Ijtimoiy tarmoqlarda 16-mart, dushanba kuni, Andijon viloyatining Oltinko‘l tumanida yashovchi 14 nafar fuqaro koronavirus aniqlangan shifokor ayol bilan Fransiyadan bir samolyotda uchib kelganligi hamda ular nazoratda ekanligi to‘g‘risida norasmiy xabarlar tarqalgan. Andijon viloyat hokimligi mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov nazoratida 11 ta tegishli tashkilotning rahbarlari va o‘rinbosarlaridan iborat viloyat shtabi tashkil etilgan bo‘lib, shtab mutaxassislariga tegishli vazifa va ko‘rsatmalar berilgan, tizimli ishlar tashkil etilmoqda. Shuningdek, kunlik axborot va tahliliy ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Koronavirus infeksiyasining Andijon viloyati hududiga kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha viloyat shtabi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu norasmiy xabarlar asossiz hisoblanadi. Ushbu fuqarolar koronavirus aniqlangan shifokor ayol bilan bir samolyotda Fransiyadan kelmaganligi aniqlandi.

Viloyat shtabi ma’lumotlariga ko‘ra, Oltinko‘l tumanida joylashgan zaxira izolyatorida 21 nafar fuqaro bo‘lib, ular Andijon viloyatining turli joylarida yashaydi. Ushbu fuqarolar Turkiya, Rossiyadan qaytgan, shuning uchun karantinga olingan, ularda kasallik alomatlari yo‘q. Ularda tana harorati ko‘tarilishi, quruq yo‘tal, nafas qisishi va boshqa belgilar mavjud emas. Ularning har biri 14 kunlik karantin tugagandan keyin qonda virus bor yoki yo‘qligi qayta tekshiriladi va shundan so‘ng ma’lumotnoma taqdim etilgan holda uyiga javob beriladi.

Avvalroq Bosh prokuratura matbuot xizmati karantin va cheklov tadbirlarini buzganlik va kasallik o‘chog‘iga borganlik hamda bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlik haqidagi ma’lumotlarni yashirganlik uchun jinoiy javobgarlik mavjudligini eslatib o‘tgan edi. Shuningdek, bosh vazir Abdulla Aripov koronavirus haqida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatganlar ham javobgarlikka tortilishini ma’lum qilgan edi. Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov yolg‘on xabar tarqatganlarni jazolash uchun qonuniy chora ishlab chiqilishini qo‘llab-quvvatlashini aytib o‘tgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus yuqtirib olganlar soni sakkiz kishiga yetdi.

Avvalroq Sirdaryo hokimi G‘ofurjon Mirzayev oziq-ovqat mahsulotlari narxi bilan tanishish uchun Gulistondagi bozorni aylangani haqida xabar berilgan edi.