Ukrainaning Poltava viloyatidagi Noviye Sanjari qishlog‘i aholisi hududdan o‘tuvchi yo‘lni to‘sib, trassani bo‘shatishga uringan politsiya bilan mojaroga bordi. Bu haqda Milliy politsiya viloyat boshqarmasi matbuot xizmati ma’lum qildi, deya xabar beradi “RBK”.
To‘planganlarning aniq soni ma’lum qilinmagan, biroq ulardan kamida 10 nafar tajovuzkor kayfiyatdagi shaxslar bilan “profilaktik suhbat” o‘tkazilgan.
Ukraina OAVlariga ko‘ra, norozilik aksiyasi ishtirokchilari Milliy gvardiyaning Noviye Sanjaridagi tibbiy qismida koronavirus o‘chog‘i bo‘lgan Xitoyning Uxan shahridan kelgan mamlakat fuqarolari joylashtirilishiga qarshi chiqqan.
Qishloqqa kirish va Vorskla daryosi ustidagi ko‘prik avtomobillar va shinalar bilan to‘silgani, shinalar hatto yoqib yuborilayotgani aytilmoqda. Huquq tartibot idoralari voqea joyiga zirhli texnika olib kelgan.
Izoh (0)