Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti Li Myon Bak juda katta miqdorda pora olishda aybdor deb topildi va Seul Oliy sudi tomonidan 17 yil qamoq jazosiga hukm qilindi, deb xabar berdi “TASS”.

Foto: Yonhap

Sud unga nisbatan qamoq jazosidan tashqari 15,7 million dollar miqdorida jarima to‘lashi haqida ham qaror chiqardi.

Hozirda sobiq prezident 78 yoshda. U avvalroq ham korrupsiya uchun jazolangan: 2018-yilda u hibsga olingan, o‘sha yilning oktbrida sud uni 15 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Biroq oradan bir yarim yil o‘tgach, u salomatligi yomonlashgani tufayli qamoqdan ozod etilgan.

Li Myon Bak 2008—2013-yillarda Janubiy Koreya prezidenti bo‘lgan. Prezident bo‘lishidan avval u Seul shahri meri va Hyundai Engineering and Construction kompaniyasi bosh direktori bo‘lgan.

Sobiq prezident hujjatlarda avto ehtiyot qismlari sotish bilan shug‘ullangani aytilgan, aslida esa kompaniya hisob raqamidan yirik korporatsiyalar, xususan Samsung Electronics’dan pora undirish uchun ishlatilgan DAS kompaniyasi bilan aloqadorlikda ayblangan.

Samsung Electronics kompaniya soliq to‘lamagani uchun jinoyat ish ochilishining oldini olish uchun sobiq prezidentga pora berib kelgan.

Eslatib o‘tamiz, Li Myon Bakka nisbatan korrupsiya bo‘yicha ayblovlar 2018-yilda ilgari surilgan edi.  O‘shanda sobiq prezidentga nisbatan ayblovlar Jinoyat Kodeksining 16 ta, xususan poraxo‘rlik, pul o‘zlashtirish, soliq to‘lashdan bo‘yin tovlash, lavozimini suiiste’mol qilish, saylov qonunchiligini buzish kabi punktlarga asoslangani aytilgan edi.

Ma’lumot uchun, Janubiy Koreyani Li Myon Bakdan keyin ya’ni 2013—2017-yillarda boshqargan sobiq prezident Pak Kin Xe ham korrupsiyada ayblanib, 24 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan. Unga 18 ta band bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan, xususan korrupsiya, pora olish, mansabni suiiste’mol qilish, shuningdek, davlatga doir ma’lumotlarni oshkor qilish shular jumlasidandir.