligi ko‘rsatilmagan tushintirish xatida ‘2018-yil 22-iyundan 23-iyunga o‘tar kechasi soat taxminan 23:30 da ‘Sharipov Tohirjon bo‘g‘lari’ MChJ bog‘ida men va Allayor Alimov, Abdulla Qurbonov hamda Elbeklar bilan bog‘ga kirib, shaftoli o‘g‘irlab ketish uchun kelganimiz. Bog‘ qorovuli Normo‘min Oltiboyev, Zafar Oltiboyev hamda Ramazon Nazarov bizlarni ko‘rib qoldi. Biz shaftoli olib chiqish uchun 17 ta qop olib kirgan edik’, deyilgan. Bundan kelib chiqadiki, o‘g‘rilar safida Shahzod Hasanov bo‘lmagan”, — deydi advokat Umid Davlatov.
Advokatning qo‘shimcha qilishicha, mazkur jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov vaqtida tushuntirish bergan Allayor Alimov ham “bog‘ga Sohibjon Zokirov, Abdulla Qurbonov hamda Elbeklar bilan birga kirib, shaftoli o‘g‘irlamoqchi edik”, degan.
“Allayor Alimov ham o‘z ko‘rsatmasida bog‘ga kimlar bilan kirganligini aniq ko‘rsatib, ularning ichida Shahzod Hasanov yo‘qligini aytgan.
Dastlabki tergov davridagi tushuntirish xatlarida o‘g‘irlikka kirganlar jinoyatni o‘zlariga bog‘liq bo‘lmagan holda oxiriga yetkaza olishmaganligini aytishgan. Lekin bosqinchilik jinoyati haqida hech qanday ko‘rsatmalar mavjud emas”, — deydi Umid Davlatov.
Ta’kidlanishicha, 2018-yilning 22-sentabr kuni ko‘rib chiqilgan jinoyat ishida ishning bir qismini harakatdan tugatish to‘g‘risida qaror mavjud bo‘lib, ushbu qaror bilan O.Mahmayusupov, Sh.Boymurodov, E.Salomov, Sh.Erkayev va Bo‘riyevga nisbatan tegishli qismi tugatilgan.
“Endi savol tug‘iladi, axir ularning ushbu jinoyatdagi ishtiroki Shahzod Hasanovning ishtiroki bilan bir xil edi-ku? Nima uchun ularga nisbatan qismi tugatilgan-u, Sh.Hasanov esa qamoqda? Bu holatga sud jarayonida e’tibor qaratilmagan”, — deydi advokat.
Advokat Umid Davlatovning ta’kidlashicha, ishni o‘rganish jarayonida guvohlar qayta so‘roq qilinib, Sh.Hasanovga qarshi ko‘rsatmalar olingan.
“Jabrlanuvchi Normo‘min Oltiboyev o‘sha kungi o‘zaro kelishmovchilikda, tanishi Abdulla Qurbonov unga tan jarohati yetkazganini, ikkita telefon apparatini olganligini bildirgan. Guvoh Sherali Boymurodov ham o‘z ko‘rsatmasida voqea sodir bo‘lgan kuni Shahzod Hasanovni ko‘rganligi haqida gapirmagan. S.Temirov, N.Ziyatov, J.Bayrov va ayblanuvchi A.Qurbonov voqea sodir bo‘lgan kuni Shahzod Hasanov ishtiroki haqida lom-mim demagan. Shuningdek, jinoyat ishi yuzasidan o‘tkazilgan yuzlashtirishlarda Sh.Hasanovning bironta insonni urganligi, kimgadir tan jarohati yetkazganligi, bosqinchilik qilganligi haqida birorta ma’lumot mavjud emas. Kutilmaganda guvohlarni qayta so‘roq qilib, ulardan Sh.Hasanovga qarshi ko‘rsatmalar olishgan. Bu holat nima maqsadda qilinganligi birinchi bosqich sudi tomonidan to‘liq tekshirib chiqilmagan”, — deydi Umid Davlatov.
Advokat dastlabki tergovda sudlanuvchi Shahzod Hasanovning jinoiy qilmishi noto‘g‘ri malakalanganligini bildirmoqda.
“Jinoyat ishi bo‘yicha 2018-yilning 14-iyun kuni Nurobod tuman IIB huzuridagi tergov bo‘limi katta tergovchisi G‘.Ablaqulov hamda tuman IIB boshlig‘i A.Ochilovga bildirgi bilan murojaat qilingan. Murojaatchilar o‘z bildirgisida 2018-yilning 22-iyun kuni soat 23:30 da Nurobod tumani ‘Mehnatkash’ mahallasi Qizilkarvon qishlog‘i hududida o‘zaro kelishmovchilik natijasida kelib chiqqan janjal vaqtida fuqaro Normo‘min Oltiboyevni tanishi Abdulla Qurbonov urib, unga tan jarohati yetkazganligini bayon qilgan. Holat yuzasidan to‘plangan hujjatlarni tuman IIB navbatchilik qismida “Shakl-1” kitobidan ro‘yxatdan o‘tkazishga ruxsat so‘ralgan. Shunga qadar bu holat IIBda “Forma-2”dan ham ro‘yxatdan o‘tmagan. Ya’ni bu jinoyat haqida hech qanday xabar bo‘lmagan. Oradan vaqt o‘tganidan keyin jinoyat ishini qo‘zg‘atish masalasi hal qilinganligi nihoyatda shubhali. Bu orqali amaldagi Jinoyat-protsessual kodeks talablari ham buzilgan”, — deydi Umidbek Davlatov.
Shahzod Hasanovning onasi Xonbibi Abdunazarovaning ta’kidlashicha, jinoyat ishi yuzasidan ayblanuvchi tariqasida so‘roq qilingan o‘g‘li unga nisbatan e’lon qilingan aybga iqror bo‘lmagan. Jinoyat sodir qilmaganligini, hech kimni urib, tan jarohati yetkazmaganligini bildirgan.
“Ish yuzasidan qabul qilingan qarorlar, jabrlanuvchilarning ko‘rgazmalari va boshqa hujjatlarda Sh.Hasanovning telefonni yoki pullarni bosqinchilik bilan olganlik holati umuman ko‘rinmaydi. Bu yuzasidan jinoyat ishida bironta ko‘rsatma yoki dalil mavjud emas. Sh.Hasanovga nisbatan qo‘yilgan ayblov faqat taxminlardan iborat. Qolaversa, ushbu jinoyat ishi yuzasidan jabrlanuvchi N.Oltiboyev dastlabki bergan tushuntirish xatida telefoni va puli yo‘qolganligi haqida hech gap yozmagan. Shu sababdan ham Xonbibi Abdunazarova Samarqand davlat universitetining bitiruvchi kursida tahsil olishi kerak bo‘lgan o‘g‘li nohaq ayblovlar sabab bugun ozodlikdan mahrum qilingani haqidagi ish qayta ko‘rib chiqilishini so‘rab, Prezidentga murojaat qildi”, — deydi Umid Davlatov.
“O‘g‘limni nohaq ayblab, 7 yilga ozodlikdan mahrum etishdi. Aslida o‘g‘lim u yerga mehmondorchilikka borgan. Men Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevga murojaat qilib, o‘g‘lim bilan bog‘liq jinoyat ishi qayta ko‘rib chiqilishini so‘radim”, — deydi Xonbibi Abdunazarova.
Izoh (0)