Fevral oyining oxirgi haftasidagi eng qiziqarli suratlar jamlanmasini e’tiboringizga havola etamiz.

Xitoyning Guansi-Chjuan muxtor rayonidagi tibbiyot kompaniyasidan niqob olish uchun navbatda turgan odamlar. Xitoyda koronavirusdan vafot etganlar soni 2,8 mingdan oshib ketdi.

Foto: AP Photo

Donald va Melaniya Tramp Agradagi Toj Mahal yodgorligida.

Foto: Reuters

Turkiya armiyasining zirhli texnikalari Suriyaning Idlib viloyatidagi qishloqlardan biridagi yo‘llardan o‘tmoqda. Turkiya va Suriya armiyasi o‘rtasida aviazarbalar almashinuvi oqibatida ikkala tomonda ham o‘nlab harbiylar halok bo‘ldi.

Foto: Getty Images

Gavayida xaridorlar supermarket oldida navbatda turibdi. Gavayi sog‘liqni saqlash departamenti koronavirus xavfi sabab 14 kunlik birlamchi ehtiyoj mahsulotlari g‘amlab qo‘yishni tavsiya etdi.

Foto: Reuters

Chilidagi Vilyarrika vulqonining tunda Pukon shahridan ko‘rinishi.

Foto: Reuters

Dehlida fuqarolik to‘g‘risidagi yangi qonun tufayli yuz bergan to‘qnashuvlarda jarohatlangan musulmon erkak.

Foto: Reuters

KXDR rahbari Kim Chen In Koreya xalq armiyasining o‘quv mashg‘ulotlarini kuzatmoqda. Koreya Markaziy axborot agentligi tomonidan tarqatilgan suratda Kim Chen Indan boshqa barcha harbiylarning niqob taqib olganini ko‘rish mumkin. Pxenyan tomonidan tarqatilgan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda koronavirus bilan kasallanish holati qayd etilmagan. Janubiy Koreyada esa koronavirusga chalinganlar soni qariyb 3 ming kishini tashkil etmoqda.

Foto: KCNA

Shvetsiyalik Greta Tunberg Angliyaning Bristol shahrida o‘tkazilgan ekofaollarning norozilik aksiyasida yig‘layotgan qizaloqni bag‘riga bosmoqda.

Foto: Reuters

Ahmadoboddagi Gandi Ashramiga tashrif davomida oyoq kiyimini yechib qo‘ygan Melaniya va Donald Tramp.

Foto: Reuters

Husni Muborakning dafn marosimida sobiq prezidentning unvonlarini ko‘tarib turgan askar. 2011-yilda ag‘darilgan Muborakning dafn marosimiga 9 yildan beri omma oldiga chiqmagan sobiq amaldorlar ham tashrif buyurdi. Misrda uch kunlik motam e’lon qilindi.

Foto: Reuters

Pekinda yoga murabbiyi yoga mashg‘ulotlarini onlayn o‘tmoqda. Koronavirus epidemiyasi avj olgach, onlayn darslarga talab oshdi.

Foto: EPA

Pena de Pavao de Krishna guruhi a’zosi Braziliyadagi karnavalda.

Foto: AFP

Farg‘ona vodiysini O‘zbekistonning qolgan qismi bilan bog‘lab turuvchi Qamchiq dovoni 28-fevral kuni quyuq bulut bilan qoplandi. Dovonning ayrim qismlarida bulutlar yo‘ldan pastroqda qolib, sehrli bir manzara hosil qildi.

Surat “Daryo” mushtariysi tomonidan taqdim etildi.

O‘nlab aktisalar tomonidan jinsiy tegajog‘likda ayblangan kinoprodyuser Xarvi Vaynshteynni ayollar hojatxonasi oynasidan suratga olayotgan Reuters’ning shtatdan tashqari suratkashi Keytlin Oks.

Foto: AP Photo

Manamadagi bozorlardan birining ko‘chasida juma namozini o‘qiyotgan musulmonlar koronavirusdan himoyalanish uchun niqob taqib olgan. Bahraynda koronavirusga chalinish bilan bog‘liq 38 ta holat qayd etilgan.

Foto: Reuters

Kiyevda prezident ofisi oldida norozilik aksiyasi ishtirokchisi o‘ziga o‘t qo‘ydi. Ukraina prezidenti matbuot xizmati xabariga ko‘ra, yengil kuyish jarohatlarini olgan erkak shifoxonaga yetkazilgan.

Foto: Reuters

Gretsiyaning Lesbos oroliga qayiqda yetib kelgan afg‘on migrantlari.

Foto: Reuters

Dezinfeksiyalovchi robot-mashina Xitoyning Xenan provinsiyasida zinapoyadan ko‘tarilmoqda.

Foto: Reuters

Trampning afroamerikalik tarafdorlari Oq uydagi uchrashuvdan keyin prezidentni duo qilmoqda. Uchrashuvda Tramp o‘z prezidentligi davrida qora tanlilar erishgan yutuqlar haqida gapirdi.

Foto: Reuters

Singapurdagi turar-joy massivi.

Foto: Getty Images

Kolumbiya prezidenti Ivan Dukega qarshi namoyish ishtirokchilari va politsiya to‘qnashuvi.

Foto: Getty Images

Keniyadagi ranchoda chigirtkalarni haydashga urinayotgan erkak.

Foto: Reuters

Gonkongdagi klubda niqob taqqan qo‘shiqchining chiqishi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga ko‘ra, tibbiy himoya niqoblarini sog‘lom insonlar emas, balki infeksiya tarqalishining oldini olish maqsadida kasallangan kishilar taqib yurishi lozim.

Foto: Reuters

Dallasda buzish uchun portlatilgan 11 qavatli binoning bir qismi buzilmay, qiyshayib qoldi. Odamlar unga “Dallasda og‘ayotgan minora” nomini berdi. Bu minora oldida ham xuddi Piza minorasini turistlar ushlab yoki itarib turgandek rasmga tushish boshlandi.

Foto: AP Photo