Bir muddat avval ijtimoiy tarmoqlarda Shahrisabz tumani hokimligi vakili fuqaroga qo‘pollik qilayotgani aks etgan videoyozuv tarqalgan edi. Ushbu holat yuzasidan Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati rahbari Sarvar Primov bayonot berdi. Bayonotda ta’kidlanishicha, videoda aks etgan voqea 2020-yil fevralida emas, balki 2018-yil noyabr oyida yuz bergan.

Videolavhada berilgan izohda hokimlikka adolat so‘rab kelgan fuqaro Shuhrat Abdullayevni fermer deb noto‘g‘ri izoh beryapti. Aslida, fuqaro Shuhrat Abdullayev fermerlik faoliyati bilan shug‘ullanmagan va Shahrisabz tuman Davlat xizmatlari markazida fermer sifatida hisobda turmaydi. U amaldagi qonunlarimizga xilof ravishda Shahrisabz “Pilla” AJga qarashli Shahrisabz tumani Avazmalik qishlog‘idagi tut plantatsiyasida noqonuniy uy-joy qurilishini amalga oshirgan.

Shahrisabz tuman arxitektura va qurilish boshqarmasi mutasaddi bo‘limlar bilan hamkorlikda fuqaro Shuhrat Abdullayevning yuqoridagi noqonuniy harakatini o‘rganib chiqib, Shahrisabz tumani hokimligiga 2018-yil 24-noyabr kuni taqdimnoma kiritgan, fuqaro Shuhrat Abdullayevga ushbu noqonuniy qurilishni o‘z kuchi bilan buzib olish haqida 2018-yil 25-noyabr kuni ogohlantirish xati bergan.

Yuqoridagi ogohlantirishdan qanoatlanmagan hamda noqonuniy qurilishni buzishdan bo‘yin tovlagan fuqaro Shuhrat Abdullayev 2018-yil noyabr oyining oxirida Shahrisabz tuman hokimligiga kelib, janjal ko‘targan hamda tuman hokimligi yuristini har xil so‘zlar bilan haqoratlab, tortishib qolgan.

Sarvar Primov, Shahrisabz tumani hokimligi axborot xizmati

Videoyozuvdagi holat va tuman hokimligi bayonoti yuzasidan “Daryo” muxbiri bilan suhbatlashgan fuqaro Shuhrat Abdullayevning ta’kidlashicha, videoda aks etgan ziddiyat 2018-yil 6-dekabr kuni yuz bergan. U qarovsiz yotgan chiqindixonani tozalab, o‘zboshimchalik bilan uy qurib olganini ham tasdiqladi.

Shuhrat Abdullayev sobiq chiqindixona o‘rnidagi yerni tozalab qurgan uyi.

“Oilada sakkiz o‘g‘ilmiz, shart-sharoitimiz juda og‘ir edi. Shu bois chiqindixona bo‘lsa-da, tozalab, ikki xonali uy qurgandim. Hokimlikka yordam so‘rab borgandim — Prezident tomonidan e’lon qilingan aksiya doirasida uyimni hujjatlashtirib olmoqchi edim. Ammo hokimlik yuristi menga qo‘pol muomalada bo‘lib, ‘bir oyda uyni tashlab, chiqib ket’ dedi”, — deydi u.

U yuristning oldidan chiqib ketayotganida, tegishli tashkilotlarga murojaat qilishini aytgan. Shundan so‘ng videodagi janjal boshlangan. “Yurist: ‘Borgan joyingga bor’, dedi. Men esa u hammaning ishini bitirib berayotganini, demak, qandaydir manfaati borligini aytib eshikdan chiqayotganimda, ortimdan kelib, ‘meni so‘kding’ deya ura boshladi”, — dedi fuqaro.

Shundan so‘ng u ham yuristga so‘kinib, qarshilik ko‘rsatgan. Ushbu jarayon fuqaroning ukasi Toir Abdullayev tomonidan videoga olingan — bu ishi uchun hokimlik vakillari uni ko‘pchilik bo‘lib quvlagan. “Ko‘pchilik bo‘lib quvlashdi. Yurist hokimlik qorovullariga ukamni ushlashni buyurdi. Hamma ukamni quvdi”, — deya qo‘shimcha qildi fuqaro.

Shahrisabz tuman hokimligi axborot xizmati rahbari Sarvar Primovning “Daryo” muxbiriga ma’lum qilishicha, mazkur voqea allaqachon sudda ko‘rib chiqilgan va aybdorlarga tegishli tartibda jazo tayinlangan. Biroq hokimlik vakili sud qarorini taqdim etmadi. Fuqaro Shuhrat Abdullayevning qo‘shimcha qilishicha, unga sud chaqiruv xati sud o‘tib bo‘lganidan so‘ng kelgan.

“Sudni ham shu yuristning o‘zi yopgan. Chunki menga chaqiruv qog‘ozi sud o‘tgach keldi. Sud qanday qaror chiqarganidan xabarim yo‘q”, — dedi Shuhrat Abdullayev. Fuqaro hamon o‘sha — sobiq chiqindixona o‘rnida qurgan ikki xonali uyida yashayapti, uni hujjatlashtirish ishlari esa hali ham bitmagan. Tuman hokimligi yuristi Farhod G‘aniyev ham o‘z ishida davom etmoqda.