Xitoy koronovirusi.

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi mamlakatda o‘tgan bir sutka davomida 394 kishi koronavirus bilan kasallangani, bu esa 23-yanvardan buyon kuzatilgan eng past ko‘rsatkichligini ma’lum qildi. 1779 kishi sog‘lom deb topilgan va ularga kasalxonadan javob berilgan.

Foto: “RIA Novosti”

Pekinning aniqlik kiritishicha, kasallar sonining sezilarli darajada kamayishi statistik ma’lumotlarning tahrirlanayotgani bilan bog‘liq (bir kun oldin kasallar soni 1693 kishini tashkil etgandi). Masalan, avvaliga Uxan shahrining o‘zida bir kunda 600 dan ortiq odam virusni yuqtirib olgani taxmin qilingan. Biroq qayta tekshiruv natijalari 279 holatda koronavirus tasdiqlanmagan. Shu bilan birga koronavirus oqibatida vafot etayotganlar soni ham qisqargan. 18-fevral, seshanba kuni, 132 kishi vafot etgan bo‘lsa, 19-fevral, chorshanba kuni, ushbu ko‘rsatkich 114 ni tashkil etdi (ularning 108 nafari Xubeyda, Xebey, Shanxay, Dutzyan, Shandun, Shansi va Yunnanda bittadan).

Koronavirus sabab Yaponiyaning Yokogama portida karantinda turgan Diamond Princess sayohat kemasining ikki nafar yo‘lovchisi vafot etdi. 19-fevral kunidan boshlab Diamond Princess kemasining yo‘lovchilari qirg‘oqqa chiqa boshlagani haqida xabar berilgandi. Shu kunning o‘zida 500 kishi kemani tark etishi kutilayotgandi.

Foto: EPA

Xitoy Sog‘liqni saqlash milliy komissiyasi COVID-2019 koronavirus infeksiyasidan davolanishga mo‘ljallangan yangi dorilar ro‘yxatini taqdim etdi. Oltinchi marotaba yangilanayotgan ushbu ro‘yxatga davolash ishlarida foyda berishi taxmin qilinayotgan bir qator dorilar qo‘shilgan. Ro‘yxatdan odatda bezgakda foydalaniladigan “Xloroxinfosfat”, OIVni davolashda ishlatiladigan “Lopiranavir” yoki “Interferon”ning “Ribavrivin” bilan kombinatsiyasi hamda “Arbidol” o‘rin olgan. So‘nggi holatda SSSRda ishlab chiqarilgan “Arbidol”ning muqobili bo‘lgan “Jenerik”dan foydalanish mumkin.

Xitoy universitetlaridan birining muhandislari yangi turdagi koronavirusning tarqalishiga qarshi kurashuvchi robotlar yaratdi. Ishlab chiquvchilar aqlli mashinalarning olomon ichida isitmasi baland odamni topib berishini ma’lum qilgan.

G20 davlatlari moliya vazirlari jahon iqtisodiyoti o‘sish sur’atlari sekinlashishini taxmin qilmoqda. Nisbatan kamtarona o‘sish sur’atlari bir nechta omillar tufayli kutilayotgan bo‘lib, ulardan asosiysi Xitoyda koronavirus tarqalishidir. Bu haqda Reuters qo‘lga kiritgan 22—23-fevral kunlari Ar-Riyodda bo‘lib o‘tadigan G20 moliya vazirlari va markaziy bank boshqaruvchilarining yig‘ilishida taqdim etiladigan hisobotda aytilgan.

Foto: Motor

Avvalroq Xitoyda tarqalgan yangi turdagi koronavirus tufayli mamlakat hududidagi zavod va do‘konlar epidemiya oqibatida yopib qo‘yilgani, bu butun dunyoda 5 milliondan ortiq kompaniyalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatgani xabar berilgan edi.  Fitch xalqaro reyting agentligi koronavirusning tarqalishi Xitoyda avtomobil sotish hajmining pasayishiga va butun dunyo bo‘ylab avtomobillar yetkazib berish jarayonining buzilishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Xitoyda avj olgan koronavirus epidemiyasi Buyuk Britaniyaning Jaguar Land Rover kompaniyasi ish faoliyatini to‘xtatishiga sabab bo‘lmoqda. Kompaniya omborxonalarida Xitoyda ishlab chiqariladigan avto ehtiyot qismlar tugab bormoqda.

O‘zbekistonda nima yangiliklar? 

Shavkat Mirziyoyev 20-fevral, payshanba kuni, Anqarada Turkiyaning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari bilan uchrashdi. Davlat rahbari Turkiya prezidenti bilan o‘tgan muzokaralarda biznes aloqalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga kelishib olinganini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

“O‘zbekiston kechagi O‘zbekiston emas. Bugun mamlakatimizga kirgan kompaniya, albatta, manfaat topadi. Men bunga kafolat beraman. Buning uchun zarur huquqiy, institutsional sharoitlar yaratib beriladi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“O‘zgidromet” 21-fevral, juma kuni, kutilayotgan ob-havo ma’lumotini e’lon qildi: O‘zbekistonda 21-fevral kuni shamol tezligi kuchayib, ba’zi joylarda qor aralash yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Foto: Madina Nurman / “Daryo”

Bolalar hayoti uchun dunyoda eng yaxshi sharoit Norvegiya, Janubiy Koreya va Niderlandiyada, eng yomoni esa Markaziy Afrika Respublikasi, Chad va Somalida ekani ma’lum bo‘ldi. Reytingda O‘zbekiston 180 ta davlat ichida 71-o‘rinni egallagan. Ekspertlar O‘zbekistonni past-o‘rta daromadli davlat deb baholagan.

Andijonda o‘quvchi qizni poyezd urib ketgandi. Unga “o‘sha kuniyoq shifoxonadan uyiga javob berilgani” haqidagi prokuratura xabari yolg‘on bo‘lib chiqdi. 11-fevral, seshanba kuni, “Kuyganyor” va “Poytug‘” stansiyalari oralig‘idagi temiryo‘lda 2003-yilda tug‘ilgan, 10-sinf o‘quvchisi Nurjahon Turg‘unovani poyezd urib ketgani haqida xabar berilgan edi. Biroq prokuraturaning ushbu axborotini ishonarli deb bo‘lmaydi — “Daryo” muxbiri Umidjon Mamarasulovning xabar berishicha, o‘quvchi qiz shifoxonaga og‘ir ahvolda olib kelingan, 14-fevral, juma kuni, operatsiya qilingan va hali ham shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.

Xonanda Tohir Mahkamov jurnalist Feruz Muhammadga bergan intervyusida odamoviligiga sabab bo‘lgan bolaligidagi qattiq qo‘rquv haqida gapirib berdi. Video mana bu yerda. Ma’lumot uchun, xonanda Tohir Mahkamov “Men o‘zimni sevaman”, “Masxaraboz”, “Tikka turib o‘lganim bo‘lsin”, “Zebojon”, “Ey gap” kabi qo‘shiqlari bilan mashhurlikka erishgan.

Xonanda Zohirshoh Jo‘rayevning konsert vaqtida duetdoshi Shabnam Surayyo “Xalqlar do‘stligi” saroyiga kirmayman, deb turib olgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Zohirshoh Jo‘rayev ushbu vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi. “Konsert dasturining qonun-qoidasini yaxshi bilasiz. Konsertdan 2-3 kun oldin san’at saroyining orqa tomonidan saroyga kiradiganlarning ro‘yxati beriladi. Shabnam bilan uning ‘grimyor’i ham kelgan, ammo uning nomi ro‘yxatda bo‘lmagan. O‘shanda biroz tushunarsiz holat bo‘lgan. O‘zim konsert tashvishlari bilan ichkarida yurganman. Shunday bo‘lganini eshitib, chiqqanimdan so‘ng muammo hal qilingan”, — deydi Zohirshoh Jo‘rayev “Daryo” uchun bergan eksklyuziv intervyusida. Video mana bu yerda.

“Daryo” muxbirining xabar berishicha, Qo‘qondagi choyxonada yuz bergan otishma bilan bog‘liq voqea tafsilotlarini viloyat IIB boshlig‘i, polkovnik Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi. “Shifoxonaga borib jabrlanuvchilar bilan gaplashdik. Shu holatda ham bizdan asl vaziyatni berkitishga urinib, oilaviy janjal sabab uyidagi oynani sindirib, qo‘lini jarohatlab olganini aytdi. Biz aralashmasak, muammosini o‘zi hal qilib olarkan. Hamma muammosini o‘zicha hal qilib olaversa, qonun qayerda qoladi?”, — deydi Doniyor Toshxo‘jayev.

Davlat statistika qo‘mitasi 18-fevral, seshanba kuni, O‘zbekistondagi markaziy dehqon bozorlarida alohida turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlarini o‘rganib chiqdi va o‘tkazilgan kuzatuv natijalari bo‘yicha mahsulotlarning minimal-maksimal narxlarini keltirdiO‘zbekistonda eng arzon go‘sht — Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori”da! 

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov Toshkent viloyati hokimligi majlislar zalida o‘tkazilgan yig‘ilishda Nurafshon shahri Toshkent shahri bilan metro orqali bog‘lanishini aytib o‘tdi.

Foto: MIB Matbuot xizmati

Yana boshqa qanday yangiliklar bor? Human xususiy bandlik agentligi mansabdorlarining firibgarligidan jabr ko‘rgan bir guruh fuqarolarga pullarini qaytarish boshlandi. Navoiy erkin iqtisodiy zonasiga 2023-yilgacha ingliz huquqi joriy etiladi. O‘zbekiston kompaniyalari Qirg‘izistondagi pansionatlar sotilishiga qarshi chiqdi. ATR Aircraft O‘zbekistonga kamxarj samolyotlar yetkazib berishi mumkin. Samarqandda o‘z joniga qasd qilgani aytilgan 69 yoshli ayol qarindoshlari tomonidan dafn etildi. Prokuratura qasddan odam o‘ldirish moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochdi. Toshkentdagi ayrim mahalla, maktab va bog‘chalarda sovuq suv vaqtincha o‘chiriladi. Po‘lat Bobojonov Xorazmda 10 nafar IIV xodimini xizmat vazifasidan ozod qildi. Yangiyo‘lda yo‘lovchi tashuvchi Istana mikroavtobusi yonib ketdi.

Foto: “Newsru.com”

Jahonda-chi, jahonda nima gap? AQSh harbiy uchuvchilariga hijob kiyish va soqol qo‘yishga rasman ruxsat berildi. Kanadada qariyb 100 ta mashina ishtirokida sodir bo‘lgan YTH oqibatida 60 dan ortiq odam jarohat oldi. Shahzoda Garri va Megan Markl 31-mart kuni qirollik maqomidan rasman mahrum bo‘ladi. Iordaniya chigirtkalar galasi yopirilishiga qarshi kurashishda yuqori tayyorgarlik holatiga keltirildi. Ashraf G‘ani Afg‘oniston prezidenti saylovlarida g‘olib bo‘ldi. Janubiy Koreyaning korrupsiyada ayblangan sobiq prezidenti Li Myon Bak 17 yilga qamaldi.