Ikki oy avval dunyoning deyarli barcha mamlakati koronavirusdan holi bo‘lib, xotirjamlikda edi. Ammo qisqa vaqt ichida COVID-19 epidemiyasi jahonning yuzdan ortiq davlatiga kirib borishga ulgurdi. Hozir JSST tomonidan favqulodda vaziyat e’lon qilindi. Ayni vaqtda pandemiya e’lon qilish kerakmi yoki yo‘qmi, degan masala ustida jiddiy bosh qotirilmoqda. Bu haqda 10-mart, seshanba kuni, AOKAda Sog‘liqni saqlash vazirligi tashkillashtirgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Foto: “Daryo”

“Koronavirusga qarshi kurashish va uning oldini olishda aholiga isbotlangan ma’lumotlarni vaqtida yetkazishimiz, profilaktik targ‘ibot ishlarini kuchaytirishimiz zarur.

Eng muhimi, har bir fuqaro o‘zi mas’uliyat sezgan holda noto‘g‘ri, vahimali ma’lumotlarga ishonmasligi va shaxsiy ehtiyot choralarini ko‘rishi lozim. Xalqimizda “Kasalni yashirsang, isitmasi oshkor bo‘ladi”, degan gap bor. Bu koronavirus haqidagi o‘zbekning matali, gapi. Mazkur kasallikni berkitib bo‘lmaydi. Hech bir mamlakat buni yashira olmaydi. Rahbar va olim sifatida aytamanki, ushbu kasallikni berkitishning sira iloji yo‘q. Eng yaxshisi, kasallikdan ehtiyoj choralarini ko‘rib, yurtimizga kirib kelishining oldini olaylik.

Har bir fuqaro xorijga chiqishga ehtiyoji bo‘lmasa, chiqmasin, buni cheklaylik. Bu juda katta xavf-xatar tug‘diradi. Siz borayotgan mamlakat kasallikdan holi hudud bo‘lishi mumkin. Ammo virusni aeroportda kasalikka chalingan odamlardan yashirin ravishda yuqtirib olishingiz hech gap emas”, — dedi Shodmonov.

“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov vazirga “O‘zbekistonda COVID-19’ni yuqtirib olgan va vafot etgan fuqarolar borligi to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda turli xabarlar tarqalmoqda. Vazirlik esa buni rad etyapti. Feyk xabar tarqatib, odamlarni vahimaga solayotganlarga nisbatan keskin choralar ko‘rish rejada mavjudmi?”, — degan savol bilan yuzlandi.

Foto: “Daryo”

“Aytish kerakki, O‘zbekiston — demokratik-huquqiy davlat. Qonunlarga asosan ishlar olib boradi. Ommaviy axborot vositalari xodimlari bu borada bizga ko‘maklashsin, birgalikda shu masalani ko‘tarib chiqaylik.

Bilasizlar, juda ko‘p mamlakatlar feyk xabar tarqatgan fuqarolarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rishni boshlagan. Nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlik va eng oliy jazo ham yo‘lga qo‘yildi.

Feyk xabarlarga ishonmaslik to‘g‘risida OAVda keng bong uraylik, xalqqa tushuntiraylik. Adliya vazirligi va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi bilan hamkorlikda qonun chorasi ishlab chiqilsa, biz ham buni qo‘llab-quvvatlaymiz”, — deya javob qaytardi sog‘liqni saqlash vaziri.